Botir Usmonov: Kimyo va biologiya fanlaridan maktab darsliklarini mazmunan sifatli deb bo‘lmaydi

Botir Usmonov: Kimyo va biologiya fanlaridan maktab darsliklarini mazmunan sifatli deb bo‘lmaydi

Joriy yilning 12 avgustida “Kimyo va biologiya yo‘nalishlarida uzluksiz ta’lim sifatini va ilm-fan natijadorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” Prezident qarori qabul qilindi.

Qarorga muvofiq, respublikaning har bir hududida bosqichma-bosqich kimyo va biologiya fanlariga ixtisoslashtirilgan 14 ta tayanch ixtisoslashtirilgan maktablar, chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashtirilgan 150 ta maktablar tashkil etiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vaziri o‘rinbosari, Toshkent kimyo texnologiyalari instituti rektori Botir Usmonov bilan suhbatimiz qaror bo‘yicha olib boriladigan ishlar, ilm-fan, ta’lim, kimyo va biologiya fanlari rivojiga e’tibor qaratish davlat rivoji uchun qanchalik dolzarbligi to‘g‘risida bo‘lib o‘tdi.

1. Sizningcha, kimyo va biologiya fanlariga ixtisoslashtirilgan maktablarni tashkil etilishi qanchalik dolzarb? Bu tizim keyinchalik qanday samara beradi?

Avvalam bor kimyo va biologiyaga ixtisoslashtirilgan maktablarning tashkil etilishi bolani maktab yoshidan ma’lum sohaga yo‘naltirish imkonini beradi. Bu esa o‘z navbatida shu tarmoqda yetuk mutaxassislar yetishib chiqishiga katta turtki bo‘ladi. Bu nafaqat O‘zbekiston balki, dunyoning rivojlangan mamlakatlar tajribasidan o‘tgan islohotligi hammaga ma’lum. Maktablarni aynan kimyo va biologiyaga ixtisoslashtirish mamlakatimizning shu tarmoqlardagi keng potensialidan unumli foydalanish uchun yetuk kadrlar tayyorlashda ilk poydevorni mustahkamlashni anglatadi. Ayniqsa, bugungi kunda kimyo sanoatining iqtisodiyotda tutgan o‘rni nihoyatda muhim. Kimyo sanoati mashinasozlik bilan bir qatorda zamonaviy sanoatning eng dinamik sohasi bo‘lib, ilmiy-texnika inqilobining avangard tarmoqlaridan biridir. Bugungi kunda bu yo‘nalish bo‘yicha yetuk mutaxassislarga katta ehtiyojimiz borligi hech kimga sir emas. Ma’lumki ulkan qadamlar yaxshi mutaxassislar orqali tashlanadi. O‘rtamiyona kadrlar bilan katta qadam tashlab bo‘lmaydi. Yuqoridagilarni inobatga oladigan bo‘lsak, kimyo va biologiyaga ixtisoslashtirilgan maktablarning tashkil etilishi bugungi davrning eng katta talablaridan biridir.

2. Kimyo va biologiya fani bo‘yicha olimpiadada 1-3-o‘rinni egallagan talabalarni o‘qishga imtihonsiz qabul qilish tizimi sizningcha o‘zini oqlaydimi?

Ma’lumki, Muhtaram Prezidentimiz Sh.M.Mirziyoyevning qarori bilan 2021/2022 o‘quv yilidan boshlab kimyo va biologiya yo‘nalishlarida kadrlar tayyorlayotgan barcha oliy ta’lim muassasalari umumta’lim maktablari bitiruvchi sinflari o‘quvchilari o‘rtasida ko‘p bosqichli (tuman (shahar) – viloyat – oliy ta’lim muassasasi) kimyo va biologiya fani bo‘yicha o‘zining olimpiadasini o‘tkazish va 1-3 o‘rinlarni egallagan o‘quvchilarni oliy ta’lim muassasasining mablag‘lari hisobidan imtihonsiz o‘qishga qabul qilinishi belgilandi. Hukumatimiz tomonidan olib borilayotgan islohotlarning, umuman dunyo mamlakatlari islohotlarining aksar qismi mamlakat iqtisodiy holatini yanada yaxshilashga qaratiladi. Xususan, ushbu qaror mohiyatida ham mamlakatning kimyo sanoatiga yetuk kadrlar tayyorlash orqali mamlakat iqtisodiyotiga salmoqli hissa qo‘shilishi reja qilingan. Albatta, fan olimpiadalari g‘oliblarining bu tarzda qo‘llab quvvatlanishi ularni yanada ruhlantiradi. Buning natijasida biz elita talabalarga ega bo‘lamiz. Elita talabalardan esa elita mutaxassislar tayyorlanadi.

3. Bugungi kunda ilm-fan rivojiga e’tibor qaratish davlat rivoji uchun qanchalik dolzarb bo‘lib turibdi?

Ma’lumki, ko‘pgina rivojlangan mamlakatlar, shu jumladan, Yaponiya, Janubiy Koreya va AQSh, Yevropa mamlakatlari ilm-fanni rivojlantirish orqali o‘z mamlakatlarini iqtisodiy o‘sishga erishgan. Mamlakatda ilm-fanni rivojlantirish orqali ishlab chiqarish rivojlantirish, innovatsiyalarni joriy qilish orqali iqtisodiy o‘sishga erishish mumkin. Rivojlangan mamlakatlarda intellektual mulk bozori yaxshi rivojlangan. Ayniqsa, startaplar va innovatsiyalar bugun ishilab chiqarishga jadal kirib bormoqda. Shu sababli, ilm-fan rivojiga katta e’tibor qaratish, innovatsiyalarni chet davlatlardan emas, o‘zimizda yaratish va ishlab chiqarishga joriy etish iqtisodiy samaradorlikka erishishga olib keladi.

4. Kimyo va biologiya fanlariga e’tiborni yanada kuchaytirishga qanday qaraysiz? Boshqa davlatlar bilan taqqoslaganda O‘zbekistonda bu sohada o‘sish va rivojlanish qay darajada?

Ushbu fanlar asosida mamlakat hayotining bir qancha tarmoqlari qurilgan. Tibbiyot, farmatsevtika, biotexnologiya, kimyo sanoatlarini bunga misol qilib keltirishimiz mumkin. Birgina misol, hozirda butun dunyoga xavf solib turgan Covid-19 pandemiyasi mamlakatimizda tibbiyot va farmatsevtika sohasiga e’tiborni kuchaytishimiz eng dolzarb masalalardan ekanligini ko‘rsatib qo‘ydi. Shu birgina misolni o‘zidanoq kimyo, biologiya fanlariga e’tibor qaratishimiz qanchalik muhim ekanligini anglatadi. Bugungi kunga qadar maktablarda matematika, kimyo, fizika va biologiya bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlar uchun o‘quv vaqtining atigi 10% ajratilgan, rivojlangan mamlakatlarda esa bu ko‘rsatkich 30-50%ni tashkil etadi. Ayni shu ko‘rsatkichni yanada ko‘tarish, rivojlangan mamlakatlar darajasiga yetib olish uchun bugun mamlakatimizda bir qancha ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, 2019/2020 o‘quv yilida Prezidentimiz qarorlari bilan institutning Shahrisabz va Yangiyer filiallari tashkil etildi, 2019/2020 o‘quv yilidan ushbu filiallarga “Kimyoviy texnologiya” va “Oziq-ovqat texnologiya” ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha abituriyentlar qabul qilina boshlandi. Keyingi o‘quv yilidan institutning Angren filialiga ham abituriyentlar qabul qilinadi. Ko‘rinib turibdiki, hududlarda kimyo va oziq-ovqat sanoatlari rivojlanib borgan sari malakali kadrlarga ehtiyoj tug‘ilmoqda. Ixtisoslashtirilgan maktablarda kimyo va biologiya fanlarini chuqur o‘qitilishi OTMlarda sanoat korxonalariga malakali kadrlarni yetishtirishda, keyinchalik yetuk ilmiy xodimlarni tayyorlashda, start-ap loyihalari, innovatsion loyihalari mualliflarini tayyorlashda muhim omil sanaladi.

5. Kimyo va biologiya fanlari qaysi sohalar uchun o‘ta muhim hisoblanadi. Sizningcha bu fanlarni hamma birdek bilishi kerakmi?

Yuqorida aytib o‘tganimizdek, kimyo va biologiya fanlari farmatsevtika, oziq-ovqat, neft va gazni qayta ishlash, qurilish materiallarini ishlab chiqarish, tog‘-kon sanoati, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish, tibbiyotning turli tarmoqlarida o‘ta muhim hisoblanadi. Albatta, bu fanlarni hamma birdek bilishi shart emas. Chunki bu fanlar o‘ta murakkab fanlar hisoblanadi. Birgina kimyo fanining o‘zi o‘z ichida kalloid kimyo, fizikaviy kimyo, umumiy noorganik kimyo, organik kimyo kabi bir necha turlarga bo‘linib ketadi. Shuning uchun ham yetishib chiqayotgan avlod ushbu murakkab fanni o‘zlashtirishga bir qadar tayyor bo‘lib kelishi va mustahkam poydevorga ega bo‘lishi uchun kimyo va biologiya fanlariga ixtisoslashtirilgan maktablar ochilishi ayni muddaodir.

6. Kimyo va biologiya fanlarida ta’limi berish, darsliklar holati qanday, kamchiliklar haqida nima deya olasiz?

Bugungi kunda respublikamizda 10000 dan ortiq umum ta’lim maktablari mavjud bo‘lib, ularning barchasida ham kimyo va biologiya fanlarini o‘qitish uchun moddiy-texnika bazasi yetarli emas, qolaversa, ushbu fanlardan malakali o‘qituvchilar ham kam.

Kimyo va biologiya fanlaridan maktab darsliklarini ham mazmun jihatdan sifatli deb bo‘lmaydi. Ushbu darsliklarni jahon standartlariga javob beradigan, xorijiy adabiyotlardan foydalangan holda qayta tayyorlash juda muhim. Prezidentimiz qarori bilan tayanch ixtisoslashtirilgan maktablar va ixtisoslashtirilgan maktablarda kimyo va biologiya fanlarini samarali o‘qitishni muvofiqlashtirish uchun ularga oliy ta’lim muassasalarining 55 ta kafedralarini biriktirish, oliy ta’lim muassasalarida kimyo va biologiya yo‘nalishlarida samarali o‘quv jarayonini tashkil etish, fanlarni rivojlantirish uchun ularning 74 ta kafedralariga 11 ta Fanlar akademiyasi ilmiy-tadqiqot institutlari hamda ishlab chiqarish tarmoqlarini biriktirish vazifasi yuklatildi.

7. Bu sohada yetakchi olimlar yoshlarga ta’lim berishi qanday amalga oshiriladi?

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Kimyo va biologiya yo‘nalishlarida uzluksiz ta’lim sifatini va ilm-fan natijadorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorining ijrosini ta’minlashda kimyo va biologiya fanlari bo‘yicha tayanch ixtisoslashtirilgan maktablarga biriktirilgan oliy ta’lim muassasalaridan yetuk professor-o‘qituvchilarning o‘quvchilarga ta’lim berishiga erishiladi. Bunda haftaning ma’lum bir kuni ochiq darslar, seminarlar, laboratoriya darslari, vebinarlar tashkil etiladi. Toshkent kimyo-texnologiya instituti misolida oladigan bo‘lsak, “Go‘sht, sut va konservalangan mahsulotlar texnologiyasi” kafedrasiga Toshkent shahrining Uchtepa tumanidagi 116-maktab, “Biotexnologiya” kafedrasiga Olmazor tumanidagi 28-son umumta’lim maktabi biriktirilgan bo‘lib, bu maktablarda ta’lim sifatini yaxshilash maqsadida institutimizning yetuk professor-o‘qituvchilari hamda iqtidorli talabalari ta’lim jarayoniga jalb etilmoqda.

Xorijdan mutaxassislar jalb qilinadimi?

Xorij tajribasi, ayniqsa, ilm-fan taraqqiy etgan mamlakatlar tajribasi juda muhim omil albatta. Bunda o‘z tajribamizni misol qilib keltiradigan bo‘lsak, o‘tgan davr davomida ham biz xorij bilan qizg‘in munosabatlar o‘rnatganmiz. Ispaniya, Janubiy Koreya, Xitoy Xalq Respublikasi, Bolgariya, Latviya, Chexiya, Daniya, Belorussiya, Ruminiya, Rossiya, Qozog‘iston kabi mamlakatlarning oliy ta’lim muassasalari bilan xalqaro aloqalarimiz bor. Misol qilib oladigan bo‘lsak, Belorus Respublikasining Mogilyov davlat oziq-ovqat universiteti, Belorus davlat texnologiya universiteti va Rossiya Federatsiyasining Qozon (Volga bo‘yi) Federal universitetlari bilan qo‘shma dasturlarimiz bor. Bu dasturlarda o‘qigan talabalar ham Toshkent kimyo-texnologiya institutining ham hamkor oliy ta’lim muassasasining diplomiga ega bo‘ladi. Eng muhim taraflaridan biri, o‘quv muddatining teng yarmini xorijda o‘qiydi. Bu esa yoshlarimiz uchun katta tajriba to‘plash imkonini beradi.

Zamonaviy talim dasturlari kiritiladimi?

Albatta, ta’lim zamon bilan hamnafas yurmasa, rivojlanish ham orta qolib ketaveradi. Bu borada davlatimiz tomonidan bir qancha choralar ko‘rilmoqda. Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda Xalq ta’limi vazirligi 2020 yil 1 dekabrga qadar kimyo va biologiya fanlari o‘qituvchilarini tayyorlash dasturlarini xorijiy universitetlar tajribasi asosida tahlil qilib, takomillashtirish choralarini ko‘rishi zarurligi belgilab qo‘yildi. Ushbu maktablarda kimyo va biologiya fanlari chuqurlashtirilgan holda maqsadli o‘qitiladi. Kimyo va biologiya fanlarini o‘qitishning zamonaviy ta’lim dasturlari ishlab chiqiladi va o‘quv jarayoniga joriy etiladi.

Yoshlar ilmiy laboratoriyalarga jalb qilinadimi?

Kimyo sohasini laboratoriyalarsiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Umuman kimyo va biologiyani rivojlantirishni maqsad qilgan ekanmiz eng birinchi masala bu moddiy texnik ba’zani yaxshilash bo‘ladi. Bunda esa bevosita zamonaviy laboratoriyalar bilan ta’minlanish birinchi darajadagi ehtiyojdir. Bu borada ham kerakli chora tadbirlar ko‘rilmoqda. Birgina Toshkent kimyo-texnologiya instituti misolida oladigan bo‘lsak, Jahon banki tomonidan ajratilgan grantlar asosida joriy yilda Toshkent kimyo-texnologiya institutining 4 ta kafedrasiga “Gidravlika”, “Ekologiya va hayot faoliyati xavfsizligi”, “Oziq-ovqat xavfsizligi”, “Issiqlik texnikasi” fanlaridan zamonaviy o‘quv va ilmiy laboratoriya jihozlari keltirildi. Qolaversa, homiylar tomonidan 3 ta laboratoriya xonasi yangidan ta’mirlanib, zamonaviy jihozlar bilan jihozlandi. Yoshlarga zamonaviy bilim berish borasida muntazam o‘quv dasturlari xorijiy tajribadan foydalangan holda takomillashtirib borilmoqda. Institutimizga biriktirilgan ixtisoslashtirilgan maktablar, akademik litsey va texnikum o‘quvchilari uchun ochiq eshiklar kuni tashkil etiladi, iqtidorli o‘quvchilar yetuk professor-o‘qituvchilarimizga biriktiriladi va ilmiy-tadqiqot ishlariga jalb qilinadi.

Xalqaro olimpiadalarga tayyorgarlik ko‘rish tizimi takomillashtiriladimi?

Albatta, xalqaro olimpiadalar bu katta tajriba bo‘lishi bilan bir qatorda juda katta motivatsiya hamdir. Kimyo sohasi bo‘yicha yetishib chiqayotgan yosh kadrlar xalqaro maydonda ham o‘zlarini ko‘rsatishni istashi tabiiy hol. Bunday olimpiadalarni O‘zbekistonda tashkil etilishi esa har tomonlama manfaatli bo‘ladi. O‘zbekistonlik o‘quvchi yoshlarning xalqaro olimpiadalarda ko‘rsatayotgan natijalari juda yuqori. Xalqaro Mendeleyev olimpiadasida yoshlarimiz oltin, kumush, bronza medallarini qo‘lga kiritib qaytayotgani judayam bizni quvontiradi. Mana shunday yutuqlarni oliy ta’lim darajasida ham qo‘lga kiritishimiz kerak. Ayni paytda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda Fanlar akademiyasining 2021 yildan boshlab har ikki yilda bir marotaba oliy ta’lim muassasalari talabalari orasida kimyo va biologiya fanlari bo‘yicha Abu Rayhon Beruniy nomidagi xalqaro fan olimpiadalarini o‘tkazilishi ma’qullandi. Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Moliya vazirligi 2021 yildan boshlab kimyo va biologiya fanlari bo‘yicha xalqaro va respublika olimpiadalari g‘oliblarini tayyorlagan professor-o‘qituvchilarga bir marotaba oylik maoshining 100 foizi miqdorida, kimyo va biologiya fanlari bo‘yicha talabalar uchun to‘garaklar olib borayotgan professor-o‘qituvchilarga o‘quv yili davomida oliy ta’lim muassasalarining byudjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan oylik maoshlariga 25 foiz miqdorida ustama haq belgilash tartibi joriy etiladi. Kimyo va biologiya fanlari bo‘yicha Xalqaro olimpiadalarni yuqori saviyada o‘tkazish va ularga yoshlarimizning tayyorgarligini yanada oshirishga katta e’tibor beriladi. Bu borada Tashqi ishlar vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Innovatsion rivojlanish vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi kabi yuqori tashkilotlar jiddiy ishlar olib bormoqda.

Latofat Bo‘riyeva suhbatlashdi

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar