O‘zbekistonda 600 mln dollarlik shamol elektr stansiyasi quriladi

O‘zbekistonda 600 mln dollarlik shamol elektr stansiyasi quriladi

Dunyodagi eng yirik Mubadala investitsiya xoldingi (BAA) va uning bo‘linmasi bo‘lgan Masdar kompaniyasi O‘zbekiston energetika sektoriga investitsiyalar kiritmoqda.

Investitsiya va tashqi savdo vazirligida Masdar kompaniyasi bilan Navoiy viloyatida 400 MVt quvvatga ega shamol elektr stansiyasini qurish loyihasini amalga oshirish to‘g‘risida kelishuv imzolandi. Ushbu kelishuvga muvofiq, Masdar kompaniyasi shamol elektr stansiyasini loyihalashtirish, moliyalashtirish, qurish va ekspluatatsiya qilishni amalga oshiradi.

Qurilish uchun investitsiyalar hajmi 600 mln dollar miqdorida baholanmoqda, ishlarni 2020 yilning uchinchi choragida boshlab, ob’yektni 2022 yilda foydalanishga topshirish reja qilinmoqda.

Shuningdek, Mubadala kompaniyasi bilan «Tolimarjon IES» OAJ bazasida mavjud energobloklarni xususiylashtirish va yangilarini qurish loyihasini amalga oshirish to‘g‘risida kelishuv imzolandi. Kelishuv Tolimarjon energetika kompleksini xususiylashtirish, rivojlantirish, moliyalashtirish va ekspluatatsiya qilishning mexanizmlari va shartlarini belgilaydi. Amirlik tomonidan ob’yektning aksiyalarini sotib olish va xususiylashtirish jarayoni 2020 yilning uchinchi choragida reja qilingan.

O‘tgan yilning noyabr oyida Masdar kompaniyasi bilan Navoiy viloyatida umumiy quvvati 100 MVt bo‘lgan fotoelektr stansiyasini qurish bo‘yicha investitsiya kelishuvi imzolangan, oktyabr oyida Masdar kompaniyasi davlat-xususiy sheriklik (DXSh) asosida muqobil energetika sohasiga investitsiyalarni jalb qilish bo‘yicha O‘zbekiston tarixida birinchi ochiq tender g‘olibi deb e’lon qilingan edi.

O‘zbekiston hukumati hamda Masdar va Mubadala kompaniyalari o‘rtasida respublikada elektr stansiyalari qurish borasida hamkorlik qilish bo‘yicha kelishuv 2019 yil mart oyida O‘zbekiston prezidentining Birlashgan Arab Amirliklariga rasmiy tashrifi doirasida imzolangan.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar