«O‘zsanoatqurilishbank» 2023 yilgacha xususiylashtiriladi

«O‘zsanoatqurilishbank» 2023 yilgacha xususiylashtiriladi

Vazirlar Mahkamasi tomonidan 29.03.2021 yildagi «O‘zsanoatqurilishbank» aksiyadorlik tijorat bankini Xalqaro moliya korporatsiyasi ishtirokida xususiylashtirish va transformatsiya qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 161-son qaror qabul qilindi.

«O‘zsanoatqurilishbank» ATB faoliyatini jahon tajribasi asosida transformatsiya qilish maqsadida Xalqaro moliya korporatsiyasi tomonidan ajratiladigan kreditni to‘liq yoki uning bir qismini bankning qo‘shimcha chiqariladigan oddiy aksiyalariga konvertatsiya qilish imkoniyati bilan 75,0 mln AQSh dollari miqdorida kredit liniyasi ochiladi.

Bank faoliyatining mustaqilligini ta’minlash maqsadida xususiylashtirishga tayyorgarlik ko‘rish jarayonida 2021 yilning dekabr oyi oxirigacha quyidagilarni nazarda tutuvchi chora-tadbirlar amalga oshiriladi:

  • bank kuzatuv kengashining yangi tarkibini bank strategiyasi yo‘nalishidan kelib chiqqan holda xalqaro bank tajribasiga ega mustaqil a’zolarni jalb qilish va ularning sonini besh nafarga yetkazish (bank kuzatuv kengashi a’zolari soni to‘qqiz nafar ekanligini inobatga olgan holda) orqali shakllantirish;
  • davlat ulushi mavjud tashkilotlar bilan har qanday operatsiyalarni tartibga soluvchi siyosatni joriy qilish va unga rioya qilish;
  • hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlariga kiritilgan loyihalarni moliyalashtirishda operatsion mustaqillik, bozor tamoyillari va xatarlarni boshqarish tizimidan kelib chiqqan holda bankning vakolatli boshqaruv organlari tomonidan mustaqil ravishda bank siyosati asosida qaror qabul qilish;
  • bank faoliyatiga xos bo‘lmagan yo‘nalishda tijorat tashkilotlarining ustav kapitaliga bank mablag‘larini investitsiya tariqasida jalb qilishni man etish va boshqalar.

Moliya vazirligi tomonidan bank bilan birgalikda ikki oy muddatda 2023 yil yakuniga qadar bankni xususiylashtirish jarayonini amalga oshirishga doir «yo‘l xaritasi» ishlab chiqiladi va taqdim etiladi.

Bank kuzatuv kengashi va boshqaruviga quyidagilar tavsiya etildi:

  • bosh ofis va filiallar tarmog‘i xodimlarini rag‘batlantirish mexanizmiga yuklangan vazifalarning bajarilishi, shu jumladan mijozlarning sadoqati va qoniqish darajasidan kelib chiqqan holda mehnat samaradorligini baholash tizimini (KPI) joriy etish jarayonini jadallashtirish;
  • bankning investitsiya faoliyati natijasida xarid qilingan va bank faoliyatiga xos bo‘lmagan aktivlarni sotish;
  • valyuta kreditlari ulushini kamaytirish bo‘yicha samarali choralar ko‘rish;
  • bank xizmatlarining jozibadorligini oshirish, zamonaviy va masofaviy xizmat turlarini, IT-texnologiyalarni qo‘llashni kengaytirish chora-tadbirlarini amalga oshirish.

Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 29.03.2021 yildan kuchga kirdi.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar