Davlat byudjetining 2020 yil 6 oylik daromadlari 58 157 mlrd. so‘mga yoki tasdiqlangan yillik parametrga nisbatan 45,3 foizga ijro etildi. Hisobot davrida o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 15 foizga ko‘p mablag‘ tushirilishiga erishildi.
Daromadlarning 19 739,6 mlrd. so‘mi (jami daromadlarning 33,9 % i) bevosita soliqlar, 21 510,8 mlrd. so‘mi (37,0 %) bilvosita soliqlar, 9 695,4 mlrd. so‘mi (16,7 %) resurs to‘lovlari va mulk solig‘i va 7 211,2 mlrd. so‘mi (12,4 %) boshqa daromadlar hisobidan shakllantirildi. Bu haqda Moliya vazirligi matbuot xizmati xabar qildi.
Davlat byudjetining 1-yarim yillik xarajatlari esa 64 878,9 mlrd. so‘mni yoki YaIMga nisbatan 25,4 foizni tashkil etdi.
Jami xarajatlar tarkibida ijtimoiy soha xarajatlari eng ko‘p ulushga (53,4 %) ega bo‘lib, ushbu yo‘nalishda faoliyat yuritayotgan tashkilot va muassasalarni saqlash hamda sohaga taalluqli tadbirlarni moliyalashtirish uchun Davlat byudjetidan 34 665,5 mlrd. so‘m mablag‘ yo‘naltirildi.
2020 yil 1-yarim yillik Davlat byudjeti defitsiti 6 721,9 mlrd. so‘mni tashkil etdi.
Hisobot davrida mahalliy byudjetlarning daromadlar qismi 12 870,7 mlrd. so‘mni, xarajatlar qismi esa 20 203,3 mlrd. so‘mni tashkil etdi.
Izoh qoldirish