Infografika: Farg‘ona viloyatining 2022 yilgi makroiqtisodiy ko‘rsatkichlari

Infografika: Farg‘ona viloyatining 2022 yilgi makroiqtisodiy ko‘rsatkichlari

2022 yil yakuniga ko‘ra, Farg‘ona viloyati bo‘yicha yalpi hududiy mahsulot (YaHM) hajmi joriy narxlarda 55 972,1 mlrd. so‘mni tashkil etib, 2021 yilga nisbatan 4,6%ga o‘sish qayd etildi. Respublika bo‘yicha YaIMni shakllantirishda Farg‘ona viloyatining ulushi 6,3%ni tashkil etdi.

YaHM tarkibida sanoat ulushi qurilishni qo‘shgan holda - 26,3 % (2021 yilda 27,2%), qishloq xo‘jaligi ulushi 35,1% (2021 yilda 35,0%) va xizmat ko‘rsatish ulushi 38,6% (2021 yilda 37,8%)ni tashkil etdi.

O‘tgan yilda yangi tashkil etilgan kichik tadbirkorlik sub’yektlari soni 2021 yilga nisbatan 2,5%ga pasayib, 8 828 tani tashkil etdi. Bu pasayish o‘z navbatida, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning YaHMdagi ulushiga ham ta’sir ko‘rsatdi. Xususan, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning YaHMdagi ulushi 2021 yilda 69,8%ni tashkil etarkan, 2022 yilda 68,9%ga to‘g‘ri keldi.

Asosiy kapitalga investitsiyalar 15 396,7 mlrd. so‘mni tashkil etib, 2021 yilga nisbatan 12,3%ga oshdi.

Viloyatda o‘tgan yili ishlab chiqarilgan sanoat mahsulotlari 30 390,5 mlrd.so‘mni tashkil etib, 2021 yilga nisbatan 4,8%ga o‘sish kuzatildi. Viloyatda ishlab chiqarilgan sanoat mahsulotlarining respublika sanoatidagi ulushi 5,5%ga to‘g‘ri keldi. Jon boshiga to‘g‘ri keladigan sanoat mahsulotlari hajmi 7720,3 ming so‘mni tashkil qilgan holda, 2021 yilga nisbatan 2,7%ga oshganligi qayd etildi.

Viloyatda 11 776,5 mlrd. so‘mlik iste’mol tovarlari ishlab chiqarilgan bo‘lib, 2021 yilga nisbatan deyarli o‘sish kuzatilmagan. Respublika iste’mol tovarlarida viloyatning ulushi 6,0%ni tashkil qilganligi qayd etildi.

Viloyatda 33 395,3 mlrd.so‘mlik qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarilgan bo‘lib, 2021 yilga nisbatan 3,6%ga oshdi. Jami qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining 95,6%i kichik biznes va xususiy tadbirkorlar tomonidan ishlab chiqilganligi kuzatildi. Jon boshiga to‘g‘ri keladigan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari hajmi 8 483,6 ming so‘mni tashkil qilgan holda, 2021 yilga nisbatan 1,6%ga oshgan.

Viloyatda 2022 yilda tashkil etilgan qurilish ishlari hajmi 8 558,1 mlrd.so‘mga yetib, 2021 yilga nisbatan 12,7%ga oshgan. Viloyatda qurilish ishlari hajmining respublika ko‘rsatkichidagi ulushi 6,5%ni tashkil qilgan

Viloyatda 2022 yilda chakana savdo hajmi 26021,2 mlrd.so‘mni tashkil qilgan holda, 2021 yilga nisbatan 10,7%ga oshgan. Chakana savdo hajmining respublika ko‘rsatkichidagi ulushi 8,1%ni tashkil qilgan. Jon boshiga to‘g‘ri keladigan chakana savdo hajmi 6 610,4 ming so‘mni tashkil qilgan holda 2021 yilga nisbatan 8,5%ga oshgan.

Viloyatda ko‘rsatilgan bozor xizmatlari hajmi 21 960,3 mlrd.so‘mni tashkil qilgan holda, 2021 yilga nisbatan 14,5%ga oshgan. 2022 yil davomida ko‘rsatilgan xizmatlar hajmining respublika ko‘rsatkichidagi ulushi 6,1%ni tashkil qilgan. Jon boshiga to‘g‘ri keladigan ko‘rsatilgan bozor xizmatlari hajmi 5 578,8 ming so‘mni tashkil qilgan holda 2021 yilga nisbatan 12,3%ga oshgan.

Viloyatda tashqi savdo aylanmasi hajmi 2 061,4 mln.dollarni tashkil etib, 2021 yilga nisbatan 12,3%ga oshgan. Viloyat tashqi savdo aylanmasining Respublika jami tashqi savdo aylanmasidagi ulushi 4,0 %ni tashkil qilgan.

2022 yilda jami amalga oshirilgan eksport hajmi - 827,2 mln.dollarni tashkil qilgan holda 2021 yilga nisbatan 3,2%ga, import hajmi - 1 234,3 mln.dollarni tashkil qilgan holda, 19,3%ga oshgan. Viloyatda amalga oshirilgan eksport va importning respublika ko‘rsatkichidagi ulushi mos ravishda 4,3% va 4,0%ni tashkil qilgan.

Shoiraxon Nurdinova
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi
Namangan filiali bosh ilmiy xodimi
Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar