Moliya vazirligi axborot xizmatining qonun loyihasiga sharhida ma’lum qilinishicha, 2022 yil uchun Davlat byudjeti daromadlari 200,0 trln. so‘m, xarajatlari esa Davlat maqsadli jamg‘armalariga transfertlarni inobatga olgan holda 215,4 trln. so‘m miqdorida ajratilishi rejalashtirilmoqda.
2022 yilda quyidagi byudjet xarajatlarini mahalliy byudjetlardan moliyalashtirishga o‘tkazish taklif etilmoqda:
- umumta’lim muassasalarini, maktabgacha ta’lim tashkilotlarini, sog‘liqni saqlash muassasalarini qurish, rekonstruksiya qilish va mukammal ta’mirlashga, shuningdek sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilashga oid tadbirlar doirasida ob’yektlarni qurish, rekonstruksiya qilish hamda ta’mirlash-tiklash ishlariga doir xarajatlarni;
- ko‘p kvartirali uy-joy fondiga tutash hududlarni ta’mirlash xarajatlari va issiqlik ta’minoti tashkilotlarining issiqlik tarmoqlari va qozonxona uskunalarini kapital ta’mirlash xarajatlarini;
- aholining kam ta’minlangan va muhtoj qatlamlariga ko‘rsatiladigan bepul advokatlik xizmatlari xarajatlari.
Shuningdek, Qonun loyihasida barcha tuman (shahar)larda tegishli byudjetlarning tasdiqlangan umumiy xarajatlarining 5 foizini jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan tadbirlarni moliyalashtirishga yo‘naltirish belgilangan.
Izoh qoldirish