24 oktyabr kuni mamlakatimizda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi bo‘lib o‘tadi. Mamlakatimizda saylovga tayyorgarlik jarayonlari esa allaqachon boshlab yuborilgan.
Prezidentlikka nomzodlar o‘z saylov dasturlarini e’lon qilishdi. Shu bilan birga joylarda saylovoldi uchrashuvlari o‘tkazilib kelinmoqda. Ayni damlarda mamlakatimiz bo‘ylab saylov jarayonlari avj pallada olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, 2021 yil 23 iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligi sayloviga rasman start berildi. Siyosiy partiyalar o‘z nomzodlarini ilgari surdi va Quriltoy majlislarida O‘zbekiston Prezidentligiga nomzodlar tasdiqlandi.
Bugungi kunda O‘zbekiston Ekologik partiyasi, Xalq demokratik partiyasi, O‘zbekiston Liberal demokratik partiyasi, Milliy tiklanish demokratik partiyasi, Adolat sotsial-demokratik partiyasidan ko‘rsatilgan nomzodlarning g‘oyalari, tashabbuslari nimalardan iborat, ularning farqli jihatlari nimalarda ko‘riladi, ana shu g‘oyalar va tashabbuslarni amalga oshirish mexanizmlari qanday hamda ularning amalga oshishi natijasida xalqimizga qanday manfaat yetadi. Mana shu masalalar haqida “O‘zbekiston 24” telekanalida mustaqil ekspertlar o‘z fikrlarini bildirishdi.
Ushbu “Saylov-ekspertlar nigohida” ko‘rsatuvida Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi Sektor mudiri Muhsin Xolmuhamedov ham ishtirok etib, O‘zLiDeP partiyasining dasturi borasidagi fikrlarini bildirdi.
“O‘zLiDeP partiyasining saylovoldi dasturida inklyuziv taraqqiyot va yoshlar masalalari markaziy o‘rin olgan. Inklyuziv degani – bu hammani qamrab oladi. Masalan, aholining asosiy toifasi bo‘lgan yoshlarni oladigan bo‘lsak, O‘zbekistonni bemalol yoshlar mamlakati deb atasak bo‘laveradi. Elektoratning uchdan bir qismi ham yoshlardan tashkil topgan", - deydi Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi Sektor mudiri Muhsin Xolmuhamedov.
Izoh qoldirish