Koronavirus inqiroziga qarshi kurashishda pul-kredit siyosati va moliyaviy tartibga solish choralari

Koronavirus inqiroziga qarshi kurashishda pul-kredit siyosati va moliyaviy tartibga solish choralari

Hozirgi kunda koronavirus pandemiyasi COVID-19 jahon hamjamiyati uchun eng katta muammoga aylanib turibdi. Xalqaro valyuta jamg‘armasi (XVJ) pandemiyani urushga qiyoslamoqda va uning “urush” davri kamida bir chorakdan ikki chorakgacha davom etishini prognoz qilmoqda. Jamg‘arma ekspertlarining xulosasiga ko‘ra, koronavirus inqiroziga qarshi kurashish “urush davrida”gi chora-tadbirlarni amalga oshirishni talab etadi.

Shundan kelib chiqib, mamlakatlar koronavirus inqiroziga qarshi innovatsion va noodatiy usullar bilan kurashishmoqda. Ko‘plab mamlakatlar tomonidan virusning tarqalishini cheklash maqsadida o‘quv dargohlari, ko‘ngilochar maskanlar, sport inshootlari yopilib, tugash muddati noma’lum karantin e’lon qilindi. Muhim bo‘lmagan korxona va tashkilotlar faoliyati vaqtincha to‘xtatilib, odamlarning uyda qolishlari talab etilmoqda. Bunday og‘ir sharoitda aholi, iqtisodiyot tarmoqlari va tadbirkorlik vakillarini qo‘llab-quvvatlash doirasida soliq-byudjet va pul-kredit siyosati sohalarida keng qamrovli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Ushbu maqolada O‘zbekistonda va COVID-19 ta’siridan eng katta aziyat chekayotgan G‘arbiy Yevropa mamlakatlarida (Italiya, Ispaniya va Germaniya) hamda O‘zbekistonning asosiy savdo hamkorlari bo‘lgan Rossiya va Qozog‘istonda koronavirus inqiroziga qarshi kurashish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar doirasida pul-kredit siyosati va moliyaviy tartibga solish choralari haqida fikr yuritiladi.

O‘zbekistonda pul-kredit siyosati va moliyaviy tartibga solish choralari

O‘zbekistonda koronavirus inqiroziga qarshi kurashish doirasida aholi va iqtisodiyotni COVID-19 ta’siridan himoya qilish maqsadida Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasi tashkil etildi va mazkur jamg‘armaga 10 trln. so‘m (1 mlrd. AQSh dollaridan ko‘proq yoki YaIMning 1,5 foizi) miqdoridagi mablag‘lar jalb qilinishi e’lon qilindi.

Shuningdek, tezkor va favqulodda vaziyatga o‘z vaqtida javob qaytarish maqsadida bir qator vazirliklar va davlat boshqaruv organlari tomonidan inson hayoti va sog‘lig‘ini iqtisodiy manfaatlardan ustun qo‘ygan holda qat’iy harakatlar amalga oshirilmoqda. Shu jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki o‘z vakolatlari doirasida pul-kredit siyosati va moliyaviy tartibga solish choralari orqali COVID-19 ta’siridan aziyat chekayotgan aholi va xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar hamda tijorat banklariga yordam ko‘rsatmoqda.

Xususan, tijorat banklari tomonidan turistik operatorlarga, mehmonxona biznesi sub’yektlariga, transport-logistika kompaniyalariga va turizm tarmog‘ining boshqa korxonalariga, shuningdek, tashqi savdo operatsiyalariga joriy etilgan cheklovlar tufayli moliyaviy qiyinchiliklarga duch kelgan xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarga ajratilgan kreditlar bo‘yicha umumiy summasi 5 trln. so‘mlik qarzdorliklarni to‘lashni (jarima sanksiyalarini hisoblamagan holda) 2020 yil 1 oktyabrga qadar kechiktirishga ruxsat berildi. Chunki, karantin sharoitida insonlarning harakatlanishiga cheklovlar kiritilishi va ba’zi bir korxonalarning faoliyatini vaqtinchalik to‘xtatilishi tijorat banklariga bosimni kuchaytirmoqda hamda aholi va tadbirkorlik vakillari kredit to‘lovlari bo‘yicha muammolarga uchramoqda.

Bunday qiyin sharoitda XVJning bergan tavsiyalar Markaziy bank tomonidan o‘z vaqtida, maqsadli va kelishilgan holda amalga oshirilayotgan mazkur chora-tadbirlar mamlakatimizning koronavirus inqirozidan katta talofatlarsiz chiqib ketishida muhim ahamiyatga ega ekanligidan dalolat beradi. Zero, XVJ ekspertlari markaziy banklar inqiroz davrida jiddiy, ammo vaqtinchalik zarbalarga uchragan qarz oluvchilar va iqtisodiy sektorlar uchun kredit portfellari bo‘yicha to‘lovlarni qayta rejalashtirishda faol bo‘lishlari uchun tijorat banklari bilan aniq va tushunarli aloqa qilishlari kerakligini tavsiya etishmoqda. Shuningdek, bunday og‘ir vaziyatda regulyatorning vazifasi banklarning kapital va likvidlilik buferlarini hisobga olgan holda iqtisodiyotni kreditlash faoliyatlarini davom ettirishini ta’minlash bo‘lishi lozimligini ta’kidlashmoqda.

Shuning uchun, mamlakatimizda koronavirusga qarshi kurashish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar va iqtisodiy faollikning keskin pasayishi sababli moliyaviy qiyinchiliklarga duch kelgan yuridik shaxslarning kreditlari bo‘yicha 7,9 trln. so‘m miqdoridagi qarzdorlik kechiktirildi va qo‘shimcha 7 trln. so‘m miqdoridagi to‘lovlar restrukturizatsiya qilinishi belgilab olindi.

Jismoniy shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan 2020 yil aprel-sentyabr oylarida so‘ndirilishi lozim bo‘lgan 4,7 trln. so‘m miqdoridagi kreditlar muddati uzaytirildi.

Shuningdek, tijorat banklari tomonidan xususiy tadbirkorlik korxonalariga aylanma mablag‘larni to‘ldirish uchun, shu jumladan, iste’mol bozorini eng zarur tovarlar bilan to‘ldirish uchun qayta tiklanadigan revolver kreditlar ajratila boshlandi.

Shu bilan birga, Markaziy bank tomonidan koronavirus inqirozi davrida tijorat banklari va to‘lov tizimlarining uzluksiz va barqaror faoliyatini ta’minlash maqsadida:

  • tijorat banklariga 2020 yil 1 apreldan boshlab Markaziy bankda depozitga o‘tkazilishi lozim bo‘lgan majburiy zaxiralarning 35 foizini (2020 yil 31 martga qadar 25 foiz) vakillik hisobvaraqlarida saqlab qoldirishga ruxsat berildi; pul-kredit siyosatining mazkur instrumentiga kiritilgan o‘zgartirish yaqin kelajakda tijorat banklarini 2,6 trln. so‘m hajmidagi qo‘shimcha likvidlik bilan ta’minlashga imkon beradi;
  • likvidlilik yetishmovchiligiga duch kelgan tijorat banklariga har oyda umumiy summasi 1 trln. so‘mgacha bo‘lgan miqdorda qisqa muddatli likvidlik taqdim etish va zaruriyatdan kelib chiqib, 3 yil muddatgacha 2 trln. so‘mgacha miqdorda qo‘shicha likvidlik taqdim etishning maxsus mexanizmini joriy etish bo‘yicha choralar ko‘rilmoqda.

G‘arbiy Yevropa davlatlarida pul-kredit siyosati va moliyaviy tartibga solish choralari

Hozirda G‘arbiy Yevropa mamlakatlari, ayniqsa, Italiya, Ispaniya va Germaniya koronavirus pandemiyasi o‘chog‘iga aylandi. Shuning uchun, mazkur davlatlarda inqiroz ta’sirini kamaytirish maqsadida yumshoq pul-kredit va soliq-byudjet siyosatlarini amalga oshirish uchun byudjet qoidalari va cheklovlari to‘xtatilmoqda va byudjet defitsitining oshishiga yo‘l qo‘yilmoqda.

Yevropa Markaziy Banki (ECB) mavjud aktivlarni sotib olish dasturi (APP) bo‘yicha 2020 yil oxirigacha qo‘shimcha 120 mlrd. yevro miqdorida va Pandemik favqulodda sotib olish dasturi (PEPP) bo‘yicha yana qo‘shimcha 750 mlrd. yevro miqdorida aktivlarni sotib olish orqali pul-kredit siyosati tomonidan iqtisodiyotni qo‘llab-quvvatlashga qaror qildi.

Moliyaviy regulyator banklar qiyin vaziyatda qolgan mijozlarini va iqtisodiyotni kengroq qo‘llab-quvvatlashni davom ettirishlari uchun prudensial talablarni yengillashtirmoqda. Xususan, ECB muhim ahamiyatga ega moliya institutlariga the Pillar 2 Guidance (P2G) bilan belgilangan kapital darajasidan (kapitalni saqlash buferi (CCB) va likvidlikni qoplash koeffitsiyentidan (LCR)) pastroq darajada vaqtincha faoliyat olib borishga imkon berdi.

Italiya hukumati tomonidan qabul qilingan asosiy chora-tadbirlar paketi doirasida ba’zi uy-xo‘jaliklari va kichik va o‘rta biznes vakillari uchun kreditlarni to‘lashga, shu jumladan, ipoteka va overdraftlar bo‘yicha qarzlarni qaytarishga moratoriy e’lon qilindi. Kichik va o‘rta biznes sub’yektlariga beriladigan kreditlar bo‘yicha davlat kafolatlari taqdim etilmoqda. Moliya va nomoliya kompaniyalarga soliq to‘lovlarini kechiktirish shaklida imtiyozlar berildi. Shuningdek, davlat taraqqiyot bankiga (Cassa Depositi e Prestiti) 0,5 mlrd. yevro miqdorida davlat kafolati taqdim etildi. Davlat kafolati tijorat banklariga kichik va o‘rta biznesni moliyalashtirish uchun kredit berish va likvidliligini qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltiriladi.

Ispaniya hukumati firmalar va o‘z-o‘zini ish bilan ta’minlagan shaxslar uchun 100 mlrd. yevrogacha bo‘lgan miqdorda davlat kredit kafolatlarini taqdim etdi. Shuningdek, hukumat tomonidan eksportyorlar uchun Ispaniya eksport sug‘urta-kredit kompaniyasi orqali 2 mlrd. yevrogacha davlat kafolatlari hamda maxsus 2017 yil qurg‘oqchilik kredit liniyalaridan foydalangan holda fermerlarga kredit muddatini uzaytirish kafolatlari taqdim etildi. Boshqa chora-tadbirlar qatoriga Instituto de Credito Oficial (ICO) kredit liniyalari uchun qo‘shimcha moliyalashtirish (10 mlrd. yevro), turizm sohasi uchun maxsus kredit liniyasini joriy etish (400 mln. yevro), aholining eng zaif qatlami, shu jumladan uy xo‘jaliklari, o‘z-o‘zini ish bilan ta’minlaganlar va garovga qo‘yilgan ko‘chmas mulklarini ijara bergan mulkdorlar uchun ipoteka to‘lovlarini to‘lashga uch oylik moratoriy berish va boshqalar kiradi.

Germaniyada Yevro hudud miqyosida qabul qilingan choralarga qo‘shimcha ravishda:

1) banklar uchun kontrsiklik kapital buferi 0,25 foizdan nolgacha tushirildi;

2) KfW davlat taraqqiyot banki orqali tijorat banklari bilan hamkorlikda kompaniyalarga 100 mlrd. yevro miqdorida qo‘shimcha qisqa muddatli likvidlik taqdim etildi;

3) zarar ko‘rgan yirik kompaniyalarning aksiyalarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotib olish va ularning kapital mavqeini mustahkamlash uchun 100 mlrd. yevro ajratildi.

Rossiya Federatsiyasida pul-kredit siyosati va moliyaviy tartibga solish choralari

Rossiya Markaziy banki (RMB) asosiy foiz stavkasi yillik 6 foiz darajada o‘zgarishsiz saqlab qolgan bo‘lsada, COVID-19 ta’sir ko‘rsatayotgan sohalarga yordam berish maqsadida banklar uchun moliyaviy tartibga solish talablarini vaqtincha yengillashtirdi va iqtisodiyotning ayrim tarmoqlariga berilgan valyuta kreditlari uchun yanada qulay sharoitlarni joriy etdi.

Shuningdek, RMB tizimli ravishda muhim bo‘lgan kredit tashkilotlari uchun likvidlik qoidalarini yengillashtirish, aholi uchun to‘lov tizimi barqarorligini ta’minlash, onlayn savdo maydonchalarini rivojlantirish va pandemiyadan aziyat chekayotgan chakana qarz oluvchilarni himoya qilish choralarini tasdiqladi. RMB kichik va o‘rta biznesni kreditlash bo‘yicha qayta moliyalash dasturini kengaytirdi va kredit tashkilotlariga 500 mlrd. rubl miqdorida kreditlarni yiliga 4 foiz stavkasi bilan 1 yil muddatga taqdim etdi. Bunda, yuqori kredit reytingiga ega bo‘lgan kredit tashkilotlari tomonidan garovsiz kreditlar taqdim etilishi va bunday reytingga ega bo‘lmagan kredit tashkilotlari tomonidan esa «Korporatsiya «MSP» kafolati bilan kreditlar ajratilishi belgilandi.

Avvalgi qayta moliyalash dasturi bo‘yicha taqdim etilgan 175 mlrd. rubl miqdoridagi kreditlar bo‘yicha foiz stavkasini 6 foizdan 4 foizgacha pasaytirdi hamda qarz oluvchi uchun kreditlar foiz stavkasi 8,5 foizdan oshmasligi kerakligini belgilab qo‘ydi.

Ishbilarmonlik faoliyatining pasayishi sharoitida qiyin hayotiy vaziyatga tushib qolgan jismoniy shaxslar – qarz oluvchilarga kredit to‘lovlarini 6 oygacha kechiktirish orqali kredit ta’tillaridan foydalanish imkoniyati berildi. Rossiya Dumasi 2020 yil 1 aprel kuni tegishli qonun qabul qildi.

Qozog‘istonda pul-kredit siyosati va moliyaviy tartibga solish choralari

2020 yil 10 mart kuni Qozog‘iston Milliy banki (QMB) neft narxining pasayishi bilan tenge almashuv kursiga bosim kuchaygandan so‘ng asosiy foiz stavkasini 9,25 foizdan 12 foizga ko‘tardi va foiz korridorini 1 foizdan 1,5 foizgacha kengaytirdi. Tijorat banklariga QMB va moliyaviy nazorat agentligi tomonidan qarzlarni to‘lashni kechiktirishga va favqulodda vaziyatda zarar ko‘rgan qarzdorlar uchun jarimalar va qo‘shimcha to‘lovlar undirmaslikka ko‘rsatma berildi. Shuningdek, kichik va o‘rta biznes kreditlari bo‘yicha tartibga solish talablari yengillashtirildi. Bunda