Ishtixonda ishlar “Oqqo‘rg‘on tajribasi” asosida tashkil etilmoqda

Ishtixonda ishlar “Oqqo‘rg‘on tajribasi” asosida tashkil etilmoqda

Davlatimiz rahbari topshirig‘iga asosan tuzilgan Respublika ishchi guruhi tomonidan Ishtixon tumanida aholi muammolari va hududlarda ijtimoiy-iqtisodiy masalalarni o‘rganish va hal etish bo‘yicha ishlar Toshkent viloyatining Oqqo‘rg‘on tumanida joriy qilingan tajriba asosida tashkil etilyapti.

Ayni damda aholini qiynab kelayotgan muammolarni aniqlash va bartaraf etish bo‘yicha tumanda aholi bilan muloqotning yangicha tizimi doirasida fuqarolar bilan uchrashuvlar o‘tkazilib, mavjud muammolarga samarali yechim topilmoqda.

Tumanda suv, gaz va elektr ta’minoti, ichki yo‘llar holati, maktabgacha ta’lim, transport xizmati sohalaridagi muammolarni hal etish maqsadida 31 ta mahalla fuqarolar yig‘inida 20 milliard 580 million so‘mlik ishlar bajarilishi rejalashtirilgan. Shundan 17 mahallada 22 kilometrdan ortiq ichki yo‘llar ta’mirlanib, bir yarim kilometr piyodalar yo‘lakchasi quriladi.

Bugungi kunda barcha ob’yektlarda tender tanlovlari yakunlanib, pudratchi tashkilotlar aniqlangan, suv ob’yektlari, piyodalar yo‘lagi qurish, oqova suv arig‘i o‘rnatish davom etmoqda. Jumladan, “To‘por», «Namuna», «Shayxislom», «Qayirma», «Yo‘g‘ontepa», «Mirishkor», «Zarband», «G‘ofur G‘ulom», «Azamat» MFY larda jami 6 ta suv inshootini qurish, 16,2 kilometrlik ichimlik suvi tarmog‘ini tortish ishlari amalga oshirilmoqda. Natijada ushbu mahallalarda yashovchi 3 mingga yaqin aholining ichimlik suvi ta’minoti yaxshilanib, 1250 nafar aholi ilk bor markazlashgan toza ichimlik suvi bilan ta’minlanadi. Ayni paytda mazkur hududlarda qurilish-montaj ishlari olib borilmoqda.

— Mahallamizda 420 ta xonadon mavjud, — deydi Ishtixon tumanidagi «To‘por» MFY raisi Husniddin Ostonov. — Bugungi kunga mahallamizda toza ichimlik suvi ta’minoti bilan bog‘liq amaliy sa’y-harakatlar yakuniga yetkazilmoqda. Fevral oyi oxiriga qadar mahallamizdagi yuz foiz xonadonlarda toza ichimlik suvi chiqa boshlaydi.

Shu bilan birga «Bahrin», «Safoxo‘ja» va «Chinortepa» mahallalarida elektr energiyasidagi uzilishlarni bartaraf etish maqsadida 3 ta transformator, 731 ta beton-tayanch ustunlar o‘rnatilishi ko‘zda tutilgan. Tumanning tabiiy gaz yetib bormagan mahallalarida aholini suyultirilgan gaz ballonlari bilan ta’minlash ham barqarorlashdi.

— Bizning «Xonaqa» mahalla fuqarolar yig‘inimizda 4 ming 200 dan ziyod aholi yashaydi, — deydi mahalla raisi Samariddin Muhammadiyev. — Xususan, yig‘inimizga qarashli 4 ta qishloqda eng asosiy muammolardan biri ko‘cha va yo‘llarimizning nosozligi edi. Mana, qisqa vaqt ichida og‘ir ahvoldagi 17 ta ko‘chaga qum-shag‘al yotqizilyapti. 1,5 kilometr yo‘limiz asfaltlandi. Bundan tashqari elektr energiyasi, ichimlik suvi bilan bog‘liq muammolar barham topmoqda.

Bu amaliy chora-tadbirlar qatorida ijtimoiy himoyaga muhtoj, nogironligi bo‘lgan shaxslar bilan ishlash ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash masalasiga e’tibor qaratilyapti. Ushbu maqsadda tumanda xonadonma-xonadon xatlov o‘tkazildi. Natijada ijtimoiy ahvoli og‘ir bo‘lgan oilalarning 70 dan ortiq uy-joylari ta’mirtalabligi aniqlanib, hozirga qadar shundan 45 tasiga zarur qurilish materiallari ajratildi.

Abdulaziz Yo‘ldoshev


Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar