Ko‘pgina sabablarga ko‘ra tadbirkorlar kamdan-kam hollarda korporativ obligatsiyalarni qarz hisobidan moliyalashtirishning raqobatdosh usuli deb bilishadi. Shu bilan birga, korporativ obligatsiyalarni chiqarishda qarz oluvchi kompaniyaning o‘zi foiz stavkasini va emissiya muddatini belgilaydi. Bu kompaniyaga ko‘proq imkoniyatlar beradi, qarzni yanada moslashuvchan qiladi.
Korporativ obligatsiyalar — aksiyadorlik jamiyatlari, mas’uliyati cheklangan va qo‘shimcha mas’uliyatli jamiyatlar tomonidan chiqariladigan obligatsiyalar.
Korporativ obligatsiyalar ochiq yoki yopiq obuna orqali chiqarilishi mumkin. Ularning asosiy farqi shundaki, ochiq obuna bo‘lgan taqdirda, qimmatli qog‘ozlarni joylashtirish cheksiz ko‘p investorlar o‘rtasida, yopiq obuna bilan esa - oldindan ma’lum bo‘lgan cheklangan investorlar orasida bo‘ladi.
Shunday qilib, qarz oluvchi kompaniya o‘z maqsadlaridan kelib chiqib, potensial investorlarni oldindan tanlashi mumkin. Yopiq obunani tanlash obligatsiyalar emitentini ommaviy e’lon va reklama kampaniyasidan xalos qilishi va shu bilan xarajatlarni kamaytirishi mumkin. Ochiq va yopiq obunalar uchun korporativ obligatsiyalarni chiqarish jarayoni farq qiladi.
Ochiq obuna orqali obligatsiyalarni chiqarish uchun kompaniya 6 asosiy bosqichdan o‘tadi:
- Obligatsiyalarni chiqarish to‘g‘risida qaror qabul qilish va tasdiqlash.
- Risolani tasdiqlash.
- Obligatsiya chiqarilishini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va "Toshkent" RFB birja kotirovkalash varag‘iga kirish.
- Qimmatli qog‘ozlar chiqarilishi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni oshkor qilish.
- "Toshkent" RFBda obligatsiyalarni joylashtirish.
- Obligatsiyalar muvaffaqiyatli joylashtirilganidan keyin obligatsiyalarni chiqarish natijalari to‘g‘risida xabar berish.
Obligatsiyalarni ochiq obuna orqali chiqarish uchun qarz oluvchiga auditorlik tekshiruvidan o‘tgan moliyaviy hisobot va reyting ballari kerak bo‘ladi. Bundan tashqari, kompaniya so‘nggi moliyaviy yilda rentabellik, to‘lov qobiliyati, moliyaviy barqarorlik va likvidlikning ijobiy ko‘rsatkichlarini namoyish etishi kerak.
Obligatsiyalarni yopiq obunasi orqali chiqarish uchun qarz oluvchi obligatsiyalar chiqarish va obligatsiyalar chiqarilishini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qilishi va tasdiqlashi kerak.
Obligatsiyalar muvaffaqiyatli joylashtirilganidan so‘ng, kompaniya obligatsiyalar chiqarish natijalari to‘g‘risida xabar beradi.
Ochiq obuna bo‘lganida, korporativ obligatsiyalar emitenti investorlarni jalb qilish uchun reklama kampaniyasini boshlaydi, yopiq obuna bilan esa tayyor investorlarni topish juda muammoli bo‘lishi mumkin. Shunga qaramay, tayyor sarmoyadorlari bo‘lmagan kompaniyalar ham korporativ obligatsiyalarni yopiq obuna bilan chiqarishi mumkin. 2001 yilda Ansher Capital investitsiya banki tashabbusi hamda bir qator tijorat banklari, sug‘urta kompaniyalari, brokerlik, konsalting va investitsiya kompaniyalari ko‘magi bilan tashkil etilgan Xalqaro Emissiyasi Sindikati (XES) obligatsiyalar chiqaradigan kompaniyani xizmat ko‘rsatuvchi provayderlar va potensial investorlar bilan birlashtirishga imkon beradi. 2001 yildan 2008 yilgacha bo‘lgan davr ichida XES 28 ta korporativ obligatsiyalarni muvaffaqiyatli joylasytirdi.
2008 yilda moliyaviy inqiroz boshlangach va keyinchalik O‘zbekiston qimmatli qog‘ozlar bozoridagi tanazzuldan so‘ng, XES faoliyati to‘xtatildi.
Shunga qaramay, 2020 yil noyabr oyida kapital bozorida qabul qilingan islohotlar natijasi ularoq, ma’suliyati cheklangan (va qo‘shimcha) mas’uliyatli jamiyatlarga korporativ obligatsiyalarni chiqarishga yana ruxsat berilgach, XES a’zolarining navbatdagi korporativ obligatsiyalarni chiqarish va joylashtirishni tashkillashtirish borasidagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
15.03.2021 yil holatiga ko‘ra "Toshkent" RFB savdolarida 6 ta korporativ obligatsiyalar mavjud, shulardan:
4 tasi aksiyadorlik tijorat banki bo‘lib, ularning obligatsiyalari bo‘yicha foiz stavkasi asosiy stavkaga bog‘langan.
1 emitent - MChJ shaklidagi developer kompaniyasi;
foiz stavkasi o‘zbek so‘mining AQSh dollariga nisbatan devalvatsiya/revalvatsiya stavkasiga bog‘liq;
1 emitent - yillik foiz stavkasi 23 % qilib belgilangan mikrokredit tashkilotidir.
Qo‘shimcha imkoniyatlar
Xalqaro qimmatli qog‘ozlar bozori qarz bozorining ko‘plab vositalarini o‘z ichiga oladi. O‘zbekiston kompaniyalari uchun qo‘shimcha moliyalashtirish manbalarini yaratish maqsadida, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining yalpi majlisida qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritishni va qonun hujjatlarida birja obligatsiyasi tushunchasini kiritish uchun qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilindi.
Birjada sotiladigan obligatsiyalar - bu qarzlar bozorining vakolatli ro‘yxatga olish organida ro‘yxatdan o‘tishni talab qilmaydigan qisqa muddatli vosita. Birjada sotiladigan obligatsiyalarni ro‘yxatdan o‘tkazish fond birjasida amalga oshiriladi. Birjada sotiladigan obligatsiyalarning muomala muddati 1 yilgacha.
Korporativ obligatsiyalarni chiqarishni tartibga soluvchi asosiy qonunlar va qoidalar quyidagilardir:
- “Qimmatli qog‘ozlar bozori to‘g‘risida” gi qonun
- “Qimmatli qog‘ozlar emissiyasi va emissiyaviy qimmatli qog‘ozlar chiqarilishlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risida” Qoidalar.
Izoh qoldirish