Farg‘ona vodiysida mahallalarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha rejalar tahlil qilindi (+video)

Farg‘ona vodiysida mahallalarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha rejalar tahlil qilindi (+video)

Bugungi kunda O‘zbekiston Respublikasining barcha hududlarida, jumladan Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlari mahallalarida kambag‘allik va ishsizlikni qisqartirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash hamda og‘ir tumanlarni jadal rivojlantirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar va yangi islohotlar amalga oshirilmoqda.

Amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida 2025 yilda respublika bo‘yicha 5,4 mln nafar aholi daromadli mehnatga jalb etildi. Ishsizlik darajasi 5,5 foizdan 4,8 foizga, kambag‘allik darajasi esa 8,9 foizdan 5,8 foizga pasaydi.

Jumladan, Farg‘ona vodiysida yalpi hududiy mahsulot hajmi 304,4 trln so‘mdan oshib, Farg‘ona viloyatida 111,3 trln so‘mni, Andijon viloyatida 107,7 trln so‘mni va Namangan viloyatida 85,4 trln so‘mni tashkil etdi. O‘sish sur’ati o‘tgan yilga nisbatan 7,7 foizni tashkil etib, Namangan viloyatida 8,2 foiz, Farg‘ona viloyatida 8,1 foiz va Andijon viloyatida 6,8 foizga teng bo‘ldi. Farg‘ona vodiysining respublika yalpi ichki mahsulotidagi ulushi 16 foizni tashkil etmoqda.

2017–2025 yillar mobaynida amalga oshirilgan islohotlar natijasida Farg‘ona vodiysining yalpi hududiy mahsulotida real o‘sish 72,2 foizni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich respublika bo‘yicha o‘rtacha 67,5 foizga teng bo‘lib, hudud yalpi hududiy mahsuloti 64,5 trln so‘mdan 304,4 trln so‘mga yetdi.

O‘zbekistonda mahallalarni rivojlantirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi. So‘nggi yillarda aholining turmush sharoitini yaxshilash, infratuzilmani modernizatsiya qilish va daromad manbalarini ko‘paytirish bo‘yicha tizimli ishlar olib borilmoqda.

Davlat rahbari tomonidan 2026 yil “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” deb e’lon qilinib, mahallalar infratuzilmasini yaxshilash, aholi daromadlarini oshirish va ish bilan band qilish bo‘yicha qator vazifalar belgilandi. Jumladan, 2026 yil davomida:

respublika bo‘yicha 1 million aholini doimiy ish bilan ta’minlash, shundan Farg‘ona vodiysida 264 ming nafar aholini (Farg‘ona viloyatida 97 ming, Andijon viloyatida 87 ming, Namangan viloyatida 80 ming);

181 ming oilani kambag‘allikdan chiqarish, shundan Farg‘ona vodiysida 51,5 ming oilani (Farg‘ona viloyatida 19 ming, Andijon viloyatida 18 ming, Namangan viloyatida 14,5 ming);

kambag‘allikdan xoli mahallalar sonini 2,5 barobar oshirib, 3,5 mingtaga yetkazish, shundan Farg‘ona vodiysida 1 071 ta mahallani (Farg‘ona viloyatida 406 ta, Namangan viloyatida 389 ta, Andijon viloyatida 276 ta);

ishsizlik va kambag‘allik darajasini 4,5 foizga tushirish vazifalari belgilangan.

Tumanlarda o‘tkazilgan o‘rganishlar natijasida infratuzilma bilan ta’minlanganlik darajasi, turmush darajasi, biznes faollik ko‘rsatkichlari va moliyaviy imkoniyatlar kabi 20 ta mezon asosida 37 ta “og‘ir” tuman va 903 ta “og‘ir” mahalla aniqlandi. 2026 yilda ushbu hududlar aholisi turmush darajasini yanada yaxshilashga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish vazifasi qo‘yildi.

Qayd etilishicha, mazkur hududlarda mamlakatdagi kambag‘al oilalarning taxminan uchdan biri va ishsiz aholining 21 foizi jamlangan.

