Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining prorektori, Iqtisodiyot fanlari doktori Gulnora Abdurahmonova Yoshlar – millat taraqqiyotining hal qiluvchi omili ekanligi haqida ta’kidlamoqda. Uning fikricha, yoshlar mamlakat iqtisodiyotini rivojlantirishda ham katta kuch hisoblanadi.
Butun dunyoda yoshlar har bir davlatning siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy boyligi, sayyoramizda farovon hayot va yuksak taraqqiyot barqaror bo‘lishi uchun yangi g‘oyalar va ijodiy ruhdagi sa’y-harakatlarni amalga oshiradigan beqiyos kuch hisoblanadi. Shuning uchun ham Birlashgan Millatlar Tashkilotining Yoshlar strategiyasida “Yoshlar siymosida eng qimmatli va o‘ta muhim resurslar mujassam topgan bo‘lib, unga har qancha investitsiya kiritsa arziydi, chunki bu sarmoyalar bir necha barobar ziyoda bo‘lib qaytadi” deb ta’kidlanadi.
Hozir jahon hamjamiyatida qabul qilingan, yoshlar toifasiga mansub deb hisoblanadigan 12-24 yoshdagilar 1,2 milliard nafarni yoki Yer yuzi aholisining 16 foizini tashkil etadi. 2030 yilga borib ularning soni yana 7 foizga ortib, 1,3 milliard nafarni tashkil etishi bashorat qilinmoqda.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev kuni kecha O‘zbekiston yoshlari forumida so‘zlagan nutqida ham yoshlarimizni “O‘zbekistonning eng katta boyligi, bebaho xazinasi” deb ta’rifladi. Mamlakatimizda bugungi kunda agar maktabgacha ta’lim va maktab ta’limi, oliy va o‘rta maxsus ta’lim tizimi hamda ilmiy-madaniy muassasalar bo‘lg‘usi Uyg‘onish davrining to‘rt uzviy halqasi, bog‘cha tarbiyachisi, maktab muallimi, professor-o‘qituvchilar va ilmiy-ijodiy ziyolilarimiz uning to‘rt tayanch ustuni deb hisoblanayotgan bo‘lsa, fikrimizcha yoshlarimizni Uchinchi Renessansning ijodkorlari deyish mumkin.
Aholimizning yarmidan ziyodini yoshlar tashkil etadigan yurtimizda ularning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini ta’minlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi etib belgilangan. Keyingi yillarda bevosita davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan yoshlar siyosatiga daxldor 40 dan ziyod Qonun va qonunosti hujjatlari qabul qilindi. Yoshlar siyosati sohasidagi muhim yo‘nalishlardan biri sifatida yoshlarga e’tiborni kuchaytirish, ularni madaniyat, san’at, jismoniy tarbiya va sportga keng jalb etish, yigit-qizlarda axborot texnologiyalaridan foydalanish ko‘nikmalarini shakllantirish, yoshlar o‘rtasida kitobxonlikni targ‘ib qilish kabi nihoyatda dolzarb masalalarga yangi tizim asosida yondashish bo‘yicha 5 ta muhim tashabbus ilgari surildi.
Hayotimizning barcha soha va tarmoqlarida, Vatan himoyasidek sharafli vazifani ado etishda millionlab yoshlarimiz sadoqat va fidoyilik bilan xizmat qilmoqda. Yuzlab yigit-qizlarimiz parlamentimiz va xalq deputatlari mahalliy kengashlarining a’zosi sifatida davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari hamda mahalliy hokimiyat idoralarida rahbarlik lavozimlarida faoliyat ko‘rsatmoqda.
Mamlakatimizda Oliy Majlis huzurida Yoshlar parlamenti tuzilgan, shuningdek, yoshlar masalalarini davlat miqyosida amalga oshirishda davlat boshqaruv organi statusiga ega Yoshlar ishlari agentligi va Yoshlar masalalari bo‘yicha idoralararo kengash tashkil etilgan.
Jahon miqyosida fan va texnika nihoyatda taraqqiy etib, innovatsiyalar raqobat ustunligiga erishning asosiy omiliga aylangan shiddatli yuksak intellektual salohiyatga ega kadrlarga ehtiyoj har qachongidan ham ortib bormoqda. Bu hisobga olingan holda, jumladan, keyingi uch yilda respublikamizdagi oliy o‘quv yurtlari soni 60 foizga oshib, 116 taga yetdi. Ular orasida nufuzli xorijiy universitetlarning filiallari borligi alohida e’tiborga loyiq. Mamlakatimizda oliy ta’lim muassasalariga qabul kvotalari soni izchil oshirib borilmoqda. Agar 2016-2017 o‘quv yilida bu raqam 58 mingtani tashkil etgan bo‘lsa, 2020 yilda 150 mingtaga yetdi, ya’ni bu yil maktab bitiruvchilarining 25 foizi oliy o‘quv yurtlarida o‘qish imkoniga ega bo‘ladi. Holbuki, 2017 yilda bu raqam 9 foizga teng edi.
Yoshlar mamlakat iqtisodiyotini rivojlantirishda ham katta kuch. Respublikamizda 230 mingga yaqin yosh tadbirkor va fermerlar, mohir hunarmandlar faoliyat olib bormoqda. Ularning safi yanada kengayishi uchun davlat tomonidan zarur shart-sharoitlar yaratib berilmoqda.
Faqat “Yoshlar – kelajagimiz” dasturi doirasida yosh avlod vakillarining 8 mingtaga yaqin biznes loyihasiga 1 trillion 630 milliard so‘mdan ziyod imtiyozli kredit mablag‘lari ajratildi, natijada 40 mingga yaqin yangi ish o‘rni tashkil etildi.
Navqiron avlod tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlashda respublikamizda tashkil etilayotgan “Yosh tadbirkorlar” kovorking-markazlari va “Yoshlar mehnat guzarlari muhim ahamiyat kasb etmoqda. Ularda tadbirkorlik ko‘nikmalarini egallagan yoshlar mustaqil faoliyatini boshlashmoqda. Qishloq joylarida esa “Har bir yoshga – bir gektar” loyihasining amalga oshirilishi natijasida 65 mingga yaqin yosh dehqonlarga 54 ming gektardan ziyod yer ajratib berildi.
Shu bilan birga yoshlarning qator nihoyatda dolzarb muammolari hal etilmay qolmoqda. Xalqaro mehnat tashkilotining “2020 yilda yoshlarning ish bilan bandligi global tendensiyalari: ertangi kun texnologiyalari va ish joylari” ma’ruzasida ta’kidlanishicha, yoshlarda ertangi kunga bo‘lgan ishonchi tashvishli tus olmoqda.
Buning asosiy sabablaridan biri – ishlab chiqarish tobora avtomatlashtirilayotganligi uchun yosh xodimlar bilimi va malakasiga muvofiq ish joylari yetishmayapti. Jumladan, 2019 yilda jahonda 267 million yoshlar o‘qimasdi ham, ishlamasdi ham. Bu avvalgi - 2017 yil yakuni bo‘yicha olib borilgan tadqiqotlar natijalaridan 8 million nafarga ortgan. Bu yil ko‘p jihatdan koronavirus pandemiyasi oqibatida ana shunday yoshlarning soni 273 million nafarga yetishi kutilmoqda.
O‘zbekistonda ham yoshlar o‘rtasida ishsizlik darajasi yuqoriligicha qolmoqda. Jumladan, 2020 yilning yanvar-sentyabr oylarida ishsizlik darajasi iqtisodiy faol aholi orasida 11,1 foizni tashkil etgan. 16−30 yoshgacha bo‘lganlar o‘rtasida esa ishsizlik darajasi 17,1 foizga yetgan.
Shuning uchun Prezidentimizning O‘zbekiston yoshlari forumida so‘zlagan nutqida bu nihoyatda dolzarb muammoga alohida e’tibor berilgan. Yoshlarni samarali ish joylari bilan kafolatli ta’minlash uchun davlat tomonidan hali misli ko‘rilmagan chora-tadbirlar belgilanmoqda.
O‘tkazilgan tadqiqotlar yoshlarimizda hozircha biznes va tadbirkorlik sohasida zarur bilim va malaka yetishmasligidan dalolat bermoqda. Bu hisobga olingan holda “Mikrokreditbank”ka kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qib, sertifikat olgan yoshlarga imtiyozli foizlarda mikrokreditlar ajratish choralarini ko‘rish vazifasi qo‘yildi. Bunday kreditlar 3 yil imtiyozli davri bilan 7 yil muddatga beriladi. Bank tomonidan ushbu maqsadlar uchun kelgusi yilda 45 million dollarlik mikrokreditlar ajratilishi ko‘zda tutilmoqda.
Endilikda “Har bir tadbirkor – yoshlarga madadkor” tamoyili asosida har 1 nafar tadbirkorga 1 nafardan ishsiz yoshlar biriktiriladi. Tijorat banklarining hududlarda faoliyat boshlagan “Loyihalar fabrika”lari yoshlarimizning ilg‘or g‘oyalari asosida loyihaviy taklif va biznes rejalarini tayyorlab beradi.
Yoshlar loyihalarini moliyalashtirish uchun Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi qoshida alohida jamg‘arma tashkil etilib, ushbu jamg‘armaga 100 million dollar mablag‘ ajratiladi. Ushbu jamg‘arma yoshlarning loyihalariga qulay shartlarda va past foizlarda kredit beradi. Bu 2021 yilning o‘zida yilda kamida 500 ming yoshga ish joyi yaratish imkonini beradi. Shuningdek, respublikamiz hududlarda “ustoz-shogird” an’anasi yanada kuchaytirilib, ana shu ezgu ishga jalb etiladigan hunarmand ustalarni Bandlikka ko‘maklashish jamg‘armasidan moddiy rag‘batlantirish tizimi joriy etiladi.
Yurtimizda erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalarini tashkil etish tajribasidan foydalangan holda barcha shahar va tumanlarida “Yoshlar kichik sanoat zonalari” tashkil etiladi. Ushbu sanoat zonalarida yoshlar loyihalarini amalga oshirishga ko‘maklashish uchun zarur bo‘ladigan barcha infratuzilma ob’yektlari joylashtiriladi.
Tijorat banklarining hududlarda faoliyat boshlagan “Loyihalar fabrika”lari yoshlarimizning ilg‘or g‘oyalari asosida loyihaviy taklif va biznes rejalarini tayyorlab beradi. Yoshlar loyihalarini moliyalashtirish uchun Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi qoshida alohida jamg‘arma tashkil etilib, ushbu jamg‘armaga 100 million dollar mablag‘ ajratiladi. Ushbu jamg‘arma yoshlarning loyihalariga qulay shartlarda va past foizlarda kredit beradi.
Yangi O‘zbekiston – obod va farovon, demokratik mamlakatimizni barpo etishda yoshlarimizning alohida o‘rni bor. Ular o‘z vatanparvarliklari, bilimlari va malakasi, g‘ayrat-shijoatlari, tashabbuskorliklari bilan uchinchi Renessans ijodkorlari ekanliklarini namoyon etishga qodirlar.
Gulnora ABDURAHMONOVA,
Iqtisodiyot fanlari doktori, professor
Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining prorektori
Izoh qoldirish