Davlat rahbari avval o‘tgan besh yildagi natijalarga qisqacha to‘xtalib o‘tdi:
2017-2021 yillarda mamlakatni rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini qabul qildik. Uning doirasida 300 ga yaqin qonun, 4 mingdan ziyod Prezident farmoni va qarori qabul qilindi.
Xalq hokimiyatini mustahkamlash, parlamentarizmni rivojlantirish va davlat organlari hisobdorligini ta’minlashga qaratilgan keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirildi.
So‘nggi besh yilda mamlakatimiz iqtisodiyoti 24 foizga, sanoat – 34 foizga, eksport hajmi 1,5 barobarga, xorijiy investitsiyalar hajmi esa 3 barobarga o‘sgani biz qo‘lga kiritgan yuqori natijalardan dalolat beradi. Shu davrda o‘rtacha oylik ish haqi 2,2 marta ko‘paydi.
Mavjud zaxira va imkoniyatlarimizni safarbar etgan holda kelgusi besh yilda aholi jon boshiga yalpi ichki mahsulotni 1,6 barobar oshirish vazifasi oldimizda turibdi.
Shu tariqa 2030 yilga borib aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan daromadni 4 ming dollardan oshirib, “daromadi o‘rtachadan yuqori bo‘lgan davlatlar” qatoriga kirishga puxta zamin yaratgan bo‘lamiz.
Albatta, bu oson vazifa emas. Bunga erishish uchun, avvalo, iqtisodiyotda ilm va innovatsiyalarga asoslangan rivojlanish hisobidan yangi texnologiyalar va qo‘shilgan qiymat zanjirlarini ko‘paytirish orqali mehnat samaradorligida tub o‘zgarishlar qilishimiz shart.
Shavkat Mirziyoyev taqdim etayotgan Yangi O‘zbekiston strategiyasiga ko‘ra, kelgusi besh yilda:
- sanoat mahsulotlari hajmi 1,4 barobar, mehnat unumdorligi esa kamida 2 marta oshiriladi;
- mis va boshqa mahsulotlar ishlab chiqarish hajmi 2 martaga oshadi va 8 milliard dollarlik mahsulot ishlab chiqarishga asos yaratiladi;
- tabiiy gazni qayta ishlash darajasini 8 foizdan 20 foizga oshirish orqali kimyo sanoatida 2 milliard dollarlik mahsulot ishlab chiqariladi;
- raqamli iqtisodiyotning hajmi kamida 2,5 barobarga oshirilib, 4 milliard dollarga yetkaziladi;
- har bir xonadon va ijtimoiy muassasa maqbul narxda yuqori tezlikdagi internetga ulanadi, magistral avtomobil yo‘llari 100 foiz mobil aloqa va internet bilan qamrab olinadi;
- xalqaro magistral internet tezligi – 5 barobarga, tumanlararo tarmoqlar tezligi – 8 barobarga oshiriladi.
-
2023 yil oxirigacha inflyasiya darajasi 5 foizga tushiriladi. Davlat byudjeti taqchilligi yalpi ichki mahsulotga nisbatan 2,5 foizdan oshmasligi ta’minlanadi.
-
Bevosita aholining talablari asosida yiliga 1,5 – 2 trillion so‘m mablag‘ joylardagi eng dolzarb muammolarni hal etishga sarflanadi.
-
Yangidan jalb qilinadigan yillik tashqi qarz miqdori 5 milliard dollardan, umumiy davlat qarzi esa yalpi ichki mahsulotning 50-60 foizidan oshmasligi ta’minlanadi.
-
Kelgusi besh yilda 120 milliard dollar, shundan kamida 70 milliard dollar xorijiy investitsiyalar jalb qilinadi.
-
Mamlakatimizning eksport salohiyati 1,7 barobar oshirilib, 2026 yilda 30 milliard dollarga yetkaziladi.
"Yashil iqtisodiyot"ni joriy qilish borasida kelgusi besh yilda:
- quvvati 5 ming megavattdan ortiq bo‘lgan shamol, quyosh va gidro elektr stansiyalar ishga tushiriladi. Natijada, yiliga qariyb 3 milliard kub metr tabiiy gaz tejaladi.
- elektromobillar ishlab chiqarish va ulardan foydalanishni rag‘batlantirish bo‘yicha, alohida dastur qabul qilinadi.
- kelgusi yilning o‘zida Toshkent shahri jamoat transportida 320 ta elektrobus qatnovi yo‘lga qo‘yiladi.
- “Yashil iqtisodiyot”ni rivojlantirish maxsus jamg‘armasi tashkil etiladi.
- iqtisodiyotning energiya samaradorligi 20 foizga oshadi, atmosferaga chiqariladigan zararli gazlar hajmi 10 foizga qisqaradi.
2026 yil yakunigacha kambag‘allikni kamida 2 barobar qisqartirish uchun qilinishi lozim bo‘lgan ishlar haqida:
Tadbirkorlikni yanada qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratiladi. Biznes sohasiga imkoniyatlarni kengaytirish, soliq turlari va uning yukini kamaytirish bo‘yicha tizimli ishlarimizni izchil davom ettiramiz.
2020 yilda qo‘shilgan qiymat solig‘i stavkasini 20 foizdan 15 foizga tushirgan edik. Endi, zarur tayyorgarlik ishlarini ko‘rgan holda 2023 yildan boshlab ushbu soliq stavkasini 15 foizdan 12 foizga tushiramiz.
Kelgusi yili korxonalarning mol-mulk solig‘i stavkasi 2 foizdan 1,5 foizga kamaytiriladi.
Yana bir yangilik – 2023 yildan yuridik shaxslarning mol-mulk va yer soliqlarini birlashtirib, yagona ko‘chmas mulk solig‘i joriy qilinadi.
Hozirgi vaqtda bank, moliya, telekommunikatsiya kabi tadbirkorlik yo‘nalishlarida foyda solig‘i stavkasi har xil bo‘lib, ular amaldagi 20 foizdan 15 foizga tushiriladi va barcha tadbirkorlar uchun bir xil bo‘ladi.
Tuman va shaharlardagi mavjud bir nechta tadbirkorlikka ko‘maklashadigan tuzilmalar negizida Tadbirkorlar kengashi tashkil etiladi.
Shavkat Mirziyoyev ehtiyojmand aholi qatlamlarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash ishlarini yangi bosqichga ko‘tarish zarurligini ta’kidladi. Bunda:
- ehtiyojmand aholini ijtimoiy nafaqa va moddiy yordam bilan ta’minlash darajasi hozirgi 60 foizdan 100 foizga yetkaziladi. Ularning barchasi davlat tomonidan kafolatlangan bepul tibbiy yordam bilan ta’minlanadi;
- bazaviy pensiya hisoblashda ish haqining chegaraviy miqdori hozirgi 10 barobardan 12 barobarga oshiriladi. Bu – 2 million nafar fuqaroning pensiyasi kamida 20 foizga oshadi, degani;
- uy-joyga muhtoj fuqarolarga turar-joylarni ijtimoiy ijaraga berish tizimi joriy etiladi;
- nogironligi bo‘lgan shaxslarning bandligini 3 barobar oshirishni ko‘zda tutuvchi, kasbga o‘qitish va ish bilan ta’minlash Milliy dasturi ishlab chiqilib, amalga oshiriladi;
- ehtiyojmand oilalarning qizlari uchun oliy ta’lim grantlari yildan-yilga oshirib boriladi va 2026 yilda 6 mingga yetkaziladi.
Yangi O‘zbekiston strategiyasida maktabgacha, maktab va oliy ta’lim tizimlaridagi vazifalar:
- maktabgacha ta’limdagi qamrov darajasi, hozirgi 62 foizdan kamida 80 foizga yetkaziladi;
- maktab ta’limi tizimi uchun o‘quv dasturlari va darsliklar ilg‘or xorijiy tajriba asosida to‘la qayta ishlanib, 2026 yilga qadar amalda joriy etiladi;
- oliy ta’limga qamrov darajasini 50 foizga yetkazish bilan birga asosiy e’tibor ta’lim sifatini oshirishga qaratiladi. 2026 yilga qadar kamida 10 ta oliygoh nufuzli xalqaro reytinglarga kiritiladi;
- talabalarning yashash sharoitini yaxshilash uchun kelgusi besh yilda qariyb 100 ming o‘rinli talabalar yotoqxonalari barpo etiladi;
- oliy ta’limda raqobat muhitini kuchaytirish maqsadida 2026 yilgacha xususiy oliygohlar soni kamida 50 taga yetkaziladi.
- doktoranturaga qabul davlat buyurtmasi hamda manfaatdor tashkilotlar mablag‘lari hisobidan to‘lov-grant asosida joriy etiladi.
- olimpiya va milliy sport turlari bo‘yicha har ikki yilda o‘tkaziladigan umumrespublika sport o‘yinlari – Milliy olimpiada tizimi joriy etiladi.
Fuqarolarning sog‘lig‘ini asrab-avaylash masalasi eng muhim vazifalardan biri bo‘lishini shart. Bunda:
- birlamchi bo‘g‘iniga ajratiladigan mablag‘lar 2 barobar oshirilib, asosiy e’tibor xonadonbay tibbiy profilaktikaga qaratiladi;
- 46 ta tumanlararo perinatal markazlari barpo etiladi, nogironligi bo‘lgan bolalarni sog‘lomlashtirish uchun Respublika bolalar tibbiy reabilitatsiya markazi va uning filiallari tashkil qilinadi;
- tibbiy xizmatlardagi xususiy sektorning ulushi hozirgi 12 foizdan 25 foizga yetkaziladi;
- 11 ta tibbiyot oliygohi transformatsiya qilinib, ularning qoshida klinikalar tashkil etiladi;
- sanitariya-epidemiologiya xizmatining xalqaro maqomga ega 250 dan ziyod laboratoriyalari tashkil etiladi.
Izoh qoldirish