Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida bo‘lib o‘tadigan tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirining birinchi o‘rinbosari Ilhom Norqulov, Moliya vaziri o‘rinbosari Jamshid Abruyev, YuNISEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi ijtimoiy-siyosat bo‘yicha maslahatchisi Umid Aliyev, Jahon banki eksperti Vinayak Nagaraj ishtirok etadi.
O‘zbekistonda minimal iste’mol xarajatlari qiymatining dastlabki hisob-kitoblari e’lon qilinishi kutilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Oliy Majlisga Murojaatnomasida islohotlarning ijtimoiy yo‘naltirilganligini oshirish, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari daromadlarini maqsadli qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan vazifalar majmui e’lon qilindi. Shu nuqtai nazardan davlat ijtimoiy siyosatining yangi bosqichiga o‘tish uchun vosita sifatida minimal iste’mol xarajatlarini aniqlash muayyan vazifa qilib belgilandi.
Qayd etish kerakki, O‘zbekistonda birinchi marta rasmiy darajada minimal iste’mol xarajatlarini baholash e’lon qilinadi va bajarilgan ishlar va uning natijalari haqida tushuntirishlar beriladi.
Aholining minimal iste’mol xarajatlari (MIX) - inson hayoti uchun zarur bo‘lgan mahsulot, tovar va xizmatlarining minimal to‘plamidir.
Iste’molchilarning minimal xarajatlarini aniqlash juda qiyin va ko‘p vaqt talab qiladigan vazifadir. Uning echimi juda katta ijtimoiy samara beradi, chunki iste’molchilarning minimal xarajatlari eng kam ish haqi va pensiyalarni, asosiy ijtimoiy nafaqalarni: ishsizlik nafaqalari, bolalarni boqish, boquvchisini yo‘qotish, stipendiyalar va boshqalarni belgilash bo‘yicha hisob-kitoblarga asoslanadi.
Izoh qoldirish