O‘zbekiston va Koreya o‘rtasida Erkin savdo to‘g‘risida bitim loyihasini tayyorlash yuzasidan olib borilayotgan ishlar muhokama qilindi, deb xabar bermoqda O‘zbekiston Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.
Bu haqda Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov hamda Koreya Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – iqtisodiyot va moliya vaziri Xong Nam Ki o‘rtasida bo‘lib o‘tgan muzokaralar davomida ma’lum bo‘ldi.
Muloqotda koronavirus tarqalishiga qarshi kurashishda hamkorlik qilish, investitsiyalar va savdo-iqtisodiy hamkorlikni chuqurlashtirish shuningdek, qator ikki tomonlama tadbirlarga tayyorgarlik ko‘rish masalalari muhokama qilindi.
O‘zbekiston tomoni pandemiyaga qarshi kurashda O‘zbekistonga ko‘rsatilayotgan yordam, xususan, “COVID-19 qarshi tezkor choralar dasturi”ni amalga oshirishga O‘zbekistonga 5 million dollarlik qo‘shimcha grant taqdim etish bo‘yicha qaror qabul qilingani uchun Koreya Hukumatiga minnatdorlik bildirdi.
Investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi. Jumladan, ikki mamlakatning tegishli vazirlik va idoralari ekspertlari tomonidan hozirgi vaqtda o‘rganilayotgan o‘zaro manfaatli yangi investitsiyaviy loyihalar shakllantirilgani ma’lum qilindi.
Koreya Eksimbanki, Iqtisodiy taraqqiyot jamg‘armasi (EDCF) va Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) bilan hamkorlikda hayotga tatbiq etilayotgan loyihalar ijrosini yanada jadallashtirishga doir navbatdagi tadbirlar rejalashtirildi. O‘zbekistonda istiqbolli loyihalarni suveren kafolatlarni taqdim etmasdan amalga oshirish maqsadida Iqtisodiy taraqqiyotga ko‘maklashish jamg‘armasi (EDPF) bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish imkoniyatlari ham ko‘rib chiqildi.
O‘zbekiston va Koreya o‘rtasida Erkin savdo to‘g‘risida bitim loyihasini tayyorlash yuzasidan olib borilayotgan ishlar muhokama qilindi. Tomonlar yuzaga kelayotgan masalalar bo‘yicha kelishuvga erishish hamda hujjatni yaqin vaqtda imzolashga tayyorlash bo‘yicha harakatlarni faollashtirish niyatida ekanliklarini bildirdilar.
Joriy yil oxirigacha Seul shahrida ikki mamlakat Bosh vazirlari o‘rinbosarlarining Kengashi hamda Savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston-Koreya Hukumatlararo qo‘mitasining yig‘ilishlarini, shuningdek, O‘zbekiston va Koreya ishbilarmon doiralari ishtirokida biznes-forum o‘tkazish bilan bog‘liq masalalar ham ko‘rib chiqildi.
Muzokaralar yakunida ikki mamlakatning tegishli vazirlik va idoralarini jalb etgan holda muhokama qilingan yo‘nalishlar bo‘yicha qo‘shma tadbirlarni faollashtirishga oid kelishuvga erishildi.
Izoh qoldirish