O‘zbekistonda tibbiyot turizmini rivojlantirishga start berildi

O‘zbekistonda tibbiyot turizmini rivojlantirishga start berildi

Toshkent shahridagi “Cloud’s” restoranida O‘zbekistonda tibbiyot turizmi salohiyatini rivojlantirishga start berildi. Tadbirni Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasining "Turizmning alohida turlarini rivojlantirish boshqarmasi" boshlig‘i Jamshid Gaziyev ochib berdi hamda mamlakatimizda turizmning ushbu yo‘nalishini rivojlantirishning ahamiyati haqida so‘z yuritdi. O‘zbekiston Respublikasida tibbiyot turizmi sohasiga alohida strategik ahamiyat berilmoqda.

Prezidentning 2018 yil 7 dekabrdagi «O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash tizimini tubdan takomillashtirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi 5590 - Qaroriga muvofiq, Vazirlar Mahkamasi «2019-2023 yillarda O‘zbekiston Respublikasida tibbiyot turizmini rivojlantirish strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida»gi loyihasini ishlab chiqdi. O‘zbekistonda turizm va tibbiyot sohalarida o‘tkazilayotgan islohotlar samaradorligini oshirish, bu borada chet ellik fuqarolarning mamlakatimizga kirib kelishini ko‘paytirish maqsadida “Medtravel Global System” NNT tashkil qilingan edi.

28 noyabr kuni Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi qo‘llab-quvvatlashi ostida faoliyati O‘zbekistonda tibbiyot turizmi salohiyatini rivojlantirishga qaratilgan “Medtravel Global System” global loyihasi taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Loyihaning asosiy maqsadi nafaqat davlatimiz ichida, balki uning tashqarisida ham davolash-kurort hududlariga bo‘lgan talabni ko‘paytirish orqali xalqaro maydonda O‘zbekistonning ijobiy imijini shakllantirishdir.

“Medtravel Global System” platformasi sog‘liq, go‘zallik madaniyati va hayot sifati masalalariga e’tiborni qaratuvchi yangi “ANATOMICÁ” jurnali tashabbuskori hisoblanadi. Jurnal aholi o‘rtasida tibbiy bilimni kengaytirish va O‘zbekistondagi tibbiy xizmatlarga bo‘lgan ishonchni yanada oshirish maqsadida tashkil etilgan. Nashr o‘zbek va rus tillarida chop etiladi. Ingliz tilida so‘zlashuvchi insonlar uchun www.anatomica.uz saytida jurnalning ingliz tilidagi digital talqini ishlab chiqilgan. Jamoaning maqsadi – ko‘p millatli mamlakatimizning har bir xonadonigacha kirib borib, haqiqiy sayyohlar qo‘lidan va ko‘nglidan joy olishdan iborat.

Jurnal “Medtravel Global System” platformasining butun dunyo bo‘yicha tashrif qog‘oziga aylanishi kutilmoqda.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar