Infografika: 2021 yilda O‘zbekistonda imtiyozli ipoteka krediti

Infografika: 2021 yilda O‘zbekistonda imtiyozli ipoteka krediti

Uy-joylar qurilishi uchun davlat tomonidan ham aholiga, ham quruvchilarga katta imtiyozlar berilmoqda. Jumladan, joriy yilda ipoteka krediti bo‘yicha 6 oylik imtiyozli davr kiritiladi. Shaharlarda dastlabki badal miqdori 20 foizdan 15 foizga tushiriladi.

Davlatimiz rahbarining 2016 yil 21 oktyabrdagi qaroriga ko‘ra, qishloqlarda, 22 noyabrdagi qarori bilan esa shaharlarda arzon uy-joylar qurish bo‘yicha dasturlar qabul qilindi. Ular asosida, o‘tgan to‘rt yilda 140 mingta uy-joy barpo etildi. Yiliga qurilgan uylarning o‘rtacha soni taqqoslanganda, bu avvalgi davrdagi ko‘rsatkichdan 4-5 baravar ko‘pdir.

Fuqarolarga yakka tartibda uy qurish va rekonstruksiya qilish uchun ham kredit ajratilishi belgilandi. Bunday kreditlar 20 yilga ajratiladi, ehtiyojmand aholi uchun foizning bir qismi subsidiya sifatida to‘lab beriladi. Moliya vazirligiga ushbu yo‘nalish uchun 1,5 trillion so‘m resurs ajratish, viloyat hokimlariga qaysi tumanda qancha oilaga ko‘mak berish masalasini hal etish vazifasi qo‘yildi.

Past daromadli, uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj oilalarga 15 foizlik dastlabki badalning 10 foizi subsidiya sifatida to‘lab beriladi. Ya’ni, aholi uy olish uchun dastlabki badalning 5 foizini to‘laydi, xolos.

Kredit olgan aholi uchun foiz to‘lovlarining Toshkent shahrida 12 foizi, boshqa hududlarda 10 foizidan yuqori qismiga subsidiya beriladi.

Shuningdek, quruvchi tashkilotlarga pandemiya davrida berilgan imtiyozlar joriy yil yakunigacha uzaytirilishi ma’lum qilindi. Jumladan, Tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tomonidan quruvchi tashkilotlarga uy-joy qurish uchun jalb qilgan kreditlar bo‘yicha 20 milliard so‘mgacha kafillik hamda Markaziy bank asosiy stavkasidan oshgan qismiga kompensatsiya beriladi.

Og‘ir turmush sharoitidagi oilalar ijtimoiy ijara asosida uy bilan ta’minlanadi. Buning uchun hududlarga mingta kvartira sotib olish uchun mablag‘ ajratiladi.


Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar