Yuzlab fuqarolar huquqlari tiklandi

Yuzlab fuqarolar huquqlari tiklandi

Xususan, viloyat sudlari tomonidan o‘tkazilgan qabullar davomida 142 nafar fuqarolarning murojaatlari ko‘rib chiqildi. Murojaatlarning 105 tasi bo‘yicha huquqiy tushuntirishlar berildi, 25 tasi joyida ijobiy hal etilib, 12 ta shikoyat va arizalar qonuniy ko‘rib uchun qabul qilindi.

Qabullar davomida jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan o‘tkazilgan sayyor tartibdagi sud jarayonlarida taqdimnoma va iltimosnomalar asosida ozodlikdan mahrum qilish va axloq tuzatish ishlari jazosini o‘tayotgan 70 nafar mahkum jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ravishda ozod qilindi, 19 nafar mahkumning o‘talmay qolgan jazosi yengilrog‘i bilan almashtirildi.

Viloyat prokuratura organlari tomonidan ham jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari atroflicha ko‘rib chiqildi. Kattaqo‘rg‘on shahri hamda Toyloq tumanida o‘tkazilgan sayyor qabulda 50 nafardan ortiq fuqarolar yillar davomida o‘zini qiynab kelayotgan aliment undirish, kredit to‘lovi, firibgarlik, ishsizlik, oilaviy kelishmovchilik, sud qaroridan norozilik kabi masalalar bo‘yicha mas’ullarga murojaat etishdi.

Masalan, Past Darg‘om tumani “Eski Juma” mahallasida yashovchi Zarifa Qo‘ldosheva ipoteka krediti olib, ayni paytda ishsizligi tufayli uni to‘lay olmayotgani, uyi esa onlayn auksion savdoga chiqarib yuborilgani, qolaversa, Rossiya Federatsiyaga chiqib ketgan sobiq turmush o‘rtog‘i aliment to‘lovini amalga oshirmayotganidan shikoyat qilib, muammolariga qonuniy yechim topishda amaliy yordam suradi.

Zarifa Qo‘ldoshevaning murojaati batafsil o‘rganildi va uning qarzdorligini to‘lashda, alimentini undirib berishda, o‘zini esa ishga joylashtirishda amaliy yordam beriladigan bo‘ldi.

Kattaqo‘rg‘on shahrida yashovchi Muharram Tojiyeva va Nigora Aripovalar esa tijorat bankidan tikuv mashinasi sotib olish uchun olgan kredit mablag‘larini naqdlashtirib, o‘z ehtiyojlari uchun ishlatgani bois ularning bu hatti-harakati sudda ko‘rib chiqilgan. Ular tomonidan kredit mablag‘lari to‘lovlari to‘langanligi sabab jinoyat ishining ularga tegishli bo‘lgan qismini tugatishni so‘rab prokuratura mas’ullariga murojaat qildi. Ularning murojaati qanoatlantirildi.

Ichki ishlar idoralari mas’ullari bilan muloqotlarda fuqarolarni qiynab kelayotgan surishtiruv va tergov, ishga tiklash va kirish, xodimlarning noo‘rin hatti-harakatidan norozilik kabi ko‘plab masalalarga yechim topildi.

Masalan, Rustam Yangiboyev ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘iga avtomashina oldi-sotdisi bo‘yicha muammoli holatga qonuniy yechim topishda ko‘mak so‘ragan bo‘lsa, Dilafro‘z Odilova himoya orderi olish, Zokir Tursunov esa muddatidan oldin probatsiya nazoratidan chiqarish yuzasidan murojaat qildi. Har bir murojaat o‘rganilib, ular qonuniy hal etiladigan bo‘ldi.

Adliya idoralari mas’ullarining fuqarolar uchun o‘tkazgan qabullari davomida esa bandlik, tadbirkorlik, yer-mulk, uy-joy, solik tulovlari hamda nikohni qayd etish bilan bog‘liq muammolar bo‘yicha murojaatlar kelib tushdi.

Masalan, Obid Jo‘rayev va Zohid Ochilov uzoq yillar mobaynida foydalanilmagan mehnat ta’tillari, ishdan noqonuniy bo‘shatilgani, Hafiza Ro‘ziyeva 16 yildan beri ijarada yashashi, farzandlariga aliment undira olmayotgani, ijtimoiy uy olishda yordam berishni, Roziya Normatova noqonuniy qurilish bilan bog‘liq muammo yuzasidan, Xurniso Eraliyeva esa homiladorlik tug‘ruq ta’tilidan qaytgach ishga tiklanmayotganidan norozi bo‘lib yordam so‘radi. Barcha masalalar mas’ullar ishtirokida o‘rganildi va yechim topildi.

Samarqand viloyatida o‘tkazilgan ommaviy qabullarda soliq, bojxona idoralari masullariga kelib tushgan murojaatlar tahliliga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, fuqarolardan asosan tadbirkorlik faoliyatiga ruxsat olish, mahsulotlar eksporti, soliq qarzdorliklarini to‘lash masalalaridan murojaatlar kelib tushdi.

Aytaylik, Pastdarg‘om tumaning “Yuqori Bog‘onali” MFYda yashovchi bir necha nafar fuqaro soliq to‘lovlari bo‘yicha muammo yuzaga kelganligi va uni qonuniy hal etilishi uchun viloyat soliq boshqarmasi rahbariga murojaat etdi. Ushbu masala o‘rganilib, muammo shu yerning o‘zida ijobiy hal etildi.

Samarqand viloyatida sud-xuquq masalalari bo‘yicha o‘tkazilgan muloqotlar davomida 519 nafar fuqarolarning 533 ta masalasi ko‘rib chiqildi. Murojaatlarning 137 tasi joyida hal etildi, 217 nafar murojaatchiga huquqiy tushuntirishlar berildi, 179 ta murojaatni qo‘shimcha o‘rganish uchun vaqt talab etilganligi sababli ko‘rib chiqilishi nazoratga olindi.


Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar