2024 yil uchun ko‘chmas mulk bozori tahlili – Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi sharhi

2024 yil uchun ko‘chmas mulk bozori tahlili – Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi sharhi

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tomonidan 2024 yilda O‘zbekiston ko‘chmas mulk bozoridagi vaziyat tahlil qilindi.

Yil davomida ko‘chmas mulk bozorida oldi-sotdi shartnomalari soni 5,8%ga kamayib, 256,5 mingtani tashkil etdi.

2024 yil davomida (mart oyidan tashqari) bitimlar bo‘yicha faollik nisbatan barqaror saqlanib, oyiga 20-24 mingta atrofida sotuv bitimlari ro‘yxatdan o‘tkazildi.

Hududiy dinamika

O‘tgan yilda hududlar kesimida ko‘chmas mulk bitimlari sonida sezilarli pasayish Navoiy (17%), Toshkent (14,5%) va Buxoro (9,7%) viloyatlarida kuzatildi.

2024 yilda Toshkent shahrida jami 71,2 mingta oldi-sotdi bitimlar ro‘yxatdan o‘tkazilib, 2023 yilga nisbatan 8,7%ga pasaygan.

Andijon va Xorazm viloyatlarida sotuv hajmi 7%ga oshib, oldi-sotdi shartnomalar soni mos ravishda 17,5 ming va 13,5 mingtaga yetdi.

Ikkilamchi bozordagi uy joy narxlari

2024 yilda ikkilamchi bozorda uy-joy narxlari o‘sishi sekinlashib, 6,2%ni tashkil qildi (2023 yilda o‘sish - 17,5%).

Yilning birinchi yarmida narxlar o‘sish sur’ati oyiga o‘rtacha 0,6%, ikkinchi yarmida esa 0,4%ni tashkil etdi.

Hududlar kesimida ikkilamchi uy-joy narxlari o‘sishi Sirdaryo (15,1%), Buxoro (12,4%) va Jizzax (9,8%) viloyatlarida nisbatan yuqori kuzatildi.

2024 yilda Toshkentda ikkilamchi uy-joy narxlari 2,3%ga pasayib, dekabr yakuniga kelib o‘rtacha narx 1 kv.m. uchun 1,1 ming dollarga tushgan.

Shuningdek, ikkilamchi uy-joy bo‘yicha yuqori narxlar Samarqand va Toshkent viloyatlarida saqlanib qolgan bo‘lsa (o‘rtacha narx mos ravishda 750 va 660 dollar), nisbatan arzon narxlar Qoraqalpog‘iston Respublikasida qayd etilgan (327 dollar).

Uy-joy ijara bozori

2024 yil yakuniga ko‘ra Toshkent shahrida 1 kv. m. uchun ijara narxi o‘rtacha 8,2 dollarni tashkil etib, o‘tgan yilga nisbatan 11,1%ga tushgan.

Narxlarda eng katta pasayish Olmazor tumanida kuzatilib, ijara narxi 17%ga arzonlashgan. Shuningdek, Shayxontohur va Chilonzor tumanlarida ijara narxi 15,4%ga pasaygan.

Yuqori ijara narxlari Mirobod, Shayxontohur va Yakkasaroy tumanlarida kuzatilib, ijara narxi 1 kv. m. uchun o‘rtacha 10 dollarni tashkil qilsa, eng maqbul ijara narxlari Uchtepa, Sergeli va Bektemir tumanlarida kuzatilgan (o‘rtacha narx 6,5 dollar atrofida).

Ma’lumot uchun: O‘zbekistondagi ko‘chmas mulk bozori Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazining tadqiqot yo‘nalishlaridan biri bo‘lib, unda birlamchi va ikkilamchi ko‘chmas mulk bozorlaridagi faollik dinamikasi taqdim etib boriladi.

Jaloliddin Usmonov,

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi

tel: (78) 150 02 02 (417)


Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar