Birja savdolarida suyultirilgan gaz narxi pasaydi

Birja savdolarida suyultirilgan gaz narxi pasaydi

2019 yil 18 - 24 noyabr kunlari "O‘zRTXB" AJ da o‘tkazilgan birja savdo natijalariga ko‘ra birja bozorining turli tovar segmentlarida narxlarni pasayishi kuzatildi.

Ko‘rib chiqilayotgan davr mobaynida 3339,3 tonna AI-91 rusumli benzin birja savdolariga qo‘yildi, va shundan 2793,5 tonnasi sotildi. So‘nggi savdo haftasida AI-91 rusumli benzini bo‘yicha shakllangan birja kotirovkasi avvalgi haftaga nisbatan biroz pasaydi va bir tonnasi uchun 6223,7 ming so‘mni tashkil etdi.

Oltinning narxi kichik o‘sishni ko‘rsatmoqda, so‘nggi savdo haftasida shakllangan birja kotirovkasi 0,1% ga ko‘payib, 1 gr oltin uchun 446,4 ming so‘mni tashkil etdi. Haftalik savdo natijalariga ko‘ra O‘zRTXB da 983,0 mln so‘mlik 2200 gr Au-1 markali oltin sotilgan. Sotuvchi sifatida “Olmaliq KMK” AJ savdoda qatnashdi.

O‘tgan haftada suyultirilgan gaz ishlab chiqaruvchilari birja savdolari orqali 12,5 mlrd so‘mlik 4548,0 tonna suyultirilgan gaz sotishdi. Gazning birjada shakllangan narxi oldingi haftaga nisbatan 5,1% ga pasayib, bir tonna uchun 2753,2 ming so‘mni tashkil etdi.

Qora metall bozorida narxlar pasayib bormoqda. Xususan, ST 12-35 GS armaturaning narxi 1,1% ga pasayib, bir tonnasi uchun 5629,9 ming so‘mni tashkil etdi. Birja orqali sotilgan barcha turdagi qora metallning hajmi jami 6,2 ming tonnani tashkil qilgan.

Sement bozori ham narxlar tushishini ko‘rsatmoqda. PS M-400 D-20 sement bo‘yicha narxlar avvalgi haftaga nisbatan 4,4% ga pasayib, 532,0 ming so‘mni tashkil qildi. Faol sotilayotgan boshqa markali sementlarning narxlar diapazoni 460,0-750,0 ming so‘mni tashkil etmoqda.

Birjada paxta tolasi narxlari pasayishi kuzatildi. O‘tgan hafta 1 nav 4 tip (oliy klass)dagi paxta tolasi bo‘yicha narxlar 1,1% ga pasayib, bir tonna uchun 14,8 mln so‘mni tashkil etdi. Paxta tolasini boshqa navlarining narxlari o‘rtacha 7,3 mln so‘mdan 13,0 mln so‘mgacha bo‘ldi.

Plyonka ishlab chiqarishda foydalaniladigan I-0760 polietilenning bir tonna uchun narxi 11,5 mln so‘mni tashkil etib, 2,7% ga pasaydi. O‘tgan haftada jami 1,7 ming tonna polietilen sotilgan.

O‘tgan haftada karbamidning narxi kshtarilgani kuzatildi, bir tonnasini narxi 0,3% ga kshpayib 1815,4 ming so‘mni tashkil etdi. Umuman olganda, hafta davomida birja savdolari orqali 32,3 ming tonna atrofida mineral o‘g‘itlar sotildi.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar