20 ming kub tabiiy gaz aholi iste’moli uchun yo‘naltirildi

20 ming kub tabiiy gaz aholi iste’moli uchun yo‘naltirildi

Toshkent viloyati Qibray tumanida aholi iste’moli uchun yo‘naltirilgan tabiiy gazdan tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan noqonuniy ravishda olinayotgan 20 ming kub gaz to‘xtatilib, aholiga yo‘naltirildi.

O‘zbekiston Respublikasi energetika vaziri Alisher Sultonov rahbarlik qilayotgan ishchi guruh 5 dekabr kuni Qibray tumanida bo‘lib, aholi va ijtimoiy soha ob’yektlarining gaz bilan ta’minlanganlik holati, gaz tizimiga noqonuniy ulanishlarni aniqlash hamda tarmoqdan uzish, mavsumiy iste’molchilar – g‘isht zavodlari, issiqxonalar va boshqa ishlab chiqarish quvvatlarini muqobil isitish tizimiga o‘tkazish bo‘yicha o‘rganish va targ‘ibot tadbirlarini o‘tkazdi.

Ishchi guruh tomonidan dastlab, sohaga aloqador mutasaddilar, hududdagi gaz ta’minoti idoralari rahbarlari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida tumanning “Obod” mahalla fuqarolar yig‘inidagi holat o‘rganildi.

Mazkur mahallada 650 xonadon bo‘lib, 3 ming 200 nafardan ziyod aholi istiqomat qiladi. O‘nqo‘rg‘on hududidagi boshqa mahallalar kabi ushbu mahallada ham issiqxonachilik tarmog‘i keng rivojlangan. Ishchi guruh tomonidan mahalla hududidagi gaz quvurlari belgilangan xavfsizlik talablariga zid ravishda tortilgani, bu esa o‘z navbatida birinchi navbatda gaz bilan bog‘liq baxtsiz hodisalar ro‘y berishiga zamin yaratishi, ikkinchidan, gaz iste’molida o‘g‘riliklarga imkon yaratishi qayd etildi. Ushbu holatning oldini olish maqsadida mahalla hududiga o‘rta bosimli yangi tarmoq tortish yuzasidan zarur vazifalar belgilandi.

Ishchi guruhning keyingi o‘rganish manzili “O‘ztransgaz” aksiyadorlik jamiyati Toshkent magistral gaz quvurlar boshqarmasi “SoyuzNIXI” gaz taqsimoti stansiyasi bo‘ldi.

O‘rganish jarayonida “Yoshlik” va “Darxon” mahallalari hududidagi “Metan” avtomobillarga gaz quyish shahobchasi va issiqxonachilik yo‘nalishidagi bir guruh tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan mazkur stansiyadan aholi uchun yo‘naltirilgan tabiiy gaz uzatish quvurlariga ulab olinish holati aniqlandi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan bir kunda 20 ming kub gaz sarflanmoqda. Bu miqdordagi gaz ayni sovuq kunlarda 2 ming aholi xonadoni ehtiyojini ta’minlashga yetadi.

Ishchi guruh tomonidan tadbirkorlik sub’yektlariga gaz tarmog‘iga belgilangan tartibda ulanish bo‘yicha tegishli tavsiyalar berilib, ular tomonidan foydalanib kelinayotgan 20 ming kub tabiiy gaz aholi ehtiyoji uchun yo‘naltirildi.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar