Fransiyaning yetakchi «Les Echos» nashrida “Covid: davlatlar salohiyatiga qarab iqtisodiy tiklanish notekis bo‘lishi kutilmoqda” nomli maqola chop etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Unda qayd etilishicha, O‘zbekiston iqtisodiyoti Covid-19 inqirozidan jadal sur’atlarda tiklanayotgan 15 davlat qatoridan joy olgan.
«Les Echos» iqtisodiy va moliyaviy yangiliklarni yoritishga ixtisoslashgan yetakchi fransuz gazetasidir. Gazeta adadi - 132 ming nusxa. Nashr elektron tarzda ham faoliyat yuritadi, ijtimoiy tarmoqlarda o‘z sahifalariga ega. Portalga har oy 4 milliondan ortiq odam tashrif buyuradi.
Qayd etilishicha, elektron sanoat Osiyo mamlakatlari taraqqiyotiga o‘z hissasini qo‘shmoqda. «Bizning hisob-kitoblarimizga ko‘ra, tiklanishdan eng ko‘p foyda oladigan 15 mamlakat Osiyo va Afrikada joylashgan», - deydi nashrga «Coface» bosh iqtisodchisi Julen Marsilli.
Ro‘yxatda Bangladesh, Misr va Kot d'Ivuar, shuningdek, O‘zbekiston ham bor. Ro‘yxatning so‘nggi pog‘onalarini Venesuela, Livan va Liviya egallagan bo‘lsa, ulardan oldingi saflarda yuqori sayyohlik salohiyatiga ega mamlakatlar, xususan, Karib dengizi havzasi davlatlari bor.
Muallif so‘zlariga ko‘ra, ko‘plab mintaqalar epidemiyaning yangi to‘lqini bilan kurashni davom ettirar ekan, Vetnam, Koreya Respublikasi va Tayvan kabi elektronikaga ixtisoslashgan davlatlar yana peshqadam bo‘lib harakat qilmoqda. 2021 yil oxiriga borib, AQSh va Xitoy pandemiyagacha bo‘lgan darajaga qaytishi kutilmoqda.
«Coface» iqtisodchilarining fikricha, iqtisodiy o‘sish 2020 va 2021 yil ko‘rsatkichlarini jamlagan holda 2019 yil natijalari bilan taqqoslash orqali o‘lchanishi kerak. Tadqiqot natijalari joriy yil oxirida 177 mamlakatdan 62 tasi (yoki 35%) inqirozgacha bo‘lgan rivojlanish darajasiga yetishi mumkinligini taxmin qilmoqda.
COFACE (Compagnie Française d'Assurance pour le Commerce Extérieur) – savdo va tashqi iqtisodiy faoliyat bilan bog‘liq tahdidlarni sug‘urta qilishga ixtisoslashgan xalqaro sug‘urta kompaniyasidir. «Coface» Fransiya hukumati tomonidan 1946 yilda fransuz eksportchilarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida tashkil etilgan. 1994 yilda xususiylashtirilgan. Aksiyalar nazorat paketi ayni paytda «Natixis» bankiga tegishli. 67 mamlakatda faoliyat ko‘rsatadi, 120 ta filialga ega. Jahon miqyosida ushbu sug‘urta kompaniyasi xizmatlaridan foydalanuvchi mijozlar soni 50 mingdan oshadi.
Izoh qoldirish