“O‘zikkilamchiranglimetall” Osiyo-Tinch okeani mintaqasi davlatlari bozoriga chiqmoqchi

“O‘zikkilamchiranglimetall” Osiyo-Tinch okeani mintaqasi davlatlari bozoriga chiqmoqchi

Yaqin vaqtda “O‘zikkilamchiranglimetall” o‘z mahsuloti bilan Osiyo-Tinch okeani mintaqasi davlatlari bozoriga chiqmoqchi. Bu esa yer shari aholisining qariyb yarmini tashkil etadi.

Zavod vakillari Xitoy, Hindiston, Malayziya, Indoneziya va Singapurdagi hamkorlar bilan muzokaralar olib borishmoqda. Bundan tashqari, joriy oyda Tailand delegatsiyasi Toshkentga tashrif buyurgan. Bu haqida korxona matbuot xizmati xabar qilmoqda.

Xususan, Tailandning Win Global Metal Co kompaniyasi “O‘zikkilamchiranglimetall”dan alyuminiy xarid qilishni rejalashtirgan. Dastlabki kelishuvlarga ko‘ra, birinchi bitim yil yakuniga qadar amalga oshishi mumkin.

Ta’kidlash lozimki, zavod mahsulotlari asosan Boltiqbo‘yi davlatlari, Angliya, Turkiya, MDH davlatlari hamda Gonkongga eksport qilinmoqda. Joriy yilda “O‘zikkilamchiranglimetall” ilk bor o‘z mahsulotini Afg‘oniston, Pokiston hamda qo‘shni Tojikistonga yetkazib berdi. Shu bilan birga zavodning strategik hamkorlari sifatida Turkiya, AQSh, Germaniya, Kanada, Hindiston, Yaponiya, Buyuk Britaniya hamda Shveysarining yirik metallurgiya korxonalarini ko‘rsatish mumkin.

Korxona vakillarining ma’lum qilishicha: “Joriy yilning 9 oyi davomida “O‘zikkilamchiranglimetall”ning eksporti 15 million dollardan oshdi. Bunda asosan alyuminiy, mis, jez, qo‘rg‘oshinning ikkilamchi qotishmalari yetkazib berilmoqda.

Shuningdek, zavod tomonidan respublikada qayta ishlanmaydigan nikel, titan va magniy chiqindilari va parchalari eksportga yuborilmoqda. Ular MDH va Yevropa davlatlariga yetkaziladi”.

Ta’kidlash lozimki, “O‘zikkilamchiranglimetall” Markaziy Osiyoda yagona sanalgan rangli metall chiqindilari va parchalarini tayyorlash va kayta ishlash, shuningdek rangli metall qotishmalari va xalq iste’mol mahsulotlarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan korxona hisoblanadi.

Bugungi kunda “O‘zikkilamchiranglimetall” –zamonaviy korxona bo‘lib, respublika bo‘ylab tayyorlov tashkilotlari tarmog‘iga ega va mahalliy iqtisodiyot tarmoqlarini sifatli rangli metall bilan ta’minlab kelmoqda.

Joriy yilning sentyabr oyida “O‘zikkilamchiranglimetall”ning ustavi kapitalidagi davlat ulushi xorijning SFI Management Group korxonasiga ishonchli boshqaruv asosida topshirilgan. Bundan korxona boshqaruvi tizimining samaradorligini oshirish maqsadi ko‘zlangan edi.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar