Biznes-klinika dasturi: inqiroz davrida biznesni qo‘llab-quvvatlash

Biznes-klinika dasturi: inqiroz davrida biznesni qo‘llab-quvvatlash

2020 yil mart oyida mamlakatimiz Rahbari tomonidan COVID-19 koronavirus pandemiyasi tarqalishining oldini olish uchun transport harakatini cheklash, tashqi va viloyatlararo chegaralarni yopish, bolalar bog‘chalari, maktablar va universitetlarda o‘qish jarayonini to‘xtatish, ommaviy tadbirlar va yig‘ilishlarni bekor qilish kabi qat’iy choralar ko‘rildi. Karantin choralari va cheklovlar boshqa mamlakatlarda ham, O‘zbekistonda ham kichik biznesning faoliyatiga jiddiy ta’sir ko‘rsatdi. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, kichik biznes 2019 yilda O‘zbekistonning yalpi ichki mahsulotining 57 foizini tashkil etgan. Chet eldan pul o‘tkazmalarining kamayishi, turizmdan tushadigan daromadlar pasayishi va shu qatorda savdo va yetkazib berish zanjirlarida bir qator muammolar yuzaga keldi. Aksariyat korxonalar ishlab chiqarish hajmini va ishchilar sonini qisqartirishga majbur bo‘ldi, bu esa o‘z navbatida ish bilan ta’minlashda va fuqarolarimizning daromadlariga salbiy ta’sir ko‘rsatdi.

Inqirozning iqtisodiy oqibatlarini yumshatish maqsadida O‘zbekiston rahbari yuridik va jismoniy shaxslarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash choralarini ishlab chiqdi (xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 19.03.2010 yildagi 5969-sonli, 03.04.2010 yildagi 5978-sonli va 27.04.2010 yildagi 5986-sonli farmonlari). Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasi tashkil etildi va tadbirkorlikni va aholi bandligini qo‘llab-quvvatlash uning asosiy maqsadlaridan biri deb belgilandi.

BMT Taraqqiyot Dasturi tomonidan O‘zbekistonda ishga tushirilgan COVID-19 ga qarshi tezkor harakat qilish mexanizmi (ingl. Rapid Response Facility) doirasida uchta yo‘nalish bo‘yicha ishlar taklif qilindi:

1) Ehtiyojlarni tezda aniqlab ular bo‘yicha yechim topish;

2) Inqirozga qarshi samarali boshqaruv;

3) Erta tiklanish.

Uchinchi yo‘nalish doirasida BMT Taraqqiyot Dasturi Savdo-sanoat palatasi bilan birgalikda kichik va o‘rta biznes va xususiy tadbirkorlar uchun Biznes-klinika loyihasini ishga tushirdi. Biznes-klinika pandemiya davrida moliyaviy qiyinchiliklarga duch kelgan tadbirkorlarga biznesni tiklash va davlat tomonidan beriladigan imtiyoz va preferensiyalar bilan bog‘liq barcha masalalar bo‘yicha bepul maslahatlarni berib boradi.

Buning uchun biz tadbirkorlar bilan aloqa qilish uchun barcha mavjud kanal turlarini uladik: 1094 ishonch telefoni, https://t.me/biznes_klinika telegram-kanali va www.businessinfo.uz vebsayti.

Komponentning rahbari Farhod Jabborov pandemiyadan zarar ko‘rgan barcha kichik va o‘rta biznes vakillarini Biznes-klinika xizmatlari orqali tajribali mutaxassislardan malakali maslahatlarni olishga va davlat tomonidan taqdim qilinayotgan qo‘llab-quvvatlash choralaridan (soliq, bojxona, kredit va boshqalar) to‘liq foydalanishga taklif qiladi.

Bu biznesni yangi shaklda boshlash va:

- inqirozdan bosqichma-bosqich chiqish;

- avvalgi biznes aloqalarini tiklash va

- yangi bosqichga ko‘tarish borasida yangi g‘oya va imkoniyatlarni beradi.

Shuningdek, kichik va o‘rta biznesga yangi turtki berish, biznes boshqaruvi ko‘nikmalarini rivojlantirish, biznes barqarorligi va hayotiyligini ta’minlash va kelajakdagi har qanday o‘zgarishlarga moslashishga qaratilgan onlayn va karantin tugaganidan so‘ng offlayn kurslarini boshlash rejalashtirilgan.

BMTTD qashshoqlik, tengsizlik va iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq adolatsizliklarga barham berish bo‘yicha BMTning yetakchi tashkilotidir. 170 mamlakatdagi bizning keng tajribali mutaxassislarimiz va hamkorlarimiz bilan birgalikda biz odamlar va sayyoramiz uchun keng qamrovli, uzoq muddatli yechimlarni yaratishga yordam beramiz.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar