O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 30 iyun kuni odil sudlovni ta’minlash va korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.
Prezident Oliy sud raisi va Bosh prokurorning protest keltirish huquqini bekor qilishni taklif qildi
Xususiy mulk qonun va sudning kafolatli himoyasida bo‘lishi zarur.
Oxirgi bir yarim yil ichida sudlar tomonidan hokimlarning yer ajratish, bino-inshootlarni buzish va xususiylashtirishga oid 1 ming 730 ta qarori bekor qilingan.
Sud orqali yer munosabatlari bilan bog‘liq mingta, uy-joy buzilishiga doir 51 ta, xususiylashtirishga oid 62 ta holatda fuqarolar va tadbirkorlarning huquqlari tiklangan.
Xususiylashtirish natijalarini qayta ko‘rib chiqishni bekor qilish, umuman, davlat idoralarining bunday tashabbus bilan chiqishiga yo‘l qo‘ymaslik va bu qonunda mustahkamlanishi kerakligi ko‘rsatib o‘tildi.
Yerga bo‘lgan huquqlar kafolati kuchaytirilib, mulkiy huquqlarni bekor qilish faqat sud tartibida hal etilishini qat’iy belgilash zarur, dedi Prezident.
Viloyat, tuman (shahar) hokimlari, barcha sektor rahbarlari o‘z hududlarida ushbu talablarga qat’iy amal qilinishini ta’minlashi shartligi qayd etildi.
– Bir narsani bilinglar – sarmoya kiritayotgan investor birinchi navbatda o‘z huquqlari sud orqali kafolatli himoya qilinishiga e’tibor beradi. Hamma rahbarlar qulog‘iga quyib olsin: sud faoliyatiga aralashishga hech kimning haqqi yo‘q, – deya ta’kidladi Shavkat Mirziyoyev.
Izoh qoldirish