O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining 2020 yil 26 fevraldagi AF-139-sonli farmoyishiga asosan Ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar Akseleratori doirasida 4 ta yo‘nalish bo‘yicha 100 kunlik muddat ichida muammolarni hal qilish belgilangan. Joriy yilning 16 sentyabr kuni esa Birlashgan Arab Amirliklari (BAA) Hukumati ko‘magi bilan Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tomonidan tashkil etilgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar akseleratori (Akselerator) rahbarlarining uchrashuvi videokonferensiya shaklida o‘tkazilgan edi.
Unda O‘zbekiston vazirlik va idoralar vakillari bilan bir qatorda Birlashga Arab Amirligi Bosh vaziri o‘rinbosari, BAA hukumat Akseleratori rahbari va jami 60 nafardan ortiq mansabdorlar ishtirok etishgan edi. Yig‘ilishning asosiy maqsadi, davlat organlari va tashkilotlarning mablag‘larini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish sohasidagi dolzarb muammolarni tezkor va samarali yechishga safarbar etish yo‘llarini muhokama qilishdan iborat.
Akselerator guruhlari tomonidan olib borilayotgan ishlar va erishilayotgan natijalar bo‘yicha 25 kunlik ishlar sarhisob qilindi. Quyida har bir yo‘nalish bo‘yicha ba’zi ishlar bilan tanishish mumkin.
1-yo‘nalish. Kommunal to‘lovlarning yagona billing tizimini yaratish sohasidagi muammolarni hal qilish.
Tizimni yaratish yo‘lidagi mavjud muammolarni o‘rganish maqsadida 10 dan ortiq vazirlik va idoralar vakillari ishtirokida ishchi guruh tuzilib, o‘rganishlar o‘tkazildi.
Ma’lumot uchun: Ishchi guruhda Dubay elektr va suv ta’minoti idorasi mas’ul xodimlari ham jalb qilingan.
O‘rganishlar natijasida bugungi kunda mamlakatda iste’molchi va kommunal xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar orasidagi munosabat “iste’molchi – alohida kommunal xizmat” prinsipiga asoslanganligi, kommunal xizmat ko‘rsatuvchi korxonalarning mavjud billing tizimlarini integratsiya qilish yo‘lida quyidagi muammolar mavjudligi aniqlandi:
- Kommunal xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlarning mavjud billing tizimlaridagi iste’molchilarning ma’lumotlari orasida ayrim sabablarga ko‘ra nomutanosiblik mavjud, bunga sabab billing tizimlarida iste’molchilarning yagona identifikatori mavjud emasligida (Misol uchun, «Hududiy elektr tarmoqlari» AJning billing tizimidagi Axmedov Bekzod «Hududgazta’minot» AJ bazasida Begzod Ahmedov sifatida qayd qilingan). Bu mavjud ma’lumotlar bazalarini integratsiya qilishga to‘siq bo‘lmoqda.
- Kommunal xizmat ko‘rsatuvchi korxonalarning mavjud ma’lumotlar bazalari hamda mutasaddi vazirlik va idoralarning tizimlari o‘rtasida elektron ma’lumotlar almashinuvi to‘liq yo‘lga qo‘yilmagan. Natijada, ba’zi hollarda kommunal korxonalar iste’molchilar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni qog‘oz ko‘rinishida iste’molchilarning o‘zidan so‘rash holatlari uchramoqda. Bu iste’molchi va kommunal korxonalar uchun ortiqcha ovoragarchiliklarga sabab bo‘lmoqda.
Kommunal to‘lovlarning yagona billing tizimini yaratish sohasida ilg‘or xorij tajribasi o‘rganildi. Xususan, Dubay amirligi misolida Dubay elektr va suv idorasi, AQSh misolida FICO korxonasining FICO Score tizimi, Rossiya va Qozog‘iston misolida Yagona hisob-kitob markazlari tajribalari o‘rganildi.
Jahon tajribasi kommunal korxonalar faoliyatini optimizatsiya qilish hamda iste’molchilarning xizmatlar sifatidan qoniqishini oshirish maqsadida “iste’molchi – kommunal xizmatlar bo‘yicha yagona tizim” tamoyiliga o‘tish lozim ekanligini ko‘rsatadi. Xizmatlarning yagona billing tizimi - bu Respublikada to‘lov bilan bog‘liq jarayonlarning yagona billing tizimini yaratishni nazarda tutadi.
Yuqoridagilar hisobga olinib, mavjud billing tizimlarida iste’molchilar uchun identifikator yaratish va uni ma’lumotlar bazasiga kiritish 100 kun ichida hal qilinishi lozim bo‘lgan vazifa sifatida belgilab olindi.
Ishchi guruh loyihaning dastlabki 25 kunida iste’molchilarning Identifikatori sifatida Jismoniy shaxslarning shaxsiy identifikatsiya raqami (JShShIR) va bino-inshootning kadastr raqamidan foydalanishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha dastlabki texnik ishlarni tugallab, ma’lumotlar bazalariga JShShIR ma’lumotlarini kiritishni boshlagan. Keyingi 50 kunlik muddat ichida JShShIR ma’lumotlarini kiritishni yakunlash va kadastr ma’lumotlarining aktualligini qayta ko‘rib chiqish reja qilib olindi.
2-yo‘nalish. Qurilishga ruxsat berishni soddalashtirish sohasidagi muammolarni hal qilish.
Farmoyish ijrosini ta’minlash maqsadida mas’ul vazirlik va idoralar mutaxassislaridan iborat ishchi guruh 100 kunlik ish rejasi bo‘yicha o‘z faoliyatini boshladi.
Akselerator guruhi tomonidan o‘tkazilgan dastlabki o‘rganishlar natijasida quyidagilar aniqlandi:
Jahon banki va Xalqaro moliya korporatsiyasining “Biznes yuritish” yillik hisobotida O‘zbekiston Respublikasining reytingini yaxshilash uchun tegishli hukumat qarorlariga asosan “Qurilishga ruxsat berish” jarayonlaridagi muddat (84 kun) va to‘lanadigan mablag‘lar qisqartirildi. Shu bilan birga barcha jarayonlar, tadbirkorlarning ruxsatnoma beruvchi tashkilotlar bilan o‘zaro muloqotini kamaytirish hamda hujjatlar almashinuvidagi vaqt sarfini tejash maqsadida to‘liq elektron tarzga o‘tkazildi. Ushbu ruxsat berish jarayoni asosiy 6 bosqich (25 ta quyi bosqich)dan iborat. Har bir bosqichda bir va bir nechta tashkilot va idoralar mas’ul etib belgilangan.
Lekin, bugungi kunda hududiy tashkilotlar tomonidan yuqoridagi elektron tizim bilan ishlash jarayonida ayrim noqulayliklar tug‘ilishi, integratsiya to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilmaganligi, hududiy tashkilotlar mutaxassislarining elektron tizimda ishlash bo‘yicha yetarlicha tajribaga ega emasligi va tartibga soluvchi hujjatlarning o‘zaro muvofiqlashtirilmaganligi sababli ruxsatnomalarni berishda belgilangan muddatlardan kechikish holatlari yuzaga kelmoqda.
Yuqoridagi holatdan kelib chiqib, Akselerator guruhi 100 kun ichida qurilishga ruxsat berish jarayonida ishtirok etuvchi tashkilotlar o‘rtasida integratsiya to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilmaganligi oqibatida yuzaga kelayotgan kechikish holatlarini bartaraf etish maqsadida belgilab olindi. Natijada quyidagi vazifalar belgilandi:
- Qurilishga ruxsat berish jarayonlarini tartibga soluvchi hukumat qarorlarini inventarizatsiyadan o‘tkazish;
- Ushbu hukumat qarorlarini ijrosini ta’minlashda ishtirok etuvchi vazirlik va idoralarning quyi tizimlarida yuzaga kelayotgan muammolarni aniqlash va umumlashtirish;
- Aniqlangan muammolarni bartaraf etish bo‘yicha tegishli takliflar ishlab chiqish;
- Takliflar asosida tegishli hukumat qarori loyihasi tayyorlash va tegishli tartibda tasdiqqa kiritish.
Hozirda Akselerator guruhi tomonidan Qurilishga ruxsat berishni soddalashtirish sohasida ilg‘or xorij tajribasi o‘rganildi. Xususan, Dubay amirligida qurilishga ruxsat berish tizimi izchil o‘rganib chiqildi. Bunda Dubay munitsipalitetining qurilishni nazorat qilish va qurilishga ruxsat berish boshqarmasi mutaxassislari bilan birgalikda onlayn muloqotlar o‘tkazilib, ularning tajribalarini mamlakatimiz sharoitiga moslashtirish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Bundan tashqari, Akselerator ishchi guruhi loyihaning dastlabki 25 kun yakuni bo‘yicha BAA davlat akseleratori mutaxassislari, O‘zbekiston Respublikasi qurilish sohasiga daxldor va manfaatdor bir qator davlat tashkilotlari ishtirokida onlayn uchrashuv o‘tkazildi. Unda har bir tashkilot vakolat doirasida qurilish sohasida yo‘lga qo‘yilgan tizim va unda duch kelinayotgan muammolar bilan o‘rtoqlashishdi. Ularni bartaraf etish bo‘yicha ko‘plab takliflar bildirildi.
Ushbu uchrashuvda qurilish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi qurilish kompaniyalari ham taklif etildi. Qurilishga ruxsatnomalar olish davlat xizmati iste’molchilari sifatida ularning fikr va mulohazalari o‘rganildi. Aniqlab olingan muammolar va takliflar Akselerator guruhi kelgusi ishida kerakli me’yoriy hujjatlarga o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha tayyorlanayotgan takliflarda inobatga olinadigan bo‘ldi.
Qurilishga ruxsat berishni soddalashtirish guruhi 100 kunlik faoliyatining qolgan muddatida qurilishga ruxsat berishni tartibga soluvchi barcha hujjatlarda va ruxsat berish jarayoni bosqichlarida aniqlangan muammolarni bartaraf etish bo‘yicha takliflar kiritish va berilgan takliflar asosida kerakli hujjatlarga o‘zgartirish kiritish bo‘yicha qaror loyihasini tayyorlash reja qilib olindi.
3-yo‘nalish. Shaharlarning bosh rejalarini ishlab chiqish sohasidagi muammolarni hal qilish.
“Davarxitektqurilish” qo‘mitasi tomonidan 23 dekabr 2009 yilda tasdiqlangan “Hududlarni rivojlantirish va qurilishini rejalashtirish bo‘yicha shaharsozlik hujjatlarining tarkibi, ishlab chiqish, kelishish va tasdiqlash to‘g‘risida”gi YO‘RIQNOMA (ShNQ 1.03.02-04*) ni qayta ko‘rib chiqilishi natijasida, bugungi kunda hududlar bo‘yicha ishlab chiqiladigan shaharsozlik hujjatlari materiallari hamda planshetlar soni, ularni ishlab chiqish uchun sarflanadigan mablag‘lar va muddatlarini qayta ko‘rib chiqilishi zarurligi talab etilmoqda.
Shunga ko‘ra, Akselerator guruhi tomonidan hududlar bo‘yicha shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish, ularni kelishish tartiblarini soddalashtirish hamda ushbu hujjatlarni ishlab chiqish uchun ajratilayotgan mablag‘larni tejash bo‘yicha quyidagi takliflar ishlab chiqildi.
Bugungi kunda mavjud ShNQ 1.03.02-04*ni qayta ko‘rib chiqilishi natijasida bosh loyiha institutlari tomonidan hududlar bo‘yicha ishlab chiqiladigan shaharsozlik hujjatlari materiallari hamda tegishli vazirlik idoralar bilan kelishish sohasida bir qator qulayliklar yaratilishi ko‘zda tutilgan, bunda:
a) shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish bo‘yicha hududning mavjud holati yuzasidan boshlang‘ich ma’lumotlarni yig‘ish;
har bir tuman, shahar-shaharchalar va qishloq (ovul) aholi punktlari bo‘yicha mahalliy hokimlik organlari tomonidan hokimlikning elektron saytida ma’lumotlar bazasini tashkil etish tartibi joriy etish orqali boshlang‘ich ma’lumotlarni olishni soddalashtirish.
b) shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish bo‘yicha ish hajmi ya’ni tayyorlanadigan materiallar (planshetlar) tarkibini soddalashtirish;
ShNQ 1.03.02-04* 14-15 ilovalardagi jadvallarda Bosh rejalarni ishlab chiqish bo‘yicha belgilangan tartibni soddalashtirish orqali 14-15 ilovalardan 5 tadan planshetlar qisqartiriladi.
v) ishlab chiqilgan shaharsozlik hujjatlarini tegishli vazirlik, idora va tashkilotlar bilan kelish jarayonlarini takomillashtirish;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2000 yil 26 apreldagi PF-2595-son Farmoni bilan tasdiqlangan ro‘yxatga kiritilgan shaharlar bo‘yicha ishlab chiqilgan bosh rejalarni elektron tartibda tegishli vazirlik, idora va tashkilotlar bilan kelishishni joriy etish;
boshqa hududlar bo‘yicha ishlab chiqilgan shaharsozlik hujjatlarini Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari hamda hududiy boshqar va bo‘limlar bilan elektron tartibda kelishishni joriy etish orqali kelishish jarayonini 1 oy muddatda deb belgilash.
g) shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish uchun belgilangan muddatlarni qisqartirish;
14-15 ilovalardan 5 tadan planshetlar qisqartirilishi hisobidan hududlardan shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish bo‘yicha boshlang‘ich ma’lumotlar buyurtmachi tomonidan kiritilganidan so‘ng, bosh rejalarni ishlab chiqish muddatini 12 oydan 10 oy muddatga qisqartirish.
d) shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish uchun ajratiladigan mablag‘lardan samarali foydalanish orqali mablag‘larni tejash;
14-15 ilovalardan 5 tadan planshetlar qisqartirilishi hamda bosh rejalarni ishlab chiqish muddatini 12 oydan 10 oy muddatga qisqartirilishi oqibatida bosh rejalarni ishlab chiqish uchun ajratilayotgan mablag‘larni 3-19 % gacha kamaytirish belgilab olindi.
