Yurtimizda turizm sohasini rivojlantirish maqsadida o‘tkazilgan marafonda ishtirokchilar Samarqanddagi 18 tarixiy obida bilan tanishish imkoniyatiga ega bo‘lishdi. Shuningdek, 3 kun davom etgan tadbirda tasviriy san’at asarlarining taktil (qo‘l bilan ushlab his qilish mumkin bo‘lgan) ko‘rgazmasi, “Beat films” kinofestivali va ko‘zi ojiz insonlar uchun tiflosharhlash (ko‘zi ojizlar uchun ma’lumotni qabul qilish imkonini beruvchi usul) yordamida spektal sahnalashtirildi.
Marafonning ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi bosh vaziri o‘rinbosari Aziz Abdukaxarovich Abduhakimov so‘zga chiqib, quyidagi fikrlarni bildirdi.
– Sir emas, bugungi kunda jahon hamjamiyati aholining barcha qatlamini sog‘lom turmush tarziga faol jalb qilishni o‘zining ustuvor yo‘nalishi sifatida belgilab olgan. Bu bejiz emas, negaki har jihatdan sog‘lom inson – uzoq va mazmunli umr kechiradi.
Aholini sog‘lom turmush tarziga faol jalb etishning eng ommalashgan usullaridan biri – bu qisqa va uzoq masofalarga ommaviy yugurish musobaqalari bo‘lib, bunda ishtirokchilarni yoshi chegaralanmaydi.
Inklyuziya – bu butun dunyoda ilgari surilayotgan ijtimoiy konsepsiya bo‘lib, unga asosan, salomatligidan qat’i nazar, har bir shaxsga jamiyatdagi moddiy va ma’naviy boyliklardan bahramand bo‘lish va o‘zini namoyon etish imkoniyati berilishi lozim. «Samarkand Half Marathon» loyihasining bosh maqsadi ham shu aslida.
Mazkur yarim marafonni o‘tkazish uchun bejizga Samarqand shahri tanlanmadi. Nomoddiy madaniy merosimizning katta qismi aynan shu hududda jamlangan. Biroq bu boyliklardan hamma ham bemalol foydalana olmayotgani ham ayni haqiqat. Samarqand yarim marafoni tashkilotchilari esa ushbu loyiha orqali dunyo hamjamiyatining e’tiborini inklyuziya borasidagi muammolarga qaratishni o‘z oldiga maqsad qilgan.
«Samarkand Half Marathon» loyihasi orqali millionlab insonlar mamlakatimizda sog‘lom turmush tarzi targ‘ibotiga, aholi salomatligini mustahkamlashga berilayotgan e’tibordan voqif bo‘lishdi. Qanchadan-qancha insonlar xayriya marafonida ishtirok etish uchun yurtimizga tashrif buyurishdi.
Samarqand shahrida ilk marotaba tashkil etilayotgan ushbu marafon mamlakat ijtimoiy hayotidagi yirik hodisa bo‘lib, u yurtimizda madaniy turizmni rivojlantirishga katta turtki beradi. Bu shunchaki yugurish musobaqasi emas, balki zamonaviy madaniyat, musiqa va ta’lim dasturlarini o‘zida mujassam etgan ulkan festivaldir, – dedi u o‘z nutqida.
Qayd etish lozim, qizg‘in va murosasiz kechgan mazkur marafonning 10 km masofaga yugurish bahsida 1-o‘rinni qozog‘istonlik Dmitriy Ivanchikov, 2-o‘rinni O‘zbekiston vakili Yevgeniy Fadeyev, 3-o‘rinni qozog‘istonlik Mixail Krasilov qo‘lga kiritdi. Ushbu masofada ayollar o‘rtasida kechgan bellashuvda1-o‘rinni qozog‘istonlik Tatyana Mirazrav, 2-o‘rinni Zarnigor Xudoyberdiyeva, 3-o‘rinni Marina Xmelevskaya egalladi. Qayd etish lozim, mazkur masofada 1-o‘rin sohibiga 6 million, 2-o‘rinni egallagan sportchiga 4 million va 3-o‘rinni band etgan sportchiga esa 3 million so‘m mukofot puli taqdim etildi.
Izoh qoldirish