Mamlakatimizning Belgiyadagi elchixonasida O‘zbekiston mustaqilligining 30 yilligi munosabati bilan tantanali qabul marosimi o‘tkazildi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.
Tadbirda Yevropa Ittifoqi va Benilyuks mamlakatlarining siyosiy, ekspert-tahlil, ishbilarmon doiralari, diplomatiya korpusi vakillari hamda Yevropa mamlakatlarida yashovchi vatandoshlar ishtirok etdi.
O‘zbekistonning Benilyuks mamlakatlaridagi elchisi Dilyor Hakimov marosim qatnashchilarini qutlar ekan, mamlakatimizning mustaqil rivojlanish yillari davomida erishgan muvaffaqiyatlari, xususan, barcha sohalarni yanada modernizatsiyalash borasida amalga oshirilgan islohotlar natijalari haqida atroflicha fikr yuritdi. Diplomatiya vakolatxonasi rahbari joriy yil 24 oktyabr kuni bo‘lib o‘tadigan Prezident saylovi masalasiga alohida to‘xtaldi.
Elchi, shuningdek, O‘zbekiston va YeI o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlarning ijobiy dinamikasi, jumladan, joriy yil aprel oyida O‘zbekiston tomonidan YeI «GSP+» preferensiyalar umumiy tizimining benefitsiar maqomini olish, Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi yangi bitimni ishlab chiqish jarayonini faol targ‘ib qilish, shuningdek, O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishi jarayonida Yevropa tomonidan qo‘llab-quvvatlanish masalalariga ham alohida e’tibor qaratdi.
Ushbu marosim doirasida «Diplomatic World» jurnalining O‘zbekistonga bag‘ishlangan maxsus soni taqdimoti ham bo‘lib o‘tdi.
Maxsus sonda e’lon qilingan materiallarda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy islohotlar, respublikamizning investitsiya va turizm salohiyati, shuningdek, Yevropa Ittifoqining muhim hamkori va tahliliy markazlar uchun tadqiqot ob’yekti sifatida Yevropada katta qiziqish uyg‘otayotgani singari mavzular atroflicha qamrab olingan.
Qabul marosimi doirasida uning ishtirokchilari elchixona tomonidan tashkil etilgan o‘zbekistonlik taniqli fotograf Vladimir Kovrein asarlari ko‘rgazmasi, mamlakatimiz milliy madaniyati, san’ati va me’morchiligi, «Hunarmand» uyushmasi bilan hamkorlikda uyushtirilgan hunarmandchilik mahsulotlari ko‘rgazma-yarmarkasi bilan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Izoh qoldirish