Bugungi kunda taklif etilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalarni xorijiy davlatlar tajribasi bilan birgalikda ko‘rib chiqish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.
4-yo‘nalish. Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish sohasidagi muammolarni hal qilish.
Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish sohasidagi muammolarni o‘rganish va ularga yechim taklif qilish maqsadida vazirlik va idoralar, mahalliy hokimiyat vakillari ishtirokida ishchi guruh tuzilib, bir oy mobaynida besh marta onlayn muhokama va uch marta joylardagi vaziyatni o‘rganish tadbirlari o‘tkazildi.
Akselerator guruhi muhokamasiga asosan, Ijtimoiy iqtisodiy islohotlar Akseleratorining 4-yo‘nalishi o‘z maqsadi sifatida “100 kun ichida Bo‘ka tumanidagi 100ta ayollar daftariga kiritilgan xotin-qizlarga tadbirkorlik faoliyatini tashkil etish yoki rivojlantirishga yordam berish”ni belgiladi.
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tomonidan kambag‘allikni kamaytirish bo‘yicha Bo‘ka va Chinoz tumanlarida amalga oshirilayotgan pilot loyihaning uzviy qismi sifatida 4-yo‘nalish hududi deb aynan Bo‘ka tumani tanlandi.
Guruh muhokamalari va joylardagi o‘rganishlar natijasida ma’lum bo‘lishicha, ba’zi hollarda bank krediti olishga talabgorlarning tadbirkorlik ko‘nikmalari, ba’zan esa qishloq xotin-qizlarining motivatsiyasi va o‘ziga ishonchi yetarli emasligi ta’kidlandi. Ushbu muammoni qisqa muddatda qisman bo‘lsa-da hal qilish maqsadida quyidagi tadbirlar amalga oshirildi:
Birinchidan, ayollar daftariga kiritilganlar ro‘yxat (taxminan 600 kishi) Mahalla vazirligi va Bo‘ka tumani hokimiyati yordamida shakllantirildi. Bundan tashqari, har bir mahallada daftarga kiritilgan ayollar va ishbilarmonlik muhiti haqida ko‘proq ma’lumot olish uchun barcha 42 ta mahalla rahbarlarining ro‘yxati, ularning aloqa ma’lumotlari to‘plandi.
Ikkinchidan, ayollar daftariga kiritilgan xotin-qizlar ichidan tadbirkorlik bilan shug‘ullanish istagi bor, (oilaviy) tadbirkorlik ko‘nikmalarini shakllantirish / rivojlantirishga qiziquvchi 200 nafar xotin-qizlar tanlab olindi.
Uchinchidan, Bo‘ka tumanidagi xotin-qizlarda tadbirkorlik ko‘nikmalarini hosil qilish va ularga motivatsiya berish maqsadida trening tashkil etildi.
Ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar Akseleratorining 4-yo‘nalishi doirasida 100 kunlik muddatning qolgan qismida quyidagi tadbirlar bajarilishi belgilangan:
Birinchidan, Bo‘ka tumanida ayollar daftariga kiritilgan ishsiz, oilaviy tadbirkorlik bilan shug‘ullanish istagi bor xotin-qizlar uchun 250 komplekt broshyura va tarqatma materiallar ishlab chiqish va chop etish rejalashtirilgan. Ushbu qo‘llanmalarga tadbirkorlikka motivatsiya qilish, aholiga o‘z-o‘zini band qilish va tadbirkorlik sohasida hukumat tomonidan taqdim etilayotgan imkoniyatlar, oilaviy tadbirkorlikning turli turlari bo‘yicha foydali maslahatlar kiritiladi.
Ikkinchidan, yuqorida tanlab olingan 200 nafar xotin-qizlar uchun kasb-hunarga o‘qitish qisqa kurslari tashkillashtiriladi. Kurslar Aholi bandligiga ko‘maklashish markazlari va Bo‘ka tumani hokimligi tomonidan tumanning 4 ta hududida tashkillashtiriladi. Talabgorlarning qiziqishlariga ko‘ra tikuvchilik, asalarichilik, parrandachilik, issiqxonalar, chorvachilik va boshqa kurslar o‘qitiladi.
Uchinchidan, Akseleratorda ishtirok etgan xotin-qizlarning 50 nafardan ortig‘iga o‘z bizneslarini ro‘yxatdan o‘tkazishda, biznes plan tuzishda, Xalq banki, Mikrokreditbank va Agrobank tomonidan imtiyozli kreditlar ajratilishida ko‘mak beriladi.
Akselerator jamoasi
Izoh qoldirish