Markaz hisob-kitoblariga ko‘ra, O‘zbekistonda ko‘chmas mulkka bo‘lgan talab bilan bir qatorda, avtomobillar savdosi ketma-ket ikkinchi oyda o‘sib bormoqda.
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi (Markaz) tomonidan ko‘chmas mulk va avtomobil bozorlarida talab o‘zgarishi doimiy ravishda tahlil qilib kelinmoqda. Joriy yil yanvar-mart oylarida ushbu bozorlarda talabning oshishi O‘zbekistonda iqtisodiy faollik to‘liq tiklanganligini ko‘rsatmoqda.
Ko‘chmas mulk bozori
Joriy yil mart oyida mamlakatimizda ko‘chmas mulk bo‘yicha rasmiylashtirilgan shartnomalar soni fevral oyi bilan taqqoslaganda o‘zgarishsiz qoldi va 20,2 ming donani tashkil qildi. Bu esa o‘tgan yil mart oyidan 34,4%ga ko‘proq hisoblanadi.
Ko‘chmas mulk bozorining 30%dan ko‘prog‘iga egalik qiluvchi Toshkent shahrida oldi-sotdi shartnomalari soni 6,17 mingni tashkil etib, fevral oyiga nisbatan 0,9%ga kamaydi. 2020 yil mos davri bilan taqqoslaganda o‘sish 32,6%ni tashkil qildi. Bu, o‘z navbatida, ko‘chmas mulkga bo‘lgan talab o‘zining uzoq muddatli trendiga qaytganidan dalolat beradi.
Hududlar kesimida ko‘chmas mulk oldi-sotdi shartnomalari sonining eng yuqori o‘sish sur’atlari Navoiy (18%), Farg‘ona (10,7%), Jizzax (9,6%) viloyatlarida hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasida (10,4%) kuzatildi. Ta’kidlash kerakki, ushbu ko‘rsatkich Sirdaryo (8,6%), Toshkent (8,1%) va Xorazm (8%) viloyatlarida sezilarli darajada kamaydi.
Mamlakatimizda iqtisodiy o‘sishning asta-sekin tiklanayotgani va ko‘chmas mulkka bo‘lgan talabning oshib borayotgani an’anaviy ravishda narxlarni yanada oshirish mexanizmiga aylanishi mumkin.
Biroq, hozirgi kunda ko‘chmas mulk bozorini qo‘llab-quvvatlashga qodir bo‘lgan chora-tadbirlardan biri – bu joriy yilda davlat tomonidan keng ko‘lamli uy-joy dasturini amalga oshirish boshlanganidir. Buning uchun yil oxiriga qadar 11,5 trln. so‘m (1,1 mlrd. dollar) yo‘naltiriladi. Bu esa o‘tgan yilgidan 4 barobar ko‘proqdir. Xususan, joriy yilda 45 ming oilani arzon uy-joy bilan ta’minlash rejalashtirilgan.
1-rasm. Ko‘chmas mulk oldi-sotdisi bo‘yicha rasmiylashtirilgan shartnomalar soni o‘zgarishi indeksi
Shunday qilib, arzon uy-joylarning ko‘payishi hisobiga urbanizatsiya sur’atlarining tezlashishi kutilmoqda, bu esa ishbilarmonlik faolligi, talab va umuman odamlarning turmush darajasi yaxshilanishini anglatadi.
Bundan tashqari, hukumat tomonidan qurilish sohasini, birinchi navbatda, uy-joy qurilishini talab drayveri sifatida qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilgan kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Avtomobil bozori
Mart oyida avtomobil bozorida aholi talabi fevral oyiga nisbatan 7,7%ga oshib, qatorasiga ikkinchi oy barqaror o‘sish sur’atlarini ko‘rsatdi. 2020 yil mart oyi bilan taqqoslaganda avtomobillar savdosi o‘sishi 47,4%ni tashkil qildi. 2020 yil mart oyida respublika bo‘yicha joriy etilgan lokdaun natijasida savdolar fevral oyiga nisbatan 34,6%ga kamaygan edi.
2-rasm. Ro‘yxatga va qayta ro‘yxatga olingan avtomobillar soni o‘zgarishi indeksi
Hisobot davrida Qoraqalpog‘iston Respublikasi (31,5%), Xorazm (30,5%), Jizzax (23,5%) vilotyalarida ro‘yxatga va qayta ro‘yxatga olingan avtomobillar soni yuqori sur’atlarda o‘sdi.
Bunda, Buxoro (7,9%), Qashqadaryo (7%) va Andijon (4,3%) viloyatlarida sezilarli darajada kamayish kuzatildi.
Avtomobil sohasi, shubhasiz, mamlakatda iqtisodiy o‘sishni tezda rag‘batlantirishning samarali vositasi hisoblanadi.
*Ko‘chmas mulk va avtomobil bozorlarining batafsil tahlili Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markaziga so‘rov orqali taqdim qilinishi mumkin.
Xalilulloh Hamidov, Markaz bosh ilmiy xodimi
tel: (78) 150-02-02
Izoh qoldirish