Jizzax viloyatida kambag‘allikni qisqartirish va aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha yangi vazifalar belgilab berildi (+video)

Jizzax viloyatida kambag‘allikni qisqartirish va aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha yangi vazifalar belgilab berildi (+video)

Davlatimiz rahbari raisligida yaqinda kambag‘allikni qisqartirish va aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha 2026 yilda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan asosiy vazifalarga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilishda mamlakatimiz hududlarida, jumladan Jizzax viloyatida kambag‘allikni qisqartirish, og‘ir tumanlar va og‘ir mahallalarni rivojlantirish, aholi daromad manbalarini kengaytirish hamda aholi kayfiyatini oshirish orqali odamlarni rozi qilishga qaratilgan yangi islohotlar muhokama qilindi.

Ta’kidlanganidek, Jizzax viloyatida kambag‘allikni qisqartirish yuzasidan 2025 yilda salmoqli ishlar amalga oshirildi. Amalga oshirilgan chora-tadbirlar aniq raqamlar bilan o‘z tasdig‘ini topmoqda. Xususan, 2025 yilda 83,4 ming oila kambag‘allikdan chiqarilib, viloyatda kambag‘allik darajasi 11,8 foizdan 5,8 foizgacha pasaydi. 2026 yilda esa ushbu ko‘rsatkichni 2,8 foizga tushirish rejalashtirilgan. Shu bilan birga, ishsizlik darajasi o‘tgan yili 5,8 foizdan 4,9 foizgacha qisqardi.

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tomonidan Jizzax viloyatining barcha shahar va tumanlaridagi 39 ta mahallada joylashgan 500 ga yaqin kambag‘al xonadonlar chuqur o‘rganildi. O‘rganish jarayonida ularning kambag‘allikdan chiqish imkoniyatlari, kambag‘allikka tushib qolish sabablari tahlil qilinib, ushbu holatdan chiqarish bo‘yicha aniq takliflar ishlab chiqildi. Tahlillar so‘nggi yillarda, jumladan 2025 yilda kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha juda katta ishlar amalga oshirilganini ko‘rsatdi.

Daromadi kambag‘allik chegarasidan past bo‘lgan har bir uy xo‘jaligiga davlat tashkilotlaridan rahbar xodimlar biriktirilib, ularning holatidan muntazam xabar olish, daromadlarini oshirish uchun turli iqtisodiy instrumentlardan foydalanish choralari ko‘rildi. Ayniqsa, mahalla “yettiligi” tomonidan amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar aholining moliyaviy ahvolini yaxshilashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Videoselektor yig‘ilishida 1 million nafar aholini qamrab olgan holda ularni kambag‘allikdan chiqarish va bandligini ta’minlash choralari belgilab berildi. Ushbu dastur doirasida Jizzax viloyatida 41 ming nafar aholini qamrab olish rejalashtirilgan bo‘lib, ularning 35 foizini doimiy ish o‘rinlariga joylashtirish, 31 foizini tadbirkorlikka jalb etish, 16 foiz aholining daromadlarini oshirish choralarini ko‘rish ko‘zda tutilgan. Shuningdek, norasmiy band aholini rasmiylashtirish, kasb-hunarga o‘qitish orqali ularning daromadlarini ko‘paytirish va barqaror bandligini ta’minlash belgilandi.

Yig‘ilishda Davlatimiz rahbari tomonidan respublika bo‘yicha 37 ta og‘ir tuman va 903 ta og‘ir mahalla qayd etilib, Jizzax viloyatida 3 ta og‘ir tuman — Arnasoy, Mirzacho‘l va Forish tumanlari belgilandi. Ushbu tumanlarga Respublika va viloyat byudjetlaridan qo‘shimcha mablag‘lar ajratish rejalashtirilgan. Shuningdek, viloyatdan 36 ta mahalla og‘ir mahallalar ro‘yxatiga kiritildi.

Og‘ir mahallalarni rivojlantirish doirasida yashil energetikani joriy etish, mahallalar ixtisoslashuvi uchun ichki yo‘llar, ichimlik suvi va sug‘orish infratuzilmasini yaxshilash, subsidiya va ssudalar tizimini kengaytirish, tut plantatsiyalari barpo etish va pilla yetishtirishga subsidiyalar ajratish choralari belgilandi. Shuningdek, og‘ir mahallalarda oilaviy kredit stavkalarini 12 foizgacha tushirish, kredit hajmini oshirish, avvalgi 33 million so‘mlik oilaviy kreditlar miqdorini 1,5 barobarga oshirib, 50 million so‘mgacha imtiyozli va garovsiz kreditlar ajratishni yo‘lga qo‘yish rejalashtirildi.

Qayd etilganidek, ushbu yangi islohotlar “islohotlarni mahalladdan boshlash” tamoyili asosida mahallani kompleks rivojlantirish orqali xalq farovonligini oshirish, jamiyatni yuksaltirishdek buyuk ezgu maqsadlarga xizmat qiladi.

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi

Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘lmi

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar