Jizzax Organic qishloq sanoati klasteri Jizzax viloyatida 250 ish o‘rnini yaratdi

Jizzax Organic qishloq sanoati klasteri Jizzax viloyatida 250 ish o‘rnini yaratdi

2020 yil aprel oyining so‘ngida Jizzax Organic 250 ta lavozimga xodimlar qabul qilishni boshladi. Qishloq xo‘jaligi klasteri tomonidan yaratilgan ish o‘rinlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2020 yil 22 aprelda bo‘lib o‘tgan videoselektorda bildirilgan muammolarni hal qilishga yordam beradi. Xususan, yangi bo‘sh ish o‘rinlari malaka va maxsus ma’lumotni talab qilmaydi. Bu Prezident ta’kidlaganidek, ayniqsa, himoyaga muhtoj, "karantindan avval ham ishsiz bo‘lgan va kunlik daromadga qaram" aholi qatlamlarini ish bilan ta’minlashga imkon beradi.

«Ish o‘rinlari sonining ko‘payishi aholi farovonligini ta’minlashning muhim omili sanaladi. Barchamizga ma’lumki, joriy etilgan cheklovlar tufayli ko‘plab aholi daromad manbalaridan ayrildi. Hozirda Jizzax viloyatida ishsizlik darajasi 9,2 foizni tashkil etmoqda. Bizning viloyatimizda koronavirus bilan kasallanish holatlari ko‘p emas, shu sababdan sanitariya-gigiyena qoidalariga rioya qilgan holda odamlar o‘z salomatliklariga xavf tug‘dirmasdan ishlashlari mumkin. Jizzax Organic dagi ish o‘rinlari pandemiyaning iqtisodiyotga salbiy ta’sirini kamaytishga yordam beradi», dedi Jizzax viloyati hokimligi matbuot kotibi Akmal Binoqulov.

Xodimlar sonining kengayishiga beshta omil sabab bo‘ldi:

  1. ozuqabop ekin maydonlari 5,7 ming gektarga ko‘paytirildi;
  2. ajratilgan yerlarda sug‘orish tizimi tiklanmoqda;
  3. qishloq xo‘jaligi texnikasi parkining kengaytirilishi. Yevropadan texnikalar importi hajmi 8,7 million AQSh dollariga yetdi;
  4. Avstraliyadan 2,5 ming bosh Dorper nasldor qo‘ylarni qabul qilish uchun tayyorgarlik ishlari;
  5. Amerika va Rossiyadan 5 ming bosh nasldor qoramol, shu jumladan Rossiya bozorida eng yirik go‘sht ishlab chiqaruvchi “Miratorg”dan 2 ming Angus zotli buqa olish uchun tayyorgarlik.

«Jizzax Organic dagi ishlar sanitariya-gigiyena me’yorlariga muvofiq olib borilmoqda. Biroq, Prezidentning ta’kidlaganidek, "bugun yo‘qotilgan vaqt va imkoniyatni ertaga qaytarib bo‘lmaydi", shuning uchun biz ekin ekish va zotdor mollarni import qilish bilan faol shug‘ullanmoqdamiz. Bugun bizning kompaniyamiz amalga oshirayotgan ishlar, ertaga O‘zbekistonning oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlaydi. Klaster xodimlari uchun kuniga uch mahal issiq ovqat va ish joyiga yetkazish uchun transport tashkillashtirilgan, yaqin masofada yashovchi ishchilarga esa velosiped beriladi. Bundan tashqari, yangi bo‘sh ish o‘rinlari mavsumiy emas, demak, odamlarning daromadi doimiy va barqaror bo‘ladi», deya izoh berdi Jizzax Organic direktori Hikmatilla Karimov.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev topshirig‘iga binoan tashkil etilgan Jizzax Organic kompaniyasi go‘sht va sut mahsulotlari ishlab chiqarish, o‘simlikshunoslik va naslchilik bilan shug‘ullanadi. Jizzax klasterining yaqin kelajakdagi rejalari - O‘zbekistonda yirik marmar mol go‘shti ishlab chiqaruvchisiga aylanishdir. Kompaniyaning umumiy investitsiyasi miqdori 150 million AQSh dollarini tashkil etadi.

Ma’lumot uchun, «Jizzax Organic» XK MChJ Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 23 iyuldagi 619-son Qaroriga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining O‘zbekiston Respublikasini 2017-2021 yillarda rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarni bajarish uchun tashkil etilgan. Korxonaning ishi O‘zbekistonning qishloq xo‘jaligi sektorini rivojlantirishga yo‘naltirilgan. «Jizzax Organic» XK MChJ chorvachilik, o‘simlikshunoslik va seleksiya-genetika ishlari bilan shug‘ullanadi. Jizzax qishloq xo‘jaligi klasteriga investitsiyalar summasi 150 mln AQSh dollarini tashkil etadi.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar