1 yanvardan ayrim turdagi tovarlarning bojxona rasmiylashtiruvi jarayonida muvofiqlik sertifikati talab etilmaydi

1 yanvardan ayrim turdagi tovarlarning bojxona rasmiylashtiruvi jarayonida muvofiqlik sertifikati talab etilmaydi

Prezidentning “Milliy sifat infratuzilmasini yanada takomillashtirishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori loyihasi Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalar muhokamasi portalida e’lon qilindi.

Qaror loyihasi texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish, sertifikatlashtirish va metrologiya tizimlarini xalqaro andozalarga moslashtirishni maqsad qilgan.

2021 yil 1 yanvardan boshlab shunday tartib o‘rnatiladiki, unga muvofiq:

a) quyidagi olib kirilayotgan tovarlarning bojxona rasmiylashtiruvi jarayonida muvofiqlik sertifikati talab etilmaydi:

qonun hujjatlarida belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan hamda vakolatli idoralarning tegishli ruxsatnoma hujjatlariga ega bo‘lgan veterinariya va o‘simliklar karantini nazoratidagi mahsulotlar, shuningdek, sanitariya-epidemiologik xulosaga mos keladigan tovarlar ro‘yxatidagi oziq-ovqat mahsulotlari;

b) O‘zbekiston bojxona hududiga olib kelingan tovarlarni realizatsiya qilinishidan oldin muvofiqlik sertifikatini olish majburiyati bevosita ushbu tovarlarni olib kirgan shaxsga yuklatiladi.

2023 yil 1 yanvargacha quyidagilar ma’muriy javobgarlikdan ozod qilinadi:

  • texnik reglament va standartlarning majburiy talablarini buzganlik holatlari yuzasidan aniqlangan kamchiliklarni ixtiyoriy ravishda bartaraf etgan shaxslar;
  • ishlab chiqarilgan mahsulot erkin savdoga chiqarilgandan keyingi davrda sifat va xavfsizlik nuqsonlari aniqlanib, ishlab chiqaruvchi tomonidan ixtiyoriy ravishda savdoga chiqarilgan mahsulotlarni qaytarib olish choralari ko‘rilganda.

“O‘zstandart” agentligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi hamda Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasining standartlashtirishga doir normativ hujjatlar toifasiga kiruvchi tashkilot standartlarini ishlab chiqish jarayonini soddalashtirish haqidagi quyidagi takliflari ma’qullanadi:

  • tashkilot standartlarini ekspertizadan o‘tkazish davlat idoralari va xo‘jalik boshqaruvi organlari tomonidan haq olmasdan amalga oshirish hamda “O‘zstandart” agentligi organlarida davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibini bekor qilish;
  • ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarga oid tashkilot standartlarini hisobini yuritish maqsadida "O‘zstandart” agentligi ishlab chiqaruvchi tashkilot tomonidan elektron tarzda xabardor etilishi lozim;
  • tashkilot standartlarida belgilangan ko‘rsatkichlar davlat (milliy) standarti talablaridan past bo‘lgan hollarda ushbu tashkilot standartlariga asosan sertifikatlashtirishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, “O‘zstandart” agentligining:

  • O‘zbekiston standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligining nomini “O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish va metrologiya agentligi” etib qayta nomlash hamda qisqartirilgan nomini “O‘zstandart” agentligi deb saqlab qolish;
  • Standartlashtirish, sertifikatlashtirish va texnik jihatdan tartibga solish ilmiy-tadqiqot institutining nomini “O‘zbekiston standartlar instituti” etib qayta nomlash;
  • O‘zbekiston standartlar institutiga O‘zbekiston davlat standartlarni ro‘yxatdan o‘tkazishni yuklash;
  • “O‘zbekiston ilmiy-sinov va sifat nazorati markazi” davlat korxonasini Standartlar institutiga qo‘shib yuborish;
  • “O‘zstandart” agentligining markaziy apparati tuzilmasida mavjud shtat birliklar doirasida Sanoatni rivojlantirish texnik siyosatini amalga oshirish va eksportga ko‘maklashish boshqarmasini tashkil etish to‘g‘risidagi takliflari ma’qullanadi.

Qaror loyihasini muhokamasi 11 dekabrda yakunlanadi.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar