Abdul Latif Jamil kambag‘allikka qarshi kurash laboratoriyasining Yevropa byurosi (J-PAL Europe) O‘zbekistonni oyning eng yaxshi mamlakati deb e’lon qildi. Bu haqda J-PAL Europe Twitter’dagi rasmiy sahifasida yozdi.
"May oyida bizning e’tiborimiz O‘zbekistonga qaratildi, bu yerda J- PAL Europe faktik ma’lumotlarni mamlakatda kambag‘allikni kamaytirish siyosatiga jalb qilish imkoniyatlarini o‘rganmoqda", - deyiladi J-PAL Yevropa byurosi bayonotida.
Yil boshidan beri J-PAL Yevropa byurosi oyning mamlakatlari deb e’lon qilindi, ular Italiya, Germaniya va Ispaniya.
Ma’lumot uchun: J-PAL – kambag‘allikka qarshi kurash bo‘yicha global tadqiqot markazi. 2003 yilda MIT asosida yaratilgan. Uning Yevropa, Afrika, Janubiy va Shimoliy Amerika, Yaqin Sharq, Janubiy va Janubi-Sharqiy Osiyodagi yetakchi universitetlarida 7 ta hududiy vakolatxonalari mavjud.
J-PAL ning asosiy tarkibi 400 dan ortiq mutaxassislarni o‘z ichiga oladi. Butun dunyo bo‘ylab 300 ga yaqin professor-o‘qituvchilari bilan yaqin hamkorlikda ishlaydi. Laboratoriyaning butun faoliyati davomida 91 ta mamlakatda 1094 ta tadqiqot o‘tkazildi.
Kambag‘allikka qarshi kurash va aholini ijtimoiy muhofaza qilishni tashkil etish O‘zbekiston davlat siyosatining diqqat markazida bo‘lib, so‘nggi 5 yil davomida mamlakatimizda bu borada keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi.
O‘zbekistonda kambag‘allikka qarshi faol kurash boshlandi va uni bartaraf etish bo‘yicha kompleks yondashuvlar ishlab chiqilmoqda. So‘nggi ikki yildagi islohotlar kun tartibi pandemiya keltirib chiqaradigan salbiy ta’sirlarga javob berish uchun tuzatildi.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilning may oyida Nobel mukofoti laureatlari Abxijit Banerji va Ester Duflo asos solgan J-PAL Iqtisodiy tadqiqotlar va islohtlar markazi bilan birgalikda kambag‘allikka qarshi kurash bo‘yicha davlat dasturlari samaradorligini oshirish bo‘yicha O‘zbekiston hukumati bilan hamkorlikda innovatsion yondashuvlarni ishlab chiqish va sinovdan o‘tkazishga ko‘maklashish maqsadida seminar tashkil qilgan edi.
Ushbu bosqichda J-PAL va Iqtisodiy tadqiqotlar va islohtlar markazi kambag‘allikka qarshi kurashga qaratilgan birinchi davlat dasturlarining samaradorligini va ularning real daromadlar o‘sishi va kambag‘allikni kamaytirishga potensial ta’sirini baholash bo‘yicha tadqiqotni boshlamoqda.
Mutaxassislar tomonidan “Har bir oila – tadbirkor” va “Mahallabay” tizimi kabi dasturlar samaradorligini baholashning ilg‘or vositalarini va “Ishga marhamat” monomarkazlari, jumladan, mehnat migratsiyasi dasturlari samaradorligi ishlab chiqish va joriy etish imkoniyatlari ko‘rib chiqilmoqda.
Davlat dasturlari samaradorligini baholashning bunday madaniyati O‘zbekistonda ilk bor joriy etilmoqda, bu esa bir vaqtning o‘zida kambag‘allikning ko‘plab jihatlarini hal etishga qaratilgan istiqboldagi dastur va strategiyalarni ishlab chiqishda muhim qadam bo‘ladi.
Ma’lumot uchun: 2021 yilda Markaziy Osiyo va Kavkazdagi eng yaxshi tahliliy markazlar reytingida Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi mintaqadagi 63 ta eng yaxshi tadqiqot va tahliliy muassasalar orasida 10-o‘rinni egalladi. Shunday qilib, Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi o‘tgan yilga nisbatan bir pog‘ona yuqoriga ko‘tarildi va 2016 yil ko‘rsatkichlarini uchta pog‘onaga yaxshiladi (o‘shanda Markaz 13-o‘rinni egallagan).
Iqtisodiy tadqiqotlar markazi tashkil etilganining 20 yilligi munosabati bilan 2019 yil oktyabr oyida Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markaziga aylantirildi. Shu bilan birga, yangi maqsad va vazifalar, jumladan, rivojlangan xorijiy mamlakatlarda muvaffaqiyatli sinovdan o‘tkazilgan tajribalarni, ijtimoiy-iqtisodiy sohalarni chuqurlashtirishning strategik yo‘nalishlari bo‘yicha takliflarni inobatga olgan holda chuqur ishlab chiqilgan rivojlantirish maqsadida tahliliy va amaliy tadqiqotlar o‘tkazishni nazarda tutuvchi yangi maqsad va vazifalar tasdiqlandi.
Izoh qoldirish