Ustuvor masalalar
Dolzarb kun tartibi
Ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarga oid joriy masalalar to‘g‘risida
O‘zbekiston Prezidenti rahbarligida o‘tkazilayotgan yig‘ilishlarda amalga oshirilayotgan islohotlarning eng dolzarb masalalari ishchanlik ruhida hal etilmoqda. Ushbu maqolada 2026 yilning iyul va avgust oylarida ijtimoiy-iqtisodiy sohani rivojlantirishga bag‘ishlangan yig‘ilishlar chog‘ida qabul qilingan eng muhim qarorlar haqida so‘z boradi.
Mahallalarga yangi muhit olib kirish
16 iyul kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida mahallalarga yangi muhit olib kirish hamda “mahalla yettiligi” faoliyatini yangicha tashkil qilish bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi. Bu yil infratuzilmani yaxshilash, odamlar va tadbirkorlar uchun sharoit yaratish maqsadida tumanlarga o‘rtacha 250 mlrd. so‘mdan, mahallalarga esa 5,5 mlrd. so‘mdan mablag‘ berilgani ta’kidlandi. Vakolatlar kengaytirilgani natijasida hududda qoladigan qo‘shimcha daromad 2 baravargacha ko‘paydi. Tumanlarda o‘rtacha 22 mlrd. so‘mdan qo‘shimcha mablag‘ qoldi, mahalla byudjetiga esa o‘rtacha 150-200 mln. so‘m tushdi. Shu bilan birga, ayrim tumanlarda loyihalarga kambag‘al oilalarni jalb qilish darajasi pastligi, 32 ta mahallada birorta ham ehtiyojmand odam doimiy ishga joylashtirilmagani tanqid qilindi. Shu sababli yil boshidan mahallada ishni to‘g‘ri tashkil qilmagan 152 nafar rahbar ishdan olingan, yana 700 nafariga intizomiy chora ko‘rilgan.
Davlatimiz rahbari mahalla odamlar uchun chinakam ishonch, tayanch va imkoniyatlar markaziga aylanishi zarurligini ta’kidladi. Yaqinda mahalla boshqaruvini samarali tashkil qilish bo‘yicha Prezident farmoni imzolandi. Unga ko‘ra, mahalla raisi ijtimoiy muammolarni qayd etuvchi shaxsdan o‘z hududining “iqtisodiy buyurtmachisi”ga aylanishi kerak. Mahallalarda xususiy bog‘cha, maktab, klinika va sport inshootlari qurish uchun yerni auksionga chiqarish vakolati ham mahalla raislariga beriladi.
Mahalla raisi ijtimoiy muammolarni hal qilish, tozalikni ta’minlash va daromadni ko‘paytirishga xizmat qiladigan loyihalarda tashabbuskor bo‘lishi zarur. Bunday loyihalar uchun “mahalla yettilik”lariga 10 mln. so‘mdan grant ajratiladi. Ushbu maqsadlar uchun jami 240 mlrd. so‘m resurs shakllantiriladi. Mahalla raisi mahalla yettiligining haftalik hamda oylik ish rejasini tasdiqlab beradi, ularga aniq vazifa qo‘yib, so‘rov qilib boradi. “Yettilik” faoliyatini metodik qo‘llab-quvvatlash uchun Mahallani rivojlantirish milliy instituti tashkil etiladi.
Mahalla bankirlarining ish uslubi tubdan o‘zgaradi. Endi banklar har bir mahallaning “o‘sish nuqtasi”ni aniqlab, tashabbuskorlarni topishi va daromadli loyihalarni ko‘paytirishi zarur. Bundan buyon bitta mahalla bankiriga ko‘pi bilan uchta mahalla biriktiriladi. Mahalla bankirlari o‘z hududida bank mijozlari bilan ishlaydi. Mahalladagi ishsizlarni shu kasblarga o‘qitish uchun bandlik bo‘limiga buyurtma beradi va o‘qishni bitirganlarni ishga joylashtiradi.
Joriy yil oilaviy tadbirkorlik loyihalari uchun qo‘shimcha 2 trln. so‘m imtiyozli resurs berildi. Davlat banklari mahallalarni ixtisoslashtirish, “Agrostar” kompaniyalari bilan birga “yetishtirish – qayta ishlash – saqlash – qadoqlash – sotish” zanjirini yaratish ustida ishlaydi. Bir oyda 1 mingta mahallada ish boshlash vazifasi qo‘yildi.
Mahallalar byudjetini mustahkamlash bo‘yicha ham yangi tashabbuslar ilgari surildi. Endilikda mahalladagi noturar ob’yektlardan tushgan yer va mulk solig‘ining 5 foizi ham mahallaning o‘ziga beriladi. Bu orqali mahallalar ixtiyorida yiliga yana 400 mlrd. so‘m mablag‘ qoladi. Yil davomida yaxshi natijalar ko‘rsatgan 200 ta mahallaga 2 mlrd. so‘mdan mukofot beriladi. Umuman, yangi tashabbuslar hisobiga mahallalar byudjetiga tushum joriy yil 1 trln. 600 mlrd. so‘mga, kelasi yildan esa 2 trln. so‘mga yetadi.
Mahallada obodonchilik ishlarini tashkil etish bo‘yicha Bosh vazir boshchiligida respublika shtabi tuziladi, hududiy shtablarga hokimlar rahbarlik qiladi. Mehnatga yarasha rag‘bat bo‘lishi uchun yil yakuni bilan ko‘p qavatli uylardagi “Eng orasta xonadon”, mahalladagi “Eng fayzli hovli”, hududdagi “Eng obod ko‘cha”, tuman va viloyatdagi “Eng namunali mahalla” nominatsiyalari joriy etiladi.
Hozir “yettilik” orqali 100 ga yaqin xizmat ko‘rsatilmoqda. Endi barcha davlat xizmatlari bosqichma-bosqich mahallaga tushiriladi. Joylarda ijtimoiy reyestrga kiritishni asossiz rad etish yoki sun’iy ravishda reyestrdan chiqarish holatlari uchrayotgani tanqid qilindi. Oqibatda ehtiyojmand oilalar ijtimoiy yordam olish, farzandini bog‘cha va to‘garakka berish kabi kafolatlangan xizmatlardan foydalana olmayapti. Bosh prokuraturaga ijtimoiy reyestr to‘g‘ri yuritilishini qat’iy nazorat qilish topshirildi.
Uch oyda demensiya va aqliy zaifligi bo‘lgan shaxslar uchun 250 ta mahallada kunduzgi va uyda parvarish xizmati hamda “Madad” uylari, 75 ta mahallada o‘zgalar parvarishiga muhtoj keksalar uchun “Faol hayot” dasturi, shuningdek, qarovsiz qolgan va zo‘ravonlikka uchragan bolalar uchun qo‘llab-quvvatlash markazlari tashkil etiladi.
Birinchi yarimyillik yakunlari va ustuvor vazifalar
21 iyul kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida hudud va tarmoqlarda o‘sish sur’atlarini ta’minlash bo‘yicha joriy yilning birinchi yarmida erishilgan natijalar va yil yakunigacha amalga oshiriladigan ustuvor vazifalar muhokamasi yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi. Yil boshidan mamlakatimiz iqtisodiyoti 8,5 foizga o‘sdi. Sanoatda 8 foiz, xizmatlar sohasida 16,9 foiz, qurilishda 13,8 foiz, qishloq xo‘jaligida 4,7 foiz o‘sish ta’minlandi. Investitsiyalar hajmi 28 mlrd. dollarga, eksport 14,4 mlrd. dollarga yetdi. Fitch va Moody’s xalqaro reyting agentliklari O‘zbekistonning suveren kredit reytingini bir pog‘ona yaxshiladi. Shu bilan birga, davlatimiz rahbari salkam 40 millionli aholi hayotini yaxshilash uchun 9-10 foizli iqtisodiy o‘sish zarurligini ta’kidladi. Yig‘ilishda hudud va tarmoq rahbarlarining olti oylik rejalari ijrosi tanqidiy tahlil qilindi.
Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va biznes muhitini yaxshilash masalalari ham muhokama qilindi. Tashqi bozorlarda raqobat kuchayib borayotgan bir paytda eksportchilar uchun to‘lov, yig‘im va ortiqcha xarajatlarni kamaytirish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi. Barcha vazirlik va idoralarga tizimidagi byurokratiya, jarima, to‘lov va yig‘imlarni qisqartirish, biznes muhitini yanada yaxshilash bo‘yicha takliflar kiritish topshirildi.
Ishlab chiqarishni tiklash va xususiylashtirish bo‘yicha ham muhim vazifalar belgilandi. Yangi xususiylashtirish dasturi doirasida 100 trln. so‘mlik ko‘chmas mulk, yer maydonlari va davlat ulushlarini savdoga chiqarish, davlat aktivlarini olgan tadbirkorlar uchun to‘lov shartlarini yengillashtirish belgilandi.
So‘nggi uch yilda 11 mlrd. dollarlik 509 ta eksportbop quvvat ishga tushirilgan bo‘lsa-da, ularning 208 tasi hali tashqi bozorlarga chiqmagan. Bundan tashqari, 47 ta maxsus iqtisodiy zonaning 29 tasida yil boshidan buyon bironta eksport operatsiyasi amalga oshirilmagan. Mutasaddilarga “tezkor brigadalar” tashkil etib, eksportga chiqmagan korxonalar va maxsus iqtisodiy zonalarda sertifikat, aylanma mablag‘, bozor va logistika bilan bog‘liq masalalarni tezkor hal qilish topshirildi. Bundan tashqari, mahalliy brendlarni tashqi bozorlarga olib chiqish va ularni demping hamda kontrafakt mahsulotlardan himoya qilish bo‘yicha dastur ishlab chiqiladi.
Yuk vagonlarining yetishmasligi, ayrim temir yo‘l liniyalarida yuklama yuqoriligi sababli logistikada qiyinchiliklar yuzaga kelmoqda. Mutasaddilarga qo‘shimcha vagonlarni jalb qilish, temir yo‘l infratuzilmasi uchun Jahon bankidan 200 mln. dollar mablag‘ jalb etish bo‘yicha kelishuvga erishish topshirildi.
Oliy darajadagi tashriflar doirasida erishilgan kelishuvlar ijrosi ham ko‘rib chiqildi. So‘nggi yillarda 52 ta tashrif davomida 213 mlrd. dollarlik 1 617 ta investitsiya loyihasi bo‘yicha kelishuvlarga erishilgan. Endi ushbu “yo‘l xaritalari” ijrosi hisob palatasi va Tashqi ishlar vazirligi tomonidan qat’iy nazorat qilinadi. Prezident Administratsiyasi oldiga iqtisodiy diplomatiya, investitsiyalarni jalb qilish va eksportni rivojlantirish bo‘yicha diplomatik vakolatxonalar faoliyatini qayta ko‘rib chiqish vazifasi qo‘yildi.
Yig‘ilishda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash masalasi ham muhokama qilindi. Go‘sht narxi oshgani munosabati bilan import go‘shtni samolyotda tashish xarajatlarini qoplash uchun 300 mlrd. so‘m ajratilgani aytildi. Yil yakunigacha chetdan 100 ming bosh qoramol va 150 ming bosh qo‘y-echki olib kelish vazifasi qo‘yildi. Meva-sabzavot va kartoshka zaxirasini shakllantirish, sovitkichli omborlar qurish va oziq-ovqat jamg‘armalarini to‘ldirish bo‘yicha ham aniq choralar belgilandi. Yil yakunigacha 87 ming tonna quvvatga ega 340 ta sovitkichli omborni ishga tushirish vazifasi qo‘yildi.
Davlatimiz rahbari global iqtisodiyotdagi noaniqliklar qancha davom etishini hech kim oldindan ayta olmasligini qayd etdi. Shu sababli barcha rahbarlar har qanday xatarni hisobga olgan holda o‘z zaxiralarini safarbar qilishga tayyor bo‘lishi shartligi ta’kidlandi. 2027 yil uchun makroiqtisodiy parametrlar, byudjet, investitsiya va eksport dasturlari yangicha yondashuv – “safarbarlik ssenariysi” asosida tayyorlanadi.
Yoqilg‘i-energetika tarmog‘idagi vazifalar
27 iyul kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida yoqilg‘i-energetika tarmog‘idagi kelgusidagi ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi. So‘nggi yillarda energetika tarmog‘iga 23 mlrd. dollar xorijiy investitsiya kiritildi, joylarda umumiy quvvati 9,5 gigavatt bo‘lgan elektr stansiyalari ishga tushirildi. Elektr va gaz tarmoqlari, podstansiyalar, transformatorlar hamda gaz taqsimlash qurilmalarini modernizatsiya qilishga 30 trln. so‘m yo‘naltirildi. Shu bilan birga, yaratilgan imkoniyatlardan samarali foydalanish bo‘yicha jiddiy kamchiliklar saqlanib qolayotgani ko‘rsatib o‘tildi.
Joriy yilning iyun-iyul oylarida elektr tarmoqlarida 4 mingga yaqin avariya sodir bo‘lgan. Oqibatda ayrim hududlarda aholi va tadbirkorlik sub’yektlari 8-10 soatgacha elektr ta’minotisiz qolgan. Bundan tashqari, ko‘plab hududlarda iste’molning o‘sishi va infratuzilmaga tushadigan yuklama oldindan hisobga olinmagan. Tarmoqdagi elektr energiyasi yo‘qotishlari 17,2 foizni tashkil etmoqda. O‘tgan olti oyda 4,8 mlrd. kilovatt-soat elektr energiyasi yo‘qotilgan. ASKUE va ASKUG tizimlari[1] joriy qilinganiga qaramay, yuz minglab elektr va gaz hisoblagichlari markazlashgan tizimga ma’lumot uzatmayotgani ko‘rsatib o‘tildi.
Yig‘ilishda elektr va gaz ta’minoti bilan bog‘liq ishlarni “tumanbay” va “mahallabay” tashkil etish bo‘yicha yangi tizim belgilab berildi. Har bir hududning aholi, tadbirkorlik sub’yektlari va ijtimoiy ob’yektlar kesimida energiya iste’moli balansi shakllantiriladi. Avariyalarni kamaytirish, hisoblagichlarni yagona tizimga ulash, energiya yo‘qotishlari va qarzdorlikni keskin qisqartirish bo‘yicha manzilli dasturlar ishlab chiqiladi. Bu yo‘nalishda Yangiyo‘l tumanida namunaviy tizim yaratish vazifasi qo‘yildi. Ushbu tajriba keyinchalik respublikaning barcha tuman va shaharlariga tatbiq etiladi.
Energetika tarmog‘ida raqamlashtirish va sun’iy intellekt texnologiyalarini keng joriy etishga alohida e’tibor qaratildi. Energetika vazirligi tarkibida Yoqilg‘i-energetika tarmog‘ini raqamlashtirish va sun’iy intellektni joriy etish markazi tashkil etiladi. Markaz “ishlab chiqarish – uzatish – taqsimlash – yetkazish” zanjirini to‘liq tahlil qilib, sohani rivojlantirishning muqobil ssenariylarini ishlab chiqadi. ASKUE va ASKUG ma’lumotlari sun’iy intellekt asosida tahlil qilinib, shubhali iste’mol, yo‘qotish va qarzdorlik holatlarini avtomatik aniqlaydigan platforma ishga tushiriladi.
Yig‘ilishda kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik masalalari ham muhokama qilindi. Hozir tabiiy gaz yetkazib berish qiyin bo‘lgan 1 916 ta mahalla mavjud. Ushbu hududlardagi xonadonlarning isitish tizimini barqarorlashtirish, elektr infratuzilmasini mustahkamlash va qo‘shimcha energiyaga bo‘lgan ehtiyojni ta’minlash bo‘yicha aniq hisob-kitoblar tayyorlanadi. Birinchi navbatda moliyalashtirish talab etiladigan mahallalar bo‘yicha alohida dastur ishlab chiqiladi.
Bugungi kunda 3 mln. 700 ming xonadon suyultirilgan gazdan foydalanadi. Suyultirilgan gaz ishlab chiqarishni yil yakunigacha rejadagi 520 ming tonna o‘rniga 606 ming tonnaga yetkazish belgilandi, shuningdek, suyultirilgan gaz ta’minotiga xususiy sektorni keng jalb qilish vazifasi qo‘yildi. Bu borada dastlab Andijon viloyatida yangi tajriba joriy etiladi. Tadbirkorlarga o‘zi import qilgan yoki birjadan xarid qilgan suyultirilgan gazni aholi va biznes sub’yektlariga yetkazib berish imkoniyati yaratiladi. Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarga esa suyultirilgan gaz xaridi uchun subsidiya beriladi.
Davlatimiz rahbari energetika sohasi uchun zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega kadrlar tayyorlash masalasiga ham alohida to‘xtaldi. Hozir 25 ta texnika oliygohida energetika yo‘nalishida yiliga 5,5 ming mutaxassis tayyorlanmoqda. Biroq ta’lim amaliyot bilan yetarlicha bog‘lanmagani sababli bitiruvchining ishga kirishib ketishiga 2-3 yil vaqt ketmoqda. Shu munosabat bilan oliy ta’lim muassasalaridagi yoqilg‘i-energetika yo‘nalishlari bo‘yicha ta’lim dasturlarini to‘liq yangilash topshirildi. Yangi o‘quv yilidan 3-kurs talabalarining yarmi, 4-kurs talabalarining barchasi dual ta’limga qamrab olinadi. Quyosh va shamol generatorlari, elektromobillar uchun zaryadlash uskunalari hamda boshqa yangi texnologiyalar bo‘yicha mutaxassislar tayyorlashga ustuvor ahamiyat qaratiladi.
Iste’molchilarni yoqilg‘i resurslari bilan ta’minlash
13 avgust kuni Prezident Shavkat Mirziyoyevga “Yangiyo‘l tajribasi” asosida hududlarda iste’molchilarni yoqilg‘i-energetika resurslari bilan barqaror ta’minlash, energiya samaradorligini oshirish, tarmoqlardagi yo‘qotishlar va debitorlik qarzdorlikni keskin kamaytirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar yuzasidan axborot berildi. Avvalroq har bir hududdan bittadan tanlab olingan 14 ta tumanda namunaviy tizim yaratish vazifasi qo‘yilgan edi. Amalga oshirilgan ishlar 916 ta mahalla, 832 mingta xonadon, 49 mingta tadbirkorlik sub’yekti va 2,2 mingdan ziyod ijtimoiy soha ob’yektini qamrab oldi. Har bir mahalla bo‘yicha energetik pasport va energiya resurslariga talab balansi shakllantirildi.
Natijada ilk bor mahallalar kesimida mavjud talab va imkoniyat o‘rtasidagi tafovut aniq hisob-kitob qilindi. Jumladan, 265 ta mahallada 60 megavatt elektr quvvati, 42 ta mahallada esa yiliga 47 mln. kub metr tabiiy gaz taqchilligi borligi aniqlandi. Ayni paytda 207 ta mahallada quvvat zaxirasi mavjud. Bunday yondashuv kelgusida energiya resurslariga bo‘lgan talabni oldindan hisoblash va zarur infratuzilmani o‘z vaqtida tayyorlash imkonini beradi.
Shu asosda elektr va gaz tarmoqlarini yangilash ishlari jadallashtirildi. 14 ta tumanda 5 ming 695 ta transformator, 6,9 ming kilometr elektr tarmog‘i, 242 kilometr gaz tarmog‘i hamda 404 ta gaz taqsimlash qurilmasi ta’mirtalab ekani aniqlandi. Ularning texnik holatini yaxshilab, “yashil” toifaga o‘tkazish ishlari boshlandi. Hozirga qadar 441 ta transformator, 1 ming 134 kilometr elektr va 88 kilometr gaz tarmog‘i, shuningdek, 92 ta gaz taqsimlash qurilmasi ta’mirlandi.
Kelgusi besh yilda mazkur tumanlarda energiya resurslariga talab 49 foizga oshishi kutilmoqda. Shu bois, istiqbolda ishga tushiriladigan loyihalarni hisobga olgan holda aholi va tadbirkorlarni energiya resurslari bilan ishonchli hamda barqaror ta’minlashga qaratilgan besh yillik dastur ishlab chiqildi. Dastur doirasida 721 ta mahallada 2 ming 261 ta transformator va 7 ming 449 kilometr elektr tarmog‘i, 200 ta mahallada esa 313 ta gaz taqsimlash qurilmasi va 327 kilometr gaz tarmog‘ini yangilash belgilandi. Ushbu chora-tadbirlarning amalga oshirilishi hududlarda qo‘shimcha 1 ming 300 megavatt o‘tkazuvchanlik quvvatini yaratish imkonini beradi.
Ijtimoiy soha ob’yektlaridagi energiya iste’moli ham o‘rganildi. Jami 1 ming 938 ta ob’yektning energiya sarfi tahlil qilinib, samaradorligi past bo‘lgan 226 tasi “qizil” toifaga kiritildi. Ularni energiya samarador tizimga o‘tkazish bo‘yicha dastur ishlab chiqilib, amaliy ishlar boshlandi. Ushbu chora-tadbirlar natijasida yiliga 4,3 mln. kilovatt-soat elektr energiyasi va 2,1 mln. kub metr tabiiy gazni tejash imkoniyati yaratiladi. Davlatimiz rahbari 14 ta tumanda qo‘llangan mazkur yondashuv bilan cheklanib qolmasdan, uni respublikaning barcha tumanlarida joriy etish zarurligini ta’kidladi. Maqsad – energetika sohasida “muammo paydo bo‘lgandan keyin uni bartaraf etish” amaliyotidan “muammoni oldindan aniqlash, zarur choralarni rejalashtirish va uning oldini olish” tizimiga o‘tish.
[1]ASKUE (Elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimi) va ASKUG (Tabiiy gazni hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimi) – bu iste’mol qilinayotgan energiya resurslarini real vaqt rejimida aniq o‘lchash, ma’lumotlarni to‘plash va nazorat qilish uchun mo‘ljallangan zamonaviy raqamli tizimlar.
"Iqtisodiy sharh" jurnali 8/2026
Izoh qoldirish