Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tomonidan 2022 yilning 1-yarim yilligida O‘zbekiston avtomobil bozoridagi holat tahlil qilindi.
2022 yilning 1-yarmida O‘zbekistonda 712 mingta avtotransport vositalari oldi-sotdisi amalga oshirilgan bo‘lib, bu 2021 yilning 1-yarmiga nisbatan 2,1 barobar ko‘pdir.
Yil boshidan buyon mamlakatning barcha hududlarida avtomobil savdosi sezilarli darajada oshdi. Jumladan, eng yuqori o‘sish sur’atlari Namanganda 3 barobar (+45,4 ming), Andijonda 2,5 barobar (+32,2 ming), Buxoroda 2,4 barobar (+24,7 ming), Surxondaryoda 2,4 barobar (+23,9 ming) va Farg‘onada 2,4 barobar (+45,7 ming) qayd etildi.
1-rasm. Ro‘yxatga va qayta ro‘yxatga olingan avtomobillar soni o‘zgarishi
O‘sishning (375 mingta) 17 foizi respublikamizdagi ishlab chiqarish xajmlarining o‘sishi (64,4 mingta), 1 foizga yaqini importning o‘sishi (2,6 mingta), va qolgan 82 foizi ikkilamchi bozor xajmi o‘sishi evaziga to‘g‘ri keladi (308 mingta).
Birlamchi bozor
Umuman olganda, ro‘yxatga olingan avtotransport vositalari umumiy sonining 24% yangi transport vositalaridir. Birlamchi bozorda xarid qilingan avtomobillar soni (mahalliy ishlab chiqarish – 160,3 ming, xorijiy – 9,8 ming) 170 ming donani tashkil etib, 2022 yilning shu davriga (103 ming) nisbatan 1,6 barobarga (+67 ming) o‘sdi.
Jumladan, hududlar kesimida eng ko‘p o‘sish Toshkent shahrida - 1,7 barobar (+18 ming), Farg‘ona - 1,8 barobar (+6 ming), Samarqand - 1,6 barobar (+5,6 ming), Xorazm - 1,8 barobar (+5,6 ming), Andijon - 1,7 barobar (+4,9 ming) va Buxoro - 1,7 barobar (+4,8 ming) viloyatlarida kuzatildi.
Eslatib o‘tamiz, Prezident Shavkat Mirziyoyev joriy yilning fevral oyida O‘zbekistonda avtomobilsozlik sanoatini rivojlantirish bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi, unda O‘zbekistonda ichki talabni qondirish maqsadida joriy yilning birinchi yarmida 160 mingta, yil yakuniga qadar 275 mingta avtomobil ishlab chiqarish zarurligi ta’kidlandi.
Ikkilamchi bozor
2021 yilning birinchi yarmida ikkilamchi bozorda o‘rtacha 224 ming dona avtotransport vositalari sotilgan bo‘lsa, joriy yil boshidan buyon ushbu ko‘rsatkich 542 ming donani (o‘sish 308 ming) tashkil etdi.
Avtomobillar savdosining bunday keskin o‘sishi 2022 yil 1 yanvardan boshlab avtotransport vositalarini ro‘yxatdan o‘tkazish va qayta ro‘yxatdan o‘tkazish uchun yig‘imning, shuningdek, oldi-sotdi shartnomasini notarial tasdiqlaganlik uchun undiriladigan davlat boji to‘liq bekor qilinishi bilan bog‘liq.
2-rasm. Birlamchi va ikkilamchi avtomobil bozori (2021-2022)
Xorijiy avtomobillar savdosi
Joriy yilning 1-yarmida yangi chet elda ishlab chiqarilgan avtotransport vositalari oldi-sotdi shartnomalari soni 9,8 mingtani tashkil qilgan bo‘lib, ushbu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan 1,5 barobarga oshgan.
Chet elda ishlab chiqarilgan yangi avtomobillar savdosining 51 foizga yaqini Toshkent shahri hissasiga to‘g‘ri keladi. Hududlar kesimida bu ko‘rsatkich mos ravishda Toshkent - 9%, Qashqadaryo - 7%, Samarqand - 6%, Buxoro - 5%, Navoiy - 5%, Xorazm - 4% va Andijon - 3% viloyatlarida qayd etildi.
3-rasm. Yangi mahalliy yengil avtomobillar va xorijiy avtomobillar savdosi
Feruzbek Davletov, Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi Sektor mudiri
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi
tel: (78) 150 02 02 (417)
Izoh qoldirish