26 aprel – 2 may kunlari "O‘zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi" AJ ning barcha savdo platformalarida 1 817,4 mlrd so‘mlik tovarlar sotilgan bo‘lib, bu avvalgi haftaga nisbatan 10,7% ga ko‘pdir.
Bunda sotuvlarning 85,2% - birja savdolari, 2,7% - ko‘rgazma-yarmarka savdolari, 11,8% - elektron davlat xaridlari va 0,3% - avtoraqamlarning onlayn-auksioniga to‘g‘ri keldi, deyiladi O‘zRTXB matbuot xizmati xabarida.
Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’yektlari ishtirokida tuzilgan bitimlarning umumiy hajmi 770,5 mlrd so‘mni tashkil qildi. Davlat xaridlari tizimlarida o‘tkazilgan elektron savdolar natijasida byudjet va korporativ buyurtmachilarining qariyb 35,5 mlrd so‘mlik mablag‘lari tejaldi.
Ko‘rib chiqilayotgan davr mobaynida onlayn auksion orqali 3 049 ta avtoraqamlar sotildi, sotilgan davlat raqam belgilarining umumiy summasi 5,2 mlrd so‘mni tashkil qildi. Raqobatli savdolar natijasida bitimlarning 3,6% birinchi toifadagi avtoraqamlarga, 10,0% ikkinchi, 12,0% uchinchi, 13,3% to‘rtinchi, 20,9% beshinchi va 40,2% oltinchi toifa avtoraqamlarga tegishlidir.
Birja savdolari
Ko‘rib chiqilayotgan davrda ochiq birja savdolari orqali jami 1 548,5 mlrd so‘mlik tovar resurslari sotildi. Sotuvchi korxonalar mahsulotlarni tasdiqlangan jadvallarga rioya qilgan holda birja savdolariga qo‘yishdi, shu jumladan:
Paxta yog‘i
O‘tgan haftada birja savdolariga 8 047,0 tonna paxta yog‘i qo‘yilgan bo‘lsa, shundan 6 902,0 tonna, ya’ni 85,8% hajmdagi paxta yog‘i sotilgan. Elektron savdolarda ishtirok etgan xaridorlarning o‘rtacha kunlik soni 130 kishini tashkil qildi.
Ko‘rib chiqilayotgan davrda barcha navli paxta yog‘ining kunlik o‘rtacha narxlari mahsulotning bir tonnasi uchun 15 004,1 ming so‘mdan 17 228,7 ming so‘mgacha, ya’ni 14,8% ga ko‘tarildi. Hafta yakunlariga ko‘ra 1-navli paxta yog‘ining haftalik kotirovkasi mahsulotni bir tonnasi uchun 16 310,3 ming so‘mni tashkil etdi.
Shakar
O‘tgan haftada birjaning shakar bozorida narxlarning pasayishi kuzatildi. Xususan, hafta davomida birja savdolariga 13 650,0 tonna shakar qo‘yildi va ushbu hajmning barchasi, ya’ni 100% sotilgan.
Shu bilan birga, shakar bo‘yicha o‘tkazilgan birja savdolarida har kuni o‘rtacha 123 ta xaridor qatnashgan.
Ko‘rib chiqilayotgan davrda shakarning barcha kategoriyasi bo‘yicha shakllangan kunlik o‘rtacha narxlar mahsulotning bir tonnasi uchun 7 675,1 ming so‘mdan 7 399,8 ming so‘mgacha, ya’ni 3,6% ga pasaygan. O‘tkazilgan birja savdolari natijasida mahalliy shakarning 3-kategoriyasi bo‘yicha shakllangan o‘rtacha haftalik narxi mahsulotni bir tonnasi uchun 7 521,9 ming so‘mni tashkil etdi.
Sement
Birjaning sement bozorida ham narxlarning pasayishi davom etmoqda. O‘tgan hafta mobaynida birja savdolariga 258 535,0 tonna sement qo‘yildi va ulardan 225 981,0 tonnasi, ya’ni 87,4% sotildi. O‘rtacha kunlik sotuv hajmlari 45,2 ming tonnani tashkil qildi.
Ko‘rib chiqilayotgan davrda sementning barcha kategoriyasi bo‘yicha shakllangan kunlik o‘rtacha narxlar mahsulotning bir tonnasi uchun 575,4 ming so‘mdan 569,8 ming so‘mgacha, ya’ni 1,0% ga pasaydi.
Benzin
O‘tgan haftada sotuvchi korxonalar avtomobil benzinining birjadagi boshlang‘ich narxlarini oshirishdi. Birja savdolariga 38 599,0 tonna AI-80 markali avtomobil benzini qo‘yildi va ulardan 12 292,0 tonnasi, ya’ni 31,8% sotildi. O‘tkazilgan savdolarda har kuni o‘rtacha 34 xaridor ishtirok etdi.
Ko‘rib chiqilayotgan davrda sotuvchi korxonalar AI-80 markali avtomobil benzinining o‘rtacha boshlang‘ich narxlarini mahsulotning bir tonnasi uchun 6 361,8 ming so‘mdan 6 474,3 ming so‘mgacha yoki 1,8% ga ko‘tarishdi. Shu munosabat bilan, AI-80 markali avtomobil benzinning o‘rtacha kunlik narxi ham mos tarzda 6 362,1 ming so‘mdan 6 475,6 ming so‘mgacha, ya’ni 1,8% ga, ya’ni sotuvchilarning boshlang‘ich narxlarini ko‘tarishi hisobiga o‘sdi.
Ko‘rib chiqilayotgan davrda AI-80 rusumli avtomobil benzinning o‘rtacha haftalik kotirovkasi 6 468,1 ming so‘mni, AI-91 – 7 723,8 ming so‘mni tashkil etdi.
Eslatib o‘tamiz, turli manbalarda keltirishicha avtomobil benzinining bir tonnasi o‘rtacha 1293-1370 litrni tashkil qiladi.
Izoh qoldirish