COVID-19 cho‘qqisi zabt etildi: Karantin choralarining ijobiy ta’siri

COVID-19 cho‘qqisi zabt etildi: Karantin choralarining ijobiy ta’siri

COVID-19 virusining chet mamlakatlarida tarqalish tendensiyasi va oqibatlarini hisobga olgan holda, Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi (Markaz) tomonidan O‘zbekistonda COVID-19 bilan bog‘liq vaziyat SEIR (Susceptible-Exposed-Infected-Recovered) modeli asosida uzluksiz tahlil qilib borilmoqda. Tadqiqot natijalariga ko‘ra, karantin choralari ijobiy ta’sirini ko‘rsatdi va xavf ortda qoldi.

Metodologiya

Yuqumli kasalliklarning tarqalish parametrlarini hisoblashda matematik kompartmental (guruhlarga ajratuvchi) modellardan foydalaniladi. Mazkur modelda aholi bir necha guruhlarga bo‘linadi va har bir guruhdagi odamlar bir xil xususiyatga ega deb faraz qilinadi.

Modelga ko‘ra, virus tarqalishi bir nechta bosqichlardan iborat bo‘lib, bosqichlarni ikki qismga ajratgan holda, ya’ni pandemiya boshlanishidan oldingi va pandemiya davridagi holatlarida o‘rganiladi. COVID-19 ning tarqalishi dinamikasiga ko‘ra, bemorlar soni doimo eksponensial egri chizig‘i bo‘ylab harakatlanmaydi va muayyan nuqtaga erishgach, pasayish kuzatiladi. Mazkur holat tibbiyot statistikasida “epidemiologik egrisi” deyiladi va bu amaliyotda o‘z tasdig‘ini topgan.

SEIR modeli kompartmental modellarning biri bo‘lib, aholini to‘rt guruhga ajratadi:

  1. kasallikka ta’sirchan;
  2. kasallangan, lekin kasallik alomatlari yo‘q;
  3. kasallangan va kasal tarqatuvchi;
  4. sog‘aygan.

SEIR modelining tenglamalari:

Bunda:

S(t) – kasallikka ta’sirchan aholi soni

E(t) – kasallangan, lekin kasallik alomatlari yo‘q

I(t) – kasallangan va kasal tarqatuvchi

R(t) – sog‘aygan

Mazkur model kasallik ko‘payishining bazaviy chastotasi, inkubatsiya davri davomiyligi, bemorning o‘rtacha kasallanish muddati, o‘lim holatlari, statsionar rejimda saqlanish davri, gospitalizatsiya darajasi va boshqa omillarni hisobga olgan holda O‘zbekistonda kasallangan va tuzalganlar sonini prognoz qiladi. Modelda asosiy ko‘rsatkich sifatida kasallangan bemorlar soni (kasallikdan tuzalgan fuqarolar va umumiy kasallanganlar soni orasidagi tafovut)dan foydalaniladi.

Shuni ta’kidlash lozimki, mamlakatimizda COVID-19 bilan kasallanganlarning deyarli yarmini turli kanallar orqali yurtimizga kelgan va olib kelingan fuqarolar tashkil qiladi. Ushbu omillarni hisobga olgan holda, mamlakatdagi vaziyat ichki va tashqi kasallanish holatlarini guruhlarga ajratgan holda ham tahlil qilindi. Boshqacha qilib aytganda, mamlakat ichida kasallangan va chet eldan kelib, karantin zonalarida bo‘lib turgan fuqarolar uchun alohida tahlillar olib borildi.

Tadqiqot natijalari

Tadqiqot natijalari kasallanishning eng yuqori cho‘qqisi 24 aprel kuniga to‘g‘ri kelganligini ko‘rsatdi. Bunda kasallanganlarning umumiy soni va tuzalganlar orasidagi tafovut 1200 nafarga yaqinni tashkil qildi. Tashqi va ichki holatlarni guruhlarga ajratib olib borilgan tahlillar natijasi ham umumiy natijalardan sezilarli darajada farq qilmagan holda kasallanishning eng yuqori darajasi zabt etilganini ko‘tsatdi. Ijobiy ssenariyga asoslanib shuni aytish mumkinki, agar boshqa omillarda kutilmagan o‘zgarishlar kuzatilmasa, may oyining o‘rtalariga kelib O‘zbekistonda koronavirus bilan kasallanish holatlarining keskin kamayishiga erishish mumkin.

Xulosa

Tadqiqot natijalaridan kelib chiqib aytish mumkinki, kasallanish holatlari ko‘payish riski past hududlarda iqtisodiyotning muhim tarmoqlari faoliyatini uzluksiz yo‘lga qo‘yish, faoliyatini vaqtincha to‘xtatgan korxonalarni qayti tiklash va aholining ijtimoiy zaif qismini himoya qilish maqsadida karantin cheklovlarini bosqichma-bosqich yumshatish maqsadga muvofiq. Ammo bunda fundamental sanitariya-gigiyena qoidalariga va ijtimoiy masofalanish prinsipiga rioya etilishi ko‘zda tutilishi lozim.

Majidov Xasan

Yetakchi mutaxassis, Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi

Ismailov Baxtiyor

Yetakchi mutaxassis, Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar