Navoiy viloyatidagi tuman va mahalalarning kompleks rivojlantirilishi

Navoiy viloyatidagi tuman va mahalalarning kompleks rivojlantirilishi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 10 fevral kuni Navoiy viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish hamda kelgusidagi ustuvor vazifalar yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi.

2025 yil yakunlariga ko‘ra, viloyatda yalpi hududiy mahsulot 168 trillion so‘mni tashkil etib, 7,7 foizga o‘sdi. Sanoatda 8,3 foiz, qishloq xo‘jaligida 4,7 foiz, xizmatlar sohasida 13,7 foiz o‘sish qayd etildi. 161 mingta yangi ish o‘rni yaratildi, ishsizlik va kambag‘allik darajasi 4,2 foizga tushdi.

Yig‘ilishda 2026 yilda viloyatga 4,2 milliard dollar xorijiy investitsiya jalb qilish va eksport hajmini 1,5 milliard dollarga yetkazish muhimligi qayd etildi.

Qishloq xo‘jaligida 9 million gektar yaylov resurslaridan samarali foydalanish orqali qo‘ychilik, tuyachilik va yilqichilikni drayverga aylantirish imkoniyati borligi ta’kidlandi. 2026 yilda xorijdan mayda shoxli mol, zotli tuya va otlar olib kelinadi. 3,3 million gektar yaylov qishloq xo‘jaligi aylanmasiga kiritiladi. Cho‘llanishga qarshi Xitoy tajribasi asosida loyihalar amalga oshiriladi.

Turizm sohasida 2026 yilda 600 ming xorijiy va 3 million mahalliy sayyohni jalb qilish, 72 ta yangi joylashtirish vositasini ishga tushirish va 500 ta yangi ish o‘rni yaratish rejalashtirilgan. 65 ta mahallani bog‘lovchi ko‘chalarda savdo va dam olish markazlari tashkil etiladi, 18 ta mahallada mehmon uylari, 15 ta xalqaro yo‘l bo‘yi mahallalarda xizmat ko‘rsatish ob’yektlari ochiladi.

Og‘ir” tumanlar bilan ishlashning yangi mexanizmi

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tahlillariga ko‘ra, so‘nggi davrda respublikada 37 ta “og‘ir” tuman va 903 ta “og‘ir” mahalla bilan ishlash davlat darajasiga ko‘tarildi. 20 ta mezon asosida ushbu hududlar aniqlandi.

Navoiy viloyatida Navbahor va Konimex tumanlari “og‘ir” tuman sifatida tanlangan.

O‘rganish natijalariga ko‘ra, Konimex tumanida: kambag‘allik darajasi — 4,1%; tadbirkorlik yashovchanligi — 55,3%; uy-joy bilan ta’minlanganlik — 8,6%; urbanizatsiya — 45,6%; toza ichimlik suvi — 61,7%; ichki yo‘llar ta’mirlanganligi — 51,3%; oqava suv infratuzilmasi — 16,1%ni tashkil etadi.

Navoiy viloyatida 12 ta “og‘ir” mahalla tanlangan. Respublika bo‘yicha esa kambag‘al oilalarning uchdan biri (121 ming oila) va ishsizlarning 21 foizi (155 ming nafar) aynan 37 ta “og‘ir” tuman va 903 ta mahallaga to‘g‘ri keladi.

Moliyaviy qo‘llab-quvvatlash mexanizmiga ko‘ra:

  • mahalliy byudjetlarga 4,2 trln so‘m qaytariladi;
  • har bir “og‘ir” tumanga mahalliy byudjetdan 10 mlrd so‘m, respublika byudjetidan 50 mlrd so‘m;
  • har bir “og‘ir” mahallaga mahalliy byudjetdan 1 mlrd so‘m, respublika byudjetidan 2 mlrd so‘m;
  • jami qo‘shimcha 4 trln so‘m (2 trln tumanlarga, 2 trln mahallalarga) ajratiladi;
  • joriy yilda mahalla infratuzilmasi uchun jami 20 trln so‘m, shundan 12 trln so‘m “og‘ir” hududlarga yo‘naltiriladi.

63 ming xonadon “yashil” ta’mirdan chiqariladi. Ixtisoslashuv darajasi yuqori bo‘lgan 1 ming ilg‘or mahallada kichik quyosh stansiyalari qurilib, 7 yil muddatga foizsiz lizingga beriladi. Loyiha 3–4 yilda o‘zini qoplaydi va 20–25 yil davomida mahalla byudjetiga 400–500 million so‘m daromad keltiradi.

2026 yil yakuniga qadar 37 ta “og‘ir” tuman va 903 ta mahallada 61 ming oila kambag‘allikdan chiqarilib, ishsizlik va kambag‘allik darajasi ikki barobar kamaytiriladi. Shuningdek, 33 ta tuman va 330 ta mahalla “ishsizlik va kambag‘allikdan xoli” hududga aylantirilib, 96 ming oila kambag‘allikdan chiqariladi.

Pirovardida, “tayyor mahalla loyihalari” paketini taklif qilish orqali tadbirkorlarni jalb etish va aholi farovonligini oshirishga erishish maqsad qilingan.

Ardasher Murtazayev

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar