Qishloq xo‘jaligi mamlakat iqtisodiyotining muhim tarmog‘i hisoblanib, 2024 yil yakunlariga ko‘ra yalpi ichki mahsulotning 19 foizi, investitsiyalarning 7,5 foizi, eksportdan olingan daromadlarning 6 foizi va band aholining 22,7 foizi mazkur tarmoq hissasiga to‘g‘ri keladi.
2017-2024 yillarda O‘zbekiston iqtisodiyotida qishloq xo‘jaligi tarmog‘ining bosqichma-bosqich kamayish (32 foizdan 19 foizgacha) tendensiyasi kuzatilgan bo‘lsada, mahsulot ishlab chiqarishning barqaror o‘sish sur’atlariga erishildi. So‘nggi 8 yil davomida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish hajmi 17 foizga (o‘rtacha yillik o‘sish – 2,7 foiz) o‘sdi va 467 trln so‘mga yetdi. 2024 yilda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksporti hajmi 1,6 mlrd AQSh dollarini tashkil etdi.
Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining 63 foizi dehqon va tomorqa xo‘jaliklari, 30 foizi fermer xo‘jaliklari va 7 foizi qishloq xo‘jaligi korxonalari tomonidan ishlab chiqarilmoqda.
Qishloq xo‘jaligida zamonaviy innovatsion texnologiyalarni joriy etish, mahsulot yetishtiruvchilar tomonidan qo‘shilgan qiymat zanjirini yaratish va tayyor mahsulotlar eksportni oshirish maqsadida mamlakatda klaster tizimi joriy etilgani qisqa vaqt ichida sohada ijobiy o‘zgarishlarga zamin yaratdi. 2017 yilda O‘zbekistonda 2 ta qishloq xo‘jaligi klasteri ishlagan bo‘lsa, 2024 yilga kelib ularning soni 355 taga yetdi. Bugungi kunda mamlakatda 134 ta paxta-to‘qimachilik, 200 ta g‘allachilik, 249 ta meva-sabzavotchilik, 42 ta sholichilik, 8 ta dorivorchilik yo‘nalishida klasterlar samarali faoliyat yuritmoqda.
So‘nggi 8 yil davomida sohaga 11,6 mlrd AQSh dollari miqdorida investitsiyalar kiritildi. Qishloq xo‘jaligida bir nafar ishchiga to‘g‘ri keladigan qo‘shilgan qiymat hajmi (mehnat unumdorligi) 61,3 foizga oshib, 79,7 mln so‘mga yetdi.
2017-2024 yillarda donli ekinlar (1 gektardan olinadigan hosil 43 sentnerdan 50 sentnerga), paxta xom ashyosi (23 s. - 34 s.), uzum (124 s. -132 s.), kartoshka (330 s. – 349 s.), poliz ekinlari (345 s. – 359 y.) bo‘yicha hosildorlik ko‘rsatkichlarining o‘sishiga erishildi.

2017-2024 yillarda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari turlarini ishlab chiqarish ko‘rsatkichlarida ham ijobiy o‘sish sur’atlari qayd etildi. 2024 yilda dehqonchilik mahsulotlaridan 8,9 mln tonna don ekinlari (2017 yilga nisbatan o‘sish – 22%), 12 mln tonna sabzavotlar (18%), 3,7 mln tonna kartoshka (32%), 3,3 mln tonna meva va rezavorlar (27%), 1,8 mln tonna uzum (12,5%), 2,7 mln tonna poliz ekinlari (35%) va 3,0 mln tonna paxta xom ashyosi (3,5%) yetishtirilgan.
Chorvachilik mahsulotlaridan 2,9 mln tonna go‘sht (2017 yilga o‘sish – 26%), 12,4 mln tonna sut (24%), 8,8 mlrd dona tuxum (40%), 16,6 ming tonna asal (42%) yetishtirilgan. Shu bilan birga, 2024 yilda yirik shoxli qoramollar soni 14,4 mln.bosh (2017 yilga nisbatan o‘sish – 15,2%), sigirlar – 5,1 mln bosh (19%), qo‘y va echkilar – 24,6 mln osh (19,4%), parrandalar – 106,6 mln boshga (42,3%) yetdi.
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi
Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi
Izoh qoldirish