Coliq turlari qisqartirildi

Coliq turlari qisqartirildi

“Soliq kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun Prezident tomonidan imzolandi va Soliq kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilib, uning yangi tahriri tasdiqlandi.

Qonunga muvofiq, 2007 yilda qabul qilingan Soliq kodeksida nazarda tutilgan soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar bo‘yicha imtiyozlar 2020 yilning 1 apreliga qadar amal qiladi.

2020 yilning 1 yanvarigacha qabul qilingan soliq to‘g‘risidagi qonun hujjatlarida nazarda tutilgan soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar bo‘yicha imtiyozlar ularning amal qilish muddati tugagunga qadar amal qiladi.

Qonunga ko‘ra, yagona ijtimoiy to‘lov, yagona soliq to‘lovi va qat’iy belgilangan soliq o‘rniga tegishlicha ijtimoiy soliq, aylanmadan olinadigan soliq hamda qat’iy belgilangan miqdorda jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i kiritilmoqda.

Hisoblangan soliq summasidan hisobga olinadigan QQS summasining oshib ketishi natijasida hosil bo‘lgan QQS summasining o‘rnini qoplash 2020 yilning 1 iyulidan e’tiboran amalga oshiriladi.

Soliq to‘lovchi 2020 yil 1 yanvarga qadar hosil bo‘lgan zararni kelgusiga, ushbu zarar ko‘rilgan soliq davridan keyingi 5 yildan ko‘p bo‘lmagan muddatga ko‘chirishni amalga oshirishga haqli.

Bunda, har bir keyingi soliq davrida hisobga olinadigan o‘tkazilayotgan zararning jami summasi joriy soliq davridagi soliq bazasining 50 foizidan oshishi mumkin emas.

Yangi tahrirdagi Soliq kodeksida soliqlarni unifikatsiyalash, o‘xshash soliq solish bazasiga ega soliqlarni birlashtirish orqali ular soni maqbullashtirildi, soliq hisobotlari kamaytirildi va soddalashtirildi.

Soliq turlari 9 tagacha qisqartirildi.

Xususan, yagona yer solig‘i, davlat boji, bojxona to‘lovlari va tadbirkorlik faoliyatining ayrim turlari bo‘yicha qat’iy belgilangan soliq turlari bekor qilindi.

Kodeksga ko‘ra, soliq organlari soliq tekshiruvlarining quyidagi turlarini o‘tkazadi:

  • – kameral soliq tekshiruvi;
  • – sayyor soliq tekshiruvi;
  • – soliq auditi.

(Ilgari soliq tekshiruvlari vakolatli organ bilan kelishuvga ko‘ra o‘tkaziladigan va vakolatli organni xabardor qilish tartibida o‘tkaziladigan tekshiruvlardan iborat bo‘lgan)

Kodeksga transfert narx shakllantirishni nazorat qilish normalari, “o‘zaro bog‘liq shaxslar” va “o‘zaro bog‘liq shaxslar o‘rtasida nazorat qilinadigan bitimlar”, “nazorat qilinadigan chet el kompaniyasi” tushunchalari kiritildi.

Shu munosabat bilan ayrim tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan faoliyat amalga oshirilishi bilan bog‘liq “soliq to‘lovchilarni konsolidatsiyalashgan guruhi” tushunchasi va ularni soliqqa tortishning xususiyatlari belgilandi.

Hujjat haqidagi to‘liq ma’lumot bilan www.lex.uz sayti orqali tanishish mumkin.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar