24 iyun kuni “BRIKS plyus” formatidagi Global taraqqiyot masalalari bo‘yicha Xitoy tomoni raisligida o‘tgan onlayn forumda dunyoning 18 mamlakatidan davlat va hukumat rahbarlari qatnashdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin bilan bir qatorda Argentina Prezidenti Alberto Fernandes, Indoneziya Prezidenti Joko Vidodo, Jazoir Prezidenti Abdulmajid Tabbun, Janubiy Afrika Respublikasi Prezidenti Siril Ramafosa, Misr Prezidenti Abdulfattoh as-Sisi, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin, Eron Prezidenti Ibrohim Raisiy, Qozog‘iston Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi, Braziliya vitse-prezidenti Gamilton Mourau, shuningdek, Kambodja, Malayziya, Tailand, Fidji va Efiopiya hukumatlari rahbarlari ishtirok etdi.
Xavfsizlik va barqarorlik borasidagi ko‘p tomonlama hamkorlik, savdo va investitsiyalar, “yashil” iqtisodiyot, yuqori texnologiyalar va innovatsiyalar, raqamlashtirish, transport va logistika, ekologiya, gumanitar sohalarda amaliy sheriklikni kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.
O‘zbekiston Prezidenti o‘z nutqida “BRIKS plyus” formatidagi muloqotning Barqaror rivojlanish kun tartibini ilgari surishda inklyuziv sheriklik uchun zarur platforma sifatida alohida ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi.
Qo‘shma loyiha va tashabbuslarni ilgari surish maqsadida “BRIKS plyus” ishbilarmon doiralari forumini yo‘lga qo‘yish taklif etildi.
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi direktori o‘rinbosari Muhsinjon Xolmuhamedov ushbu platforma O‘zbekiston uchun qanday ahamiyatga eganligi borasidagi o‘z mulohozalarini bildirdi.
“O‘zbekiston Prezidenti o‘z nutqida barqaror rivojlanish maqsadlariga birgalikda erishishda xalqaro hamkorlikni ustivor yo‘nalishlarini ko‘rsatib o‘tdi.
Yangi ishlab chiqarish va savdo logistikasi zanjirlarini yaratish, sanoat kooperatsiyasi loyihalari, infratuzilmalarni modernizatsiya qilish, texnologiyalar va innovatsiyalarni jalb qilish masalalariga alohida to‘xtaldi. Shuningdek, sun’iy intelekt, raqamlashtirish, biotexnologiyalar hatto buyumlar interneti kabi sohalarda hamkorlikni chuqurlashtirish, qo‘shma loyiha va tashabbuslarni ilgani surishda tadbirkorlara qatlamini keng jalb qilish masalalari tilga olindi. Bunda ishbilarmonlik muloqoti platformasi, BRIKS plyus biznes forumini ishga tushirish bilan bog‘liq muhim tashabbuslar, undan tashqari global tendiyensiyalarni hisobga olgan holda bugungi kunda inson kapitali bilan bog‘liq masalalar alohida ta’kidlandi. Bu aytaylik Oliy ta’lim, kasb-hunar ta’limdagi hamkorlik, Universitetlar ligasida O‘zbekiston universitetlarini ishtirok etishi kabi masalalar davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surildi. Shu bilan birga bu yil O‘zbekiston ShHT (Shanhay Hamkorlik Tashkiloti) raisligini inobatga olgan holda, BRIKS plyus va ShHT o‘zaro faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha muhim tashabbuslar ilgari surdi”, deydi Markaz eksperti.
Prezident Shavkat Mirziyoyev nutqi yakunida “BRIKS plyus” shaklidagi muloqotning o‘tkazilishi tezkor ravishda umumiy tahdidlarning oldini olish, global barqarorlik va mamlakatlarimizning izchil taraqqiyotini ta’minlash yo‘lida ishtirokchilarning intilishlari mushtarakligini yana bir bor namoyish etganini ta’kidladi.
Izoh qoldirish