Pandemiya jahon miqyosida ko‘chmas mulk va avtomobil bozorlariga sezilarli ta’sir ko‘rsatdi, dunyoning barcha mamlakatlari uning oqibatlarini his yetdi va O‘zbekiston ham bundan mustasno emas.
Iqtisodchilarning fikricha, ko‘chmas mulk va avtomobil bozorlardagi talabning o‘zgarishi iqtisodiy tiklanishning asosiy ko‘rsatkichlaridan biri hisoblanadi, chunki uzoq muddat ishlatiladigan tovarlarga bo‘lgan talab iste’molchilar kayfiyatini juda yaxshi aks ettiradi.
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi mutaxassislari tomonidan koronavirus pandemiyasining ko‘chmas mulk va avtomobil bozorlariga ta’siri tahlil qilindi.
Ko‘chmas mulk bozori
Koronavirus infeksiyasining tarqalishi bilan bog‘liq karantin cheklovlari joriy etilgunga qadar respublikamiz ko‘chmas mulk bozorida talab har oyda o‘rtacha 6-7% ga oshib borgan. Toshkent va Toshkent viloyatidagi ko‘chmas mulk bozorlaridagi savdolar umumiy bozor hajmining 40-45 %ini tashkil etgan.
Aprel oyidan boshlab butun mamlakat bo‘ylab lokdaun joriy qilindi, bu esa ko‘chmas mulkka bo‘lgan talabning 2019 yilning shu davriga nisbatan 87,1% (Toshkent viloyatida 94,2% va Toshkent viloyatida 89,8%)ga kamayishiga olib keldi (1-rasm). May va iyun oylarida respublika bo‘yicha ko‘chmas mulk oldi-sotdisi bo‘yicha rasmiylashtirilgan shartnomalar soni mos ravishda 25,9% va 135,2% ga yuqorilab ketdi. Qisqa vaqt ichida savdo operatsiyalarining sezilarli darajada o‘sib ketishi bir tomondan, doimiy ro‘yxatga olish tartibini soddalashtirilishi, ikkinchi tomondan, may oyidan boshlab karantin choralarini bosqichma-bosqich yumshatilishi bilan izohlanadi.
1-rasm. Ko‘chmas mulk oldi-sotdisi bo‘yicha rasmiylashtirilgan shartnomalar sonining o‘zgarishi
Ta’kidlash lozimki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 22-apreldagi «Doimiy propiska qilish hamda turgan joyi bo‘yicha hisobga olish tartibini isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida» PF–5984-son Farmonining qabul qilinishi bilan may oyida 2019 yilda tegishli davrga nisbatan ko‘chmas mulk oldi-sotdi shartnomalari sonining o‘sishi Toshkent shahrida 148,7 %ga, Toshkent viloyatida 26,5% ga yetdi, iyun oyida ushbu ko‘rsatkich mos ravishda 257,5% va 190,7%ni tashkil etdi. Shunisi qiziqarliki, aynan shu davrda ko‘chmas mulk savdosining o‘sishi Toshkent shahri va Toshkent viloyatidagi uylarning narxlariga deyarli ta’sir qilmadi. Bu, asosan, ilgari boshqa shaxslar nomiga rasmiylashtirilgan uylarning haqiqiy egalari nomiga o‘tkazilishi bilan izohlanadi.
2020 yilning sentyabriga kelib, ko‘chmas mulk bozorida talab yana o‘zining uzoq muddatli trendiga qaytdi. Xususan, sentyabr oyida ko‘chmas mulk oldi-sotdilari soni o‘tgan oyga nisbatan 24,2% ga (2019 yilning mos davriga nisbatan 41,7%ga), oktyabr oyida – 1,7% ga (24,8% ga), noyabr oyida -0,5% ga (22,9% ga) va dekabr oyida – 20,9% ga (-17,1% ga) oshdi.
Avtomobil bozori
Odatda, respublikada birlamchi va ikkilamchi bozorlarda avtomobil savdosining oylik o‘sishi o‘rtacha 2-3% ni tashkil etadi. 2020 yilning mart oyi o‘rtalaridan qat’iy karantin tadbirlarini joriy etilishi natijasida mart oyida ro‘yxatga olingan va qayta ro‘yxatga olingan avtomobillar soni 2019 yilning shu davriga nisbatan 17,3 %ga (o‘tgan oyga nisbatan 34,6 %ga), aprel oyida esa 73,8 %ga (63,1 %ga) kamaydi (2-rasm).
May oyidan boshlab avtomobil bozoridagi vaziyat yana tiklana boshladi. Xususan, iyun oyida avtomobil savdosi 2019 yilning shu davriga nisbatan 14,8 %ga oshdi. Lekin, 10 iyuldan 15 avgustgacha karantin tadbirlarini qayta joriy etilishi natijasida iyul oyida avtomobil bozoridagi faoliyat may-iyun oylariga nisbatan biroz sekinlashdi. Xususan, mazkur oyda ro‘yxatga olingan avtomobillar soni 2019 yilning iyul oyiga nisbatan 20,2 %ga kamaydi. Shunday bo‘lsa-da, avgust oyida, avtomobil savdosi hajmi 2019 yilning mos davriga nisbatan 3,8% o‘sdi (o‘tgan oyga nisbatan 54,3%).
Sentyabr-oktyabr oylarida ham avtomobil bozorida talab o‘sishda davom etdi. Sentyabr oyidagi savdolar oldingi oyga nisbatan 0,5 %ga (2019 yil sentyabr oyi bilan taqqoslaganda 29,5%) oshdi. Oktyabr oyida o‘sish sur’ati sentyabr oyiga nisbatan 2% (2019 yil oktyabr oyiga nisbatan 19,2%) tashkil etdi. Noyabr-dekabr oylarida bu ko‘rsatkich o‘tgan oyga nisbatan biroz (mos ravishda 1,7% va 1,9% ga) pasaydi. Biroq, 2019 yilda tegishli davri bilan taqqoslaganda, savdolar hajmi noyabr oyida 9 %ga va dekabr oyida 10 %ga oshdi.
2-rasm. Ro‘yxatga olingan va qayta ro‘yxatga olingan avtomobillar sonining o‘zgarishi
Umuman olganda, 2020 yilda avtomobil savdosi hajmi 2019 yilga nisbatan 2,5 %ga kamaydi. Bu mart, aprel va iyul oylarida avtomobil savdosining keskin pasayishi bilan izohlanadi.
Shunga qaramasdan, 2020 yil avgust oyiga kelib, ko‘chmas mulk va avtomobil bozorlaridagi vaziyat o‘zining uzoq muddatli trendiga qaytgani aholi talabining tiklanib borayotganligini ko‘rsatmoqda.
Xalilulloh Hamidov, Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi bosh ilmiy xodimi
Izoh qoldirish