Intellektual mulk sohasida tezkor ekspertiza tartibi joriy etiladi

Intellektual mulk sohasida tezkor ekspertiza tartibi joriy etiladi

“Intellektual mulk ob’yektlarini muhofaza qilish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori qabul qilindi.

Qarorga ko‘ra, 2021 yil 1 apreldan:

- tovar belgisi va xizmat ko‘rsatish belgisining faqat tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirayotgan shaxs nomiga ro‘yxatdan o‘tkazilishiga nisbatan qonunchilikdagi mavjud cheklovlar bekor qilinadi;

- intellektual mulk ob’yektlarini davlat ro‘yxatiga olish muddatlarini keskin qisqartirish imkoniyatlarini yaratuvchi tezkor ekspertiza tartibi joriy etiladi.

Intellektual mulk agentligi (Agentlik) faoliyatida intellektual mulk ob’yektlariga talabnomalarni davlat ekspertizasidan o‘tkazish jarayonida autsorsing usullarini qo‘llash tajribasi yo‘lga qo‘yiladi.

2021 yil 1 iyunga qadar davlat boshqaruvi organlari va davlat korxonalari, ilmiy-tadqiqot va oliy ta’lim tashkilotlariga tegishli bo‘lgan intellektual mulk (mualliflik huquqi, turdosh huquqlar va sanoat mulki) ob’yektlari to‘liq xatlovdan o‘tkaziladi.

Eksport ulushi umumiy tovar aylanmasining 60 foizidan ortig‘ini tashkil etadigan eksport qiluvchi, shuningdek, qishloq xo‘jaligi va hunarmandchilik sohasida faoliyat yurituvchi tadbirkorlar uchun tovar belgilarini 2021-2022 yillarda milliy ro‘yxatdan o‘tkazish bepul amalga oshiriladi.

2021 yil 1 oktyabrga qadar Agentlik huzuridagi “Patent platformasi” ishga tushiriladi.

Platforma elektron shaklda real vaqt rejimida yuritiladi hamda unga tadbirkorlar ixtiyoriy va bepul asosda kiritiladi.

Shuningdek, eng yaxshi intellektual mulk ob’yektlari yaratuvchilarini Agentlik tomonidan Butunjahon intellektual mulk tashkilotining maxsus mukofotlariga taqdim etish bo‘yicha tavsiyalar kiritiladi.

Agentlik tomonidan bir yilda bir marta “Eng yaxshi intellektual mulk ob’yekti” tanlovi tashkillashtirilib, tanlov g‘oliblariga tegishlicha bazaviy hisoblash miqdorining 30, 25, 20 baravari miqdorida pul mukofotlari topshiriladi.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar