Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi iyun oyida O‘zbekistonda ko‘chmas mulk savdosi qanday o‘zgarganini tahlil qildi

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi iyun oyida O‘zbekistonda ko‘chmas mulk savdosi qanday o‘zgarganini tahlil qildi

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi (Markaz) tomonidan ko‘chmas mulk va avtomobil bozorlarida talab o‘zgarishi muntazam ravishda tahlil qilib kelinmoqda.

Mazkur bozorlarda talab o‘zgarishi O‘zbekistonda iqtisodiy faollik tiklanganini ko‘rsatmoqda.

Joriy yilning iyun oyida mamlakatimizda ko‘chmas mulk bo‘yicha rasmiylashtirilgan shartnomalar soni 21,5 mingtani tashkil etdi; bu may oyiga nisbatan 16,8%ga ko‘proqdir. Ta’kidlash kerakki, may oyida aprel oyiga nisbatan bir oz pasayish qayd etilgan edi. 2019 yilning iyun oyi (14,3 ming) bilan taqqoslaganda ko‘chmas mulk oldi-sotdisi bo‘yicha tuzilgan shartnomalari soni 50,6% ga oshdi. Biroq, 2020 yil iyun oyiga nisbatan (33,6 ming) 36%ga pasayish qayd etildi. Bu, bir tomondan, o‘tgan yili lokdaundan keyin karantin choralarining bosqichma-bosqich yumshatilishi bilan ko‘chmas mulk bozorida jonlanish qayd etilganligi bilan, boshqa tomondan doimiy ro‘yxatga olish tartibining soddalashtirilishi bilan izohlanadi.

Bunda, 2020 yilning iyun oyida mamlakatimizda ko‘chmas mulk bo‘yicha rasmiylashtirilgan shartnomalar soni 2019 yilning iyuniga (14,3 ming) nisbatan 135,2% ga oshgan bo‘lsa, Toshkentda bu ko‘rsatkich (2019 yilning iyunida 4,5 ming) 148,7%ga ko‘paygandi.

1-rasm. Ko‘chmas mulk oldi-sotdisi bo‘yicha rasmiylashtirilgan shartnomalar soni o‘zgarishi indeksi

Hududlar kesimida respublikaning barcha hududlarida may oyiga nisbatan o‘sish kuzatildi. Eng yuqori o‘sish sur’atlari Samarqand (31,7%), Farg‘ona (27,1%), Namangan (26,2%), Jizzax (25,7%) va Navoiy (22,6%) viloyatlarida kuzatildi.

2-rasm. Ipoteka kreditlari va ko‘chmas mulk oldi-sotdisi o‘rtasidagi aloqadorlik

Tahlil natijalari shuni ko‘rsatadaki, ipoteka krediti va ko‘chmas mulk savdosi o‘rtasida sezilarli darajada bog‘liqlik mavjud. Ipoteka kreditlari sonining 10% ga oshishi ko‘chmas mulk oldi-sotdisining o‘rtacha 6,7% ga o‘sishiga olib keladi.

3-rasm. Aholiga berilgan ipoteka kreditlari

Manba: O‘zbekiston Markaziy banki ma’lumotlari asosida hisob-kitoblar

2021 yilning yanvar-may oylarida aholiga berilgan ipoteka kreditlari hajmi 2,77 trln. so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, ushbu kreditlar soni 21,1 mingtaga yetdi.

Viloyatlar kesimida mazkur davrda eng ko‘p ipoteka kreditlari berilgan hududlar Toshkent shahri (4012, hajmi – 809,4 mlrd. so‘m ), Farg‘ona (2122, hajmi 248,1 mlrd. so‘m), Surxondaryo (1782, hajmi 185,1 mlrd. so‘m), Toshkent (1524, hajmi 185,1 mlrd. so‘m) va Andijon (1508, hajmi 226,7 mlrd. so‘m) bo‘ldi.

4-rasm. 2021 yil yanvar-may oylarida viloyatlar kesimida aholiga berilgan

Xalilulloh Hamidov,

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi

Bosh ilmiy xodimi


Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar