2021 yilda iqtisodiyot va biznes sohasida qanday o‘zgarishlar rejalashtirilgan. Asosiylari

2021 yilda iqtisodiyot va biznes sohasida qanday o‘zgarishlar rejalashtirilgan. Asosiylari

"Taraqqiyot strategiyasi" markazi va "Yuksalish" umummilliy harakati tomonidan muhokama uchun e’lon qilingan Davlat dasturi loyihasida iqtisodiyot va tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha bir qator chora-tadbirlar taklif qilingan.

Soliq imtiyozlari

Koronavirus pandemiyasi sharoitida tadbirkorlik sub’yektlarini qo‘llab-quvvatlash choralarini davom ettirish maqsadida quyidagilarning amal qilish muddati 2021 yil 31 dekabrga qadar uzaytirish taklif qilindi:

- turizm, transport va umumiy ovqatlanish sohalariga berilgan yer va mol-mulk solig‘ini to‘lash bo‘yicha imtiyozlarga oid 20 mingta tadbirkorlik sub’yektining 2020 yil yakuniga qadar kechiktirilgan 400 milliard so‘mni qaytarishi;

- O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 19 martdagi PF–5969‑son Farmonida nazarda tutilgan mol-mulk solig‘i va yer solig‘i bo‘yicha penyalar hisoblanishini to‘xtatib turish, shuningdek soliq qarzini majburiy undirish choralari ko‘rilishiga cheklov
(2020 yil 31 dekabr holatiga mavjud soliq qarzga nisbatan);

- O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 3 apreldagi PF–5978‑son Farmonida nazarda tutilgan mikrofirma, kichik korxona va yakka tartibdagi tadbirkorlarga mahalliy davlat hokimiyati organlariga ariza bermasdan turib soliq organlarini xabardor qilgan holda mol-mulk solig‘i va yer solig‘i bo‘yicha berilgan foizsiz kechiktirish (bo‘lib-bo‘lib to‘lash) tartibi;

- “xufiyona iqtisodiyot” ulushini qisqartirish uchun soliq auditi o‘tkazishda “tahlika-tahlil” tizimi bosqichma-bosqich joriy etilgan holda soliqlarni va boshqa majburiy to‘lovlarni o‘z vaqtida to‘lab kelayotgan kichik tadbirkorlik sub’yektlarida soliq auditi o‘tkazilishiga moratoriy.

Iqtisodiyotni rivojlantirish va kambag‘allikni kamaytirish

Iqtisodiyotni rivojlantirish, shu jumladan kambag‘allikni qisqartirish va uzoq muddatli barqaror iqtisodiy o‘sishning poydevorini yaratish maqsadida quyidagilar taklif etiladi:

a) ishsiz a’zolari bor oilalarga, jumladan, “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan oilalarga dehqonchilik bilan shug‘ullanish imkoniyatlarini kengaytirish uchun 2021 yil 1 iyuldan boshlab:

- dehqonchilik bilan shug‘ullanish uchun yangi o‘zlashtirilgan, lalmi, foydalanilmayotgan yer maydonlarida 10 sotixdan 1 gektargacha yer ajratilishi;

- ajratilgan yer maydonlari sug‘orish tizimi (artezian quduqlar, tomchilatib sug‘orish tizimi va boshqalar) hamda elektr energiyasi bilan ta’minlanishi;

- berilgan yerlarni o‘zlashtirish uchun (yer haydash, urug‘ ko‘chat xarid qilish va boshqalar) subsidiya ajratilishi yo‘lga qo‘yiladi.

- Qishloq xo‘jaligi vazirligi Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi bilan birgalikda 2021 yil 1 aprelga qadar har bir tumanning imkoniyati va rivojlanish yo‘nalishidan kelib chiqib ehtiyojmand oilalarga dehqonchilik bilan shug‘ullanish uchun ko‘maklashish tizimini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori loyihasini kiritadi;

b) tadbirkorlik va o‘zini o‘zi band qilish faoliyatini boshlamoqchi bo‘lgan ishsiz, shu jumladan “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan fuqarolarga faoliyatini boshlash uchun kerak bo‘lgan asbob-uskuna, mehnat qurollari xarid qilish uchun 7 million so‘mgacha subsidiyalar ajratilishi amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.

- Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Moliya vazirligi hamda Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda ishsiz aholini tadbirkorlikka va o‘zini o‘zi band qilib ishlash faoliyatiga jalb qilishning yangi mexanizmlari yuzasidan taklif kiritadi;

v) 2021 yil 1 martdan boshlab zargarlik sohasida keng imkoniyatlar yaratish uchun kumushni ishlab chiqaruvchilar tomonidan kumushni birja orqali undan tayyorlanadigan buyumlarini ishlab chiqaruvchilarga erkin sotish tartibi joriy etiladi.

- Moliya vazirligi bir oy muddatda kumushning ishlab chiqaruvchilarga birja savdolari orqali sotilishi, birjaga qo‘yiladigan kumush hajmlarini shakllantirish hamda mahsulot boshlang‘ich narxini asosli shakllantirish bo‘yicha takliflarini ishlab chiqishi kerak.

Bank sohasi

Markaziy bank bir oy muddatda banklararo valyuta bozorini tartibga solishni yanada liberallashtirish va xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish maqsadida quyidagilarni nazarda tutuvchi dasturni tasdiqlasin va yil yakuniga qadar unda belgilangan chora-tadbirlarning amalga oshirilishini ta’minlaydi:

- banklararo valyuta bozorini “onlayn” platformaga o‘tkazish;

- tadbirkorlarga valyutani bevosita bankning o‘zidan sotib olish imkoniyatini yaratish;

- tijorat banklarining valyuta kursini aniqlashdagi rolini oshirish;

- rasmiy valyuta kursini kunlik e’lon qilib borish.

Transport sektori

Transport vazirligi Moliya vazirligi bilan birgalikda hududlarning rivojlanishi uchun muhim omillardan biri bo‘lgan hududlararo transport aloqasini ta’minlash maqsadida, 2021 yil 1 martdan boshlab:

- Davlat byudjetidan subsidiyalash tizimini joriy etish orqali eng yirik shaharlar va turistik markazlarga tezda kelib-ketish imkoniyatini beradigan muntazam avia qatnovlarini yo‘lga qo‘yiladi;

- O‘zbekiston Respublikasi fuqarolariga respublika bo‘ylab sayohat qilish uchun avia chipta narxining 30 foizini qaytarish (cash back) tartibini joriy qilinadi.

Energetika sohasi

Elektr energiyasi va tabiiy gaz ta’minotida monopoliyani bekor qilib, bozor munosabatlarini shakllantirish maqsadida:

- 2021 yil 1 martdan suyultirilgan gaz importi uchun belgilangan bojxona boji va uni import qilish uchun talab etiladigan ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlar bekor qilinadi;

- 2021 yil 1 martga qadar ishlab chiqaruvchi va importyorlar uchun elektr energiyasi va tabiiy gaz bilan ta’minlash sohasiga bozor mexanizmlarini joriy etish orqali ulgurji bozorni shakllantirish “yo‘l xaritasi” ishlab chiqiladi.

- Energetika vazirligi “yo‘l xaritasi” ishlab chiqilishini ta’minlasin hamda birinchi bosqichda, 2021 yil 1 avgustdan boshlab, yirik korxonalarga elektr energiyasi va tabiiy gazni import asosida sotib olish huquqi beriladi.

Soliq sohasi

Davlat soliq xizmatining faoliyatini “soliqchi-ko‘makchi” tamoyili asosida tashkil etish maqsadida kichik tadbirkorlik sub’yektlari va fermer xo‘jaliklari uchun moliyaviy hisobotni avtomatik tarzda shakllantirib, soliq organlariga yuborish va monitoring olib borish imkonini beruvchi elektron tizim 2021 yil 1 iyunga qadar joriy etiladi.

Belgilansinki, soliq organlari tomonidan mazkur elektron tizimdan foydalanuvchi kichik tadbirkorlik sub’yektlari va fermer xo‘jaliklarining faoliyatida soliq auditi o‘tkazilmaydi.

Bojxona sektori

Bojxona nazorati tartib-taomillarini takomillashtirishda raqamli texnologiyalarni keng joriy etish, davlat bojxona xizmati organlari faoliyati samaradorligini oshirish maqsadida 2021 yil 1 iyuldan boshlab bojxona nazoratini olib borishning quyidagi tartibi belgilanadi:

- toifadan tashqari maqomidagi “Masofaviy elektron deklaratsiyalash bojxona postlari”ni sinov tariqasida bosqichma-bosqich tashkil etiladi;

- bojxona rasmiylashtiruvi jarayonlarini masofaviy boshqarish, inson aralashuvini keskin qisqartiriladi;

- chegaralarda veterinariya va fitosanitariya organlari tomonidan yuk tashuvchilarni ro‘yxatga olish, hujjatlarni tekshirish, ularga ko‘rsatilgan xizmatlar uchun to‘lovlar undirish jarayonini raqamlashtirish, umumiy onlayn nazorat amaliyoti joriy etiladi.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar