Moliya vazirligi O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti daromadlar qismining 2020 yil ijrosi bo‘yicha dastlabki natijalarini e’lon qildi.
Ta’kidlanishicha, 2020 yilda aksiz solig‘i tushumlari 11,7 trln. so‘mni tashkil etgan. 2020 yilda jami byudjet daromadlaridagi ushbu soliqning ulushi 8,8% ni tashkil etgan.
Aksiz solig‘ining 10,8 trln. so‘mi soliq idoralari tomonidan va 0,9 trln. so‘mi bojxona organlari tomonidan undirilgan. Shuningdek, 2019 yilning mos davrida 9,5 trln. so‘m (ichki aksiz) va 0,8 trln. so‘m (import) tashkil qilgan.
Soliq tushumlarining asosiy qismi
Aksiz solig‘i tushumlarining asosiy qismi tabiiy gaz, alkogol va tamaki mahsulotlari hissasiga to‘g‘ri keladi. 2020 yilda tabiiy gaz tushumlari miqdori 3,6 trln. so‘m (ichki aksiz solig‘i tushumlarining 33,3%i), tamaki mahsulotlari uchun – 1,5 trln. so‘m (13,9%), alkogol mahsulotlari – 1,4 trln. so‘m (13%)ni tashkil qilgan.
2019 yilda tabiiy gaz bo‘yicha ushbu ko‘rsatkich 2,6 trln. so‘m (27,3%), tamaki mahsulotlari uchun – 1,4 trln. so‘m (14,7%) va alkogol mahsulotlari – 1,3 trln. so‘m (13,7%)ni tashkil qilgan.
Davlat byudjetiga 38 mlrd dollar kam tushgan
2020 yil 1 avgustdan boshlab avtotransport vositalari importiga aksiz solig‘i bekor qilingan. Buning natijasida, byudjetga 38 mlrd. so‘m (3,6 mln dollar) kelib tushmagan. Ushbu davrda avtotransport vositalariga aksiz solig‘i tushumlari 41 mlrd. so‘mni tashkil etgan.
Pandemiya sharoitida tadbirkorlik sub’yektlarini qo‘llabquvvatlash maqsadida, 2020 yil 31 dekabriga qadar aksiz solig‘i stavkalarining indeksatsiyasi bekor qilingan. 2020 yil 1 aprel va 1 oktyabrdan ko‘zda tutilgan aksiz solig‘i stavkalarining indeksatsiyasi amalga oshirilmagan.
Shunday qilib, alkogol, alkogolli mahsulotlar, shu jumladan, sharob va pivo uchun, shuningdek benzin, dizel yoqilg‘isi va gazni yakuniy iste’molchiga sotish uchun 2020 yil 1 yanvar holatiga belgilangan soliq stavkalari saqlab qolingan. Natijada 500 mlrd. so‘mdan ortiq mablag‘ kelib tushmagan.
2021 yil 1 yanvardan boshlab oziq-ovqat va elektrotexnika mahsulotlari, gilam, plastmassa buyumlari va boshqa mahsulotlar importi uchun aksiz solig‘i bekor qilindi.
Izoh qoldirish