Yengil avtomobillar va mototransport vositalarini qisqa muddatli ijaraga berish tartibi to‘g‘risida nizomga o‘zgartirish kiritilmoqda

Yengil avtomobillar va mototransport vositalarini qisqa muddatli ijaraga berish tartibi to‘g‘risida nizomga o‘zgartirish kiritilmoqda

Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e’lon qilindi.

Qaror loyihasi bilan Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 14 dekabrdagi 1015-son qarori bilan tasdiqlangan "Yengil avtomobillar va mototransport vositalarini qisqa muddatli ijaraga berish tartibi to‘g‘risida" nizom hamda 2016 yil 24 avgustdagi 275-son qarori bilan tasdiqlangan "Kichik tadbirkorlik sub’yektlariga tegishli bo‘lgan tashkilotlarning tasniflagichi"ga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Yengil avtomobillar va mototransport vositalarini qisqa muddatli ijaraga berish tartibi to‘g‘risida nizom quyidagi huquqiy normalar bilan to‘ldirilmoqda:

  • yuridik shaxslar bilan bir qatorda jismoniy shaxslarga ham yengil avtomobillar va mototransport vositalarini 30 kundan ortiq bo‘lmagan muddatga, notarial rasmiylashtirish va huquqni muhofaza qiluvchi organlarida ro‘yxatdan o‘tkazishni talab etmaydigan qisqa muddatli ijaraga berish huquqini taqdim etish;
  • qisqa muddatli ijaraga berish uchun mo‘ljallangan transport vositalari Transport vazirligi va Ichki ishlar vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan talablarga muvofiq maxsus taniqlik belgiga ega bo‘lishi;
  • transport vositasini qisqa muddatli ijaraga olgan shaxslar tomonidan yo‘l harakati qoidalari buzilganligi to‘g‘risidagi ma’lumotlarning mavjudligini aniqlash maqsadida ijaraga beruvchiga Ichki ishlar vazirligi Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasining “Ma’muriy amaliyot” avtomatlashtirilgan axborot tizimining ma’lumotlaridan foydalanish imkoniyatini taqdim etish;
  • ijaraga beruvchi tomonidan navigator, qo‘shimcha sug‘urta, yirik to‘xtash joylarida alohida joy kabi qo‘shimcha xizmatlar ko‘rsatish va boshqalar.

Ijaraga beruvchining huquqiy kafolatlarini mustahkamlash hamda huquqbuzarlik sodir etadigan, shu jumladan, yo‘l harakati qoidalarini buzadigan mijozlardan uning huquqlarini himoya qilish uchun quyidagi huquqiy normalar kiritilmoqda:

  • garov depoziti bazaviy hisoblash miqdorining o‘n baravari miqdoridan kam bo‘lmasligi;
  • garov depoziti hajmi ijaraga olingan transport vositasining yoshi va klassiga qarab tabaqalashtirilishi;
  • ijarachi ijaraga olingan transport vositasida mamlakatni tark etish huquqiga ega emasligi.

Ijaraga beruvchi quyidagi huquqlarga ega:

  • jismoniy shaxsda jismoniy yoki ruhiy kasallik hamda nomunosib xatti-harakat belgilari mavjud bo‘lganda, u bilan shartnoma tuzishni rad etish;
  • shartnomada belgilangan shartlar asosida shartnomani muddatidan oldin to‘xtatish va transport vositasi qaytarib berilishini talab qilish;
  • transport vositalari o‘zboshimchalik bilan ushlab turilishi hollari hamda firibgarlik harakatlari yuzaga kelganda, ijarachi tomonidan yo‘l harakati qoidalari buzilgan hollar aniqlanganda Yo‘l harakati xavfsizligi davlat xizmatining organlari, tergov-surishtiruv organlari, sudlar va boshqa davlat, jamoat tashkilotlari va idoralariga ularning vakolatlari doirasida murojaat qilish.

Garov depoziti miqdori ijarachiga qisqa muddatli ijara shartnomasi muddati tugagandan so‘ng ikki oydan kechiktirmay qaytarilishi belgilanmoqda.

Shu bilan birga, qisqa muddatli ijaraga berish uchun mo‘ljallangan transport vositalarining foydalanish muddati, qoida tariqasida, 5 yildan oshmasligi kerak.

Ijarachiga shartnoma tuzilguniga qadar butlovchi qismlarning mavjudligini tekshirish uchun transport vositasini ko‘rikdan o‘tkazishni talab qilish huquqi berilmoqda. Transport vositasida nuqson yoki nosozliklar aniqlangan taqdirda, ijarachi uni almashtirish yoki nosozliklarni bartaraf etishni talab qilish huquqiga ega bo‘ladi.

Vazirlar Mahkamasining 2016 yil 24 avgustdagi 275-son qarori bilan tasdiqlangan Kichik tadbirkorlik sub’yektlariga tegishli bo‘lgan tashkilotlarning tasniflagichidagi “Yordamchi xizmatlarni boshqarish va ta’minlashga doir faoliyat” yengil avtomobillar va mototransport vositalarini qisqa muddatli ijaraga berish faoliyati bilan to‘ldirilmoqda.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar