Davlat boshqaruvi haqida ekspert mulohazalari

Davlat boshqaruvi haqida ekspert mulohazalari

Abxijita Benarji va Ester Dyufloning jahondagi kambag‘allikka qarshi kurashish yo‘lida taklif etgan yangicha yondashuvi 2019 yil Nobel mukofotiga loyiq deb topildi. Tabiiyki, eng nufuzli sovrin bilan taqdirlangan ilmiy yangiliklar kengroq o‘rganilishga loyiq.

Mazkur maqolada Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi sektor mudiri Baxtishod Xamidov olimlar taqdim etgan “Kambag‘allik iqtisodiyoti” (Poor Economics) kitobining davlat institutlari rolini muhokama qilishga bag‘ishlangan qismida yoritilgan fikrlar bilan tanishtirgan.

Aqlli siyosiy tashabbusning o‘zi yetarli emas

Olimlar birinchi o‘rtaga tashlagan ilmiy natija bu yaxshi shakllangan va puxta o‘ylangan siyosat, agar u amalga to‘g‘ri tadbiq etilmasa, jamiyat hayotini yaxshilay olmaydi. Ko‘plab siyosiy muvaffaqiyatsizliklar amalga oshirishdagi (implementatsiyadagi) kamchiliklarga borib taqaladi (jumladan, kambag‘allikka qarshi kurashish yo‘lidagi siyosat ham). Masalan, Uganda o‘quv materiallari xarajatlarini moliyalashtirish uchun talabalarni qo‘llab-quvvatlash dasturini qabul qilgan. Bu ham nazariy, ham amaliy jihatdan puxta o‘ylangan siyosat edi. Chunki boshqa davlatlar tajribasi bu siyosatni katta samara berishini allaqachon isbotlagan. Biroq Uganda hukumati tomonidan ajratilgan pullarning atigi 13 foizi talabalarga yetib borgan va qolgan qismi mahalliy hokimiyat vakillari tomonidan noqonuniy o‘zlashtirib yuborilgan. Demak, ko‘rinib turibdiki, har qanday siyosat amalga oshirish imkoniyatlaridan kelib chiqib ishlab chiqilishi kerak. Har qanday hukumat biror qaror qabul qilishdan oldin “Bu siyosat amalga to‘g‘ri tadbiq etilayotganini nazorat qilish uchun resurslar yetarlimi?” – degan savolni berishi kerak.

Boshqacha aytganda, siyosatni amalga oshirish jarayonini monitoring qilish osonroq bo‘lgan aniq sohalarga e’tibor qaratish monitoring qilish qiyin bo‘lgan keng qamrovli sohalarga e’tibor qaratishdan afzalroq. Masalan, sog‘liqni-saqlash sohasida holatni yaxshilash uchun mamlakat doirasida keng ko‘lamli siyosat ishlab chiqish o‘rniga ahvol eng murakkab hududlarda faqat yuqumli kasalliklar ustidan nazoratni o‘rnatish siyosati afzalroq. Yoki toza ichimlik suvi bilan ta’minlash va sanitariya holatini yaxshilash kabi siyosatlar, bir tarafdan, aniq maqsadni ko‘zlaydi (amalga oshirishni nazorat qilish nisbatan oson) va ikkinchi tarafdan, juda ko‘p kasalliklarning asosi suvning sifatsizligi va sanitariyaga amal qilmasligini hisobga olganda juda samarali hisoblanadi.

Korrupsiya davlat siyosati natijadorligining kushandasi

Olimlar yana bir e’tibor qaratgan muammo bu poraxo‘rlik va o‘g‘irlik holatlari. Olimlarning ta’kidlashicha, bunday holatlar odatda davlat nazorati kuchsiz bo‘lgan sohalarda kuzatiladi. Ular Uganda misolida poraxo‘r amaldorlar shunchaki “kimdir sezib qolishidan qo‘rqib” o‘g‘irlikka qo‘l urmasligini aniqlagan tadqiqot natijalariga urg‘u beradi.

Olimlarning ta’kidlashicha, keng ma’nodagi korrupsiya, o‘z navbatida, resurslardan samarasiz foydalanishning katta muammolarini keltirib chiqaradi. O‘qituvchilar ishga kelmasa – ta’lim tizimidagi islohotlar natija bermaydi. Shuning uchun korrupsiya muammosi hal qilinmaguncha, davlatning choralari o‘z samarasini bermaydi.

Yaqin tarix ko‘p narsani hal qiladi

Keyingi urg‘u beriladigan natija bu “yomon” institutsional tizim boshqa bir “yomon” institutsional tizimni yaralishiga olib keladi. Ko‘pgina rivojlanayotgan mamlakatlarning yangi hukumatlari mustamlakachi davlatdan “mamlakat resurslarini yig‘ib olish”ga qaratilgan yomon institutsional tizimini meros qilib olgan. Ya’ni, ko‘p davlatlar uzoq davom etgan mustamlakachilikdan ozod bo‘lgan zahoti boshqaruv tajribasiga ega bo‘lmaydi. Shu sababli mustamlakachilik davrida duch kelgan siyosiy yondashuvlarni qo‘llashda davom etishga moyil bo‘lib qoladi. Ammo, ko‘p holatlarda, mustamlakachi mamlakatlarning o‘z mustamlaka davlatlarida yuritgan siyosatlari u yerdan resurslarni olib chiqish maqsadiga moslashtirilgan bo‘lganligi bu fakt.

Siyosiy tuzum birlamchi emas

Shu bilan birga, siyosiy tuzum ba’zida samarali davlat boshqaruvini yuritilishini cheklamaydi. Misol sifatida Indoneziya rahbari Suxartoni keltirish mumkin. U diktatorlik rejimini joriy etganligiga qaramay maktablar va ta’limni rivojlantirishga, xalqni bir maqsad sari birlashtirishga erisha olgan. Bunday misollarni jahon tarixidan ko‘plab keltirish mumkin.

Yaxshi niyat – yarim “davlat”

Yana bir muhim masala bu siyosiy niyatning yaxshilikka qaratilganligi yetarli emasligidir. Shu bilan birga, siyosatning yaxshilikni ko‘zlab amalga oshirilishi bu siyosat muvaffaqiyatini faqat qisman ta’minlay oladi. Chunki ba’zi hollarda haqiqiy holat noto‘g‘ri baholanadi va bu maqsadning noto‘g‘ri qo‘yilishiga olib keladi. Masalan, odamlar yemishga pul topish bilan kun bo‘yi ovora bo‘lib ta’lim olishga imkoniyatlari yo‘q joylarda ularni maktabga kelishga majbur qilish xato. Ularni yetarli yemish bilan ta’minlash, keyin esa ta’limga chaqirish kerak bo‘ladi. Yoki barcha xalq tabobatini afzal ko‘rgan qishloq joylarida vrachlik punktlarini qurishdan foyda kam bo‘ladi va, tabiiyki, ularni qurishga yo‘naltirilgan investitsiyalardan samara juda kam bo‘ladi.

Davlat bloger emas

Davlat xodimi (niyati yaxshi bo‘lsa ham) siyosatni amalga oshirishda ko‘p to‘siqlarga uchraydi. Davlat xodimining jamiyat manfaati uchun qilayotgan ishi odatda ko‘zga ko‘rinmaydi va xalq ular bajarayotgan ishni har doim ham qo‘llab-quvvatlamasligi mumkin. Masalan, militsiya xodimi jinoyatchilikka qarshi kurashadi, bir ikki jinoyatchini tunda xibsga oladi, lekin odamlar bu haqda bilmaydi. Sodir bo‘lish ehtimoli kichik bo‘lsa ham keltiradigan talofati katta bo‘lgan hodisalarni nazorat qilishga mas’ul va buning uchun maosh oladigan davlat xodimlari xalq ko‘ziga keraksizdek ko‘rinadi, lekin talofat sodir bo‘lgan holatda juda ko‘p odam ziyon ko‘rishi mumkinligini ular inobatga olmaydi.

Xalq rag‘bati va manfaatini ko‘zlash muhim

Har bir insonning rag‘bat va ehtiyojlarini inobatga olib ishlab chiqilgan siyosat eng afzal siyosatdir. Chunki ko‘p sonli manfaatdor taraflarning qistovi bilan ishlab chiqilgan siyosat har tomonlama o‘ylangan va tarafdorlari ko‘p bo‘ladi. Bunday siyosat amalga to‘g‘ri tadbiq qilinishini xalqning o‘zi nazoratga oladi, xatolarni darrov sezadi va to‘g‘irlaydi. Boshidagi to‘g‘ri siyosat keyingi qadamlarni ham to‘g‘ri qo‘yilishiga va tub o‘zgarishlarga yetaklaydi.

Xulosa

Umid qilamizki, Abxijita Benarji va Ester Dyuflo muhokama qilgan ilmiy natijalar mamlakatimizda siyosat yuritish, siyosatni nazorat qilish va samarali amalga oshirish yo‘lida muhim uslubiy qo‘llanma bo‘lib xizmat qiladi.

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi

sektor mudiri Baxtishod Xamidov

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar