2021 yil 8 aprelda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi direktorining o‘rinbosari Umid Abidxadjayev "Markaziy Osiyo: mintaqaviy o‘zaro hamkorlikdan qo‘shma barqaror o‘sishga" mavzusidagi Xalqaro munozara klubida ishtirok etdi.
O‘zbekistonning tahlil markazi direktori o‘rinbosarining so‘zlariga ko‘ra, dunyo savdosining 2/3 qismi global va mintaqaviy qiymat zanjirlari doirasida sodir bo‘ladi. Bu borada O‘zbekiston Markaziy Osiyo (MO) mamlakatlari bilan iqtisodiy aloqalarni o‘rnatish va mustahkamlashga, shu jumladan, uchinchi mamlakatlarga eksport qilish uchun qo‘shma korxonalar yaratishga alohida e’tibor qaratish lozim.
Eksport tashqi savdoda muhim ko‘rsatkich bo‘lib, O‘zbekiston uchun eksport bozorlarining ahamiyatini ko‘rsatadi. 2020 yilda O‘zbekistonning umumiy eksportida Markaziy Osiyo davlatlarining ulushi 14,5% ni tashkil etdi. Shu bilan birga, Markaziy Osiyo davlatlari orasida Qozog‘iston va Qirg‘iziston eksportning eng katta hajmi, mos ravishda 6,0% va 5,0% ni tashkil etdi
Umid Abidxadjayev raqamlar haqida gapirar ekan, 2017-2019 yillarda O‘zbekistonning Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan tovar aylanmasi deyarli ikki baravarga 2,7 milliard dollardan 5,2 milliard dollargacha oshganini qayd etdi.
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi direktorining o‘rinbosari o‘z nutqida iqtisodiyotdagi qiyosiy ustunliklar va O‘zbekiston Respublikasining eksport salohiyatini o‘sish istiqbollarini dastlabki tahlilini taqdim etdi.
Xususan, Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tadqiqotining bir qismi sifatida amalga oshirilgan tashqi savdo gravitatsion modeli (Gravity Model) yordamida eksport va import oqimlariga Mintaqaviy Savdo Shartnomalari (MSSh) tuzilishining ta’sirini baholash shuni ko‘rsatdiki, MSShda qatnashish O‘zbekistonning ikki tomonlama eksport va import hajmini ikki baravar oshirishi mumkin.
Olingan elastiklik koeffitsiyentlari bir qator muhim xulosalar chiqarishga imkon beradi.
Savdo hajmiga ta’siri: olingan koeffitsiyentlar shuni ko‘rsatadiki, Mintaqaviy Savdo Shartnomalarida (MSSh) ishtirok etish, qolgan barcha shartlar teng bo‘lgan holda, O‘zbekiston eksportining o‘rtacha 140,4% ga oshishiga olib keladi, bu esa adabiyotda mavjud hisob-kitoblarga yaqin [Baier and Bergstrand, 2007; Anderson and Yotov, 2016]. Masalan, Baier and Bergstrand (2007) savdo shartnomasi ikki savdo sheriklarining o‘rtacha 10 yil davomida o‘zaro savdosini qariyb ikki baravar oshirganligini hujjatlashtirgan.
Tariflarning ta’siri: import qiluvchi mamlakatlarda o‘zbek tovarlariga bojlarning joriy etilishi O‘zbekiston eksportiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Qolgan barcha shartlar teng bo‘lgan holda, savdo sheriklari bo‘lgan mamlakatlarda o‘zbek tovarlari uchun tariflarning joriy etilishi bilan O‘zbekiston eksportining o‘rtacha ekvivalent pasayishi 16% ni tashkil etadi.
Bundan kelib chiqadiki, O‘zbekistonning Mintaqaviy Savdo Shartnomalarida ishtirok etishi o‘zaro eksport va import hajmini ikki baravaridan ko‘proq oshirishi mumkin. Shu bilan birga, eksport ko‘proq darajada oshishi mumkin. Shuningdek, savdo sheriklari bo‘lgan mamlakatlarda tariflarning joriy etilishi O‘zbekistonning ushbu mamlakatlarga eksportini sezilarli darajada kamaytirishi mumkin.
* Binar-o‘zgaruvchi "MSShda ishtirok etish"da O‘zbekistonning 1992-2018 yillardagi ikki tomonlama va ko‘p tomonlama imzolangan barcha savdo shartnomalari hisobga olingan. "MSShda ishtirok etish" o‘zgaruvchisi uchun koeffitsiyentlar, O‘zbekistonning mintaqaviy darajada va global miqyosda ishtirok etishi O‘zbekistonning eksportini kamida 140 foizga oshirishi mumkinligini aniqlash imkonini beradi.
Markaziy Osiyo mamlakatlari tomonidan ichki bozorlarga o‘zaro kirishni kengaytirish asosan tayyor mahsulotlar eksportini ko‘paytirish bo‘yicha ular tomonidan qo‘yilgan vazifalarni hal qilishga yordam berishi mumkin, chunki bu mamlakatlar raqobatchilar emas, balki birlamchi bo‘lmagan tovarlar uchun o‘zaro savdo bo‘yicha sheriklardir.
Xususan, tovar ishlab chiqaruvchilarning eksport imkoniyatlarini oshirish MO mintaqasida mintaqaviy qiymat zanjirlarini, shu jumladan, sanoat va qishloq xo‘jaligi klasterlarini yaratishga hissa qo‘shishi mumkin, bu esa tranzaksiya xarajatlarini kamaytirishda kompensatsion ta’sir ko‘rsatadi.
Shu bilan birga, Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi direktorining o‘rinbosari ta’kidlaganidek, raqamli iqtisodiyot va Markaziy Osiyo uchun raqamli savdo maydonchalarini yaratishga e’tibor qaratish lozim.
Ekspert Markaziy Osiyo mamlakatlarida infratuzilma loyihalariga sarmoya kiritish o‘rta muddatli istiqbolda rivojlanishning muhim sharti ekanligini ta’kidladi.
- Osiyo taraqqiyot bankining "Meeting Asia's Infrastructure Needs" ma’lumotiga ko‘ra, Osiyo 2030 yilgacha hozirgi iqtisodiy o‘sishni saqlab qolish uchun taxminan 22 trillion dollarga yaqin infrastruktura sarmoyasi kerak bo‘ladi. Bunday investitsiyalar shu bilan ahamiyatliki, ularning ijobiy bilvosita ta’siri (spillover effect) davlat chegaralarida to‘xtab qolmaydi, ya’ni bu ko‘p tomonlama naf keltiradi", - deya ta’kidladi U. Abidxadjayev.
8 aprel kuni tashkil etilgan tadbirda Oliy Majlis Senati Raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktori Eldor Aripov, Taraqqiyot strategiyasi direktori Eldor Tulyakov, Rossiya tashqi ishlar vazirligi Moskva davlat xalqaro munosabatlar instituti Yevroosiyo tadqiqotlari markazi direktori Ivan Safranchuk, Jons Xopkins (AQSh) universiteti Markaziy Osiyo va Kavkaz instituti rahbari Frederik Star, Qozog‘iston Prezidenti huzuridagi Qozog‘iston strategik tadqiqotlar instituti direktori o‘rinbosari San’at Kushkumbayev, mashhur nemis xalqaro jurnalisti Aleksandr Rar ishtirok etishdi.
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi Jamoatchilik bilan aloqalar xizmati
Izoh qoldirish