2021 yilning 9 oylik yakunlariga ko‘ra O‘zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasining barcha savdo platformalarida tuzilgan bitimlarning umumiy hajmi 2020 yilning mos davriga nisbatan 61,5% ga o‘sib, 61 513,9 mlrd so‘mni tashkil qildi.
Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’yektlari ishtirokida tuzilgan bitimlarning umumiy hajmi 2020 yilning shu davriga nisbatan 56,8% oshib, 22 844,3 mlrd so‘mni tashkil etdi. Shu jumladan, tadbirkorlar birja orqali 14 682,9 mlrd so‘mlik tovar resurslarini xarid qilib, 8 161,4 mlrd so‘mlik mahsulot sotishdi.
Birja orqali 64,5 mln AQSh dollarlik mahsulotlar eksport qilindi.
Birja savdolari orqali 53 182,0 mlrd so‘mlik tovarlar sotilib, o‘sish 59,9% ni tashkil etdi. Sotuvchi korxonalar birja savdolari davomida real bozor narxlarining shakllanishi evaziga 4 892,5 mlrd so‘mlik qo‘shimcha daromad olishdi va bu 2020 yilning yanvar-sentyabr oylariga nisbatan 2,1 barobarga ko‘pdir.
Ko‘rib chiqilayotgan davr mobaynida elektron davlat xaridlari bo‘yicha tuzilgan bitimlarning umumiy hajmi o‘tgan yilga nisbatan deyarli 2,4 barobarga oshib, 6 755,7 mlrd so‘mga teng bo‘ldi. Bunda byudjet va korporativ buyurtmachilari mablag‘larining tejalishi 1,9 marotabaga o‘sib, 1 152,9 mlrd so‘mni tashkil qildi.
Elektron tijoratning V2V modelini aks etuvchi ko‘rgazma-yarmarka savdolarining hajmi joriy yil 9 oylik davrda 1 353,8 mlrd so‘mni tashkil etdi.
Ko‘rib chiqilayotgan davrda avtoraqam.uzex.uz vebsaytida onlayn-auksionlar orqali 221,1 mlrd so‘mlik 105,6 mingdan ziyod “chiroyli” avtoraqamlar sotildi. Bunda, avtoraqamlarning sotuvi son jihatdan 1,7 barobarga, qiymati bo‘yicha – 28,3% ga o‘sdi. Sotilgan avtoraqamning eng past bahosi – 450,5 ming so‘mni, eng qimmat avtoraqamning qiymati esa 441,5 mln so‘mni tashkil qildi. Tuzilgan bitta bitimning o‘rtacha qiymati 2,1 mln so‘mga teng bo‘ldi.
Izoh qoldirish