Farg‘ona vodiysida 8 ta “og‘ir” tuman, jumladan Andijon viloyatida 3 ta (Bo‘ston, Ulug‘nor, Paxtaobod), Farg‘ona viloyatida 3 ta (Furqat, Bog‘dod, So‘x) va Namangan viloyatida 2 ta (Mingbuloq, Yangiqo‘rg‘on), shuningdek 209 ta “og‘ir” mahalla (Farg‘ona viloyatida 125 ta, Andijon viloyatida 52 ta, Namangan viloyatida 32 ta) tanlab olingan.

Shuningdek, 33 ta tuman, jumladan Farg‘ona vodiysida 8 ta tuman va 330 ta mahallada “Yangi O‘zbekiston” qiyofasini shakllantirish bo‘yicha alohida rejalar ishlab chiqilgan.

Belgilangan rejalarga muvofiq, 2026 yilda mahallalar infratuzilmasini rivojlantirish uchun jami 20 trln so‘m mablag‘ yo‘naltiriladi. Shundan 12 trln so‘m to‘g‘ridan-to‘g‘ri “og‘ir” tuman va mahallalarga ajratiladi. Respublika byudjetidan mahalliy byudjetlarga qaytariladigan mablag‘lar hajmi ikki barobar oshirilib, 4,2 trln so‘mga yetkaziladi.

Moliyalashtirish doirasida yo‘l, suv va elektr ta’minoti, kichik sanoat zonalari va servis infratuzilmasini yaxshilash uchun har bir “og‘ir” tumanga 10 mlrd so‘m, har bir “og‘ir” mahallaga esa 1 mlrd so‘mdan ajratilishi, shuningdek qo‘shimcha ravishda yana bir necha trillion so‘mlik resurslar yo‘naltirilishi belgilangan.

Davlat rahbari tomonidan ishsizlik va kambag‘allikni qisqartirishda mahallalar ixtisoslashuvini chuqurlashtirish zarurligi ta’kidlanib, chuqur ixtisoslashgan mahallalarda turmush farovonligi yuqoriligi va ijtimoiy yordam oluvchilar soni ikki barobar kamligi qayd etilgan.

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tomonidan hokim yordamchilari o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovnoma natijalariga ko‘ra, Farg‘ona viloyatida 93 foiz, Namangan viloyatida 91 foiz va Andijon viloyatida 89 foiz hokim yordamchilari so‘nggi ikki yilda mahallalar ixtisoslashuvi mahsulot ishlab chiqarish hajmini oshirishga xizmat qilganini bildirgan. Shuningdek, Namangan viloyatida 76 foiz, Andijon viloyatida 74 foiz va Farg‘ona viloyatida 72 foiz hokim yordamchilari mahallalarda soliq to‘lovlari o‘z vaqtida to‘lanishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatganini ta’kidlagan.

So‘rovnoma tahlillari shuni ko‘rsatdiki, hozirgi kunda Farg‘ona vodiysida mahallalarning 10 foizi chuqur ixtisoslashgan (Farg‘ona viloyatida 14 foiz, Andijon viloyatida 9 foiz, Namangan viloyatida 8 foiz), 88 foizi esa o‘rta ixtisoslashgan mahallalar toifasiga kiradi.

Mahallalar ixtisoslashuvini kengaytirish mumkin bo‘lgan yo‘nalishlar sifatida hokim yordamchilarining 51 foizi chorvachilikni, 47 foizi dehqonchilikni, 24 foizi tikuvchilikni va 24 foizi bog‘dorchilikni qayd etgan.

Shuningdek, mahallalarda ixtisoslashuvni rag‘batlantirish maqsadida tomorqa yer egalari va dehqon xo‘jaliklari uchun qo‘shimcha moliyaviy mexanizmlar joriy etilishi belgilangan. Jumladan, sertifikatlangan ko‘chatlar xarid qilish xarajatining yarmi byudjet hisobidan qoplab berilishi, mevaning turiga qarab “shpaler”lar uchun 20 ming so‘mdan 70 ming so‘mgacha subsidiya ajratilishi hamda tomorqada tomchilab sug‘orishni joriy qilganlarga har bir sotix uchun 160 ming so‘m kompensatsiya to‘lanishi ko‘zda tutilgan.

Xulosa o‘rnida, mazkur aniq maqsadli va manzilli chora-tadbirlar aholi turmush sharoitini yaxshilash, daromad manbalarini kengaytirish va turmush farovonligini oshirishga xizmat qilishi qayd etildi.

Bahodir Xolmirzayev

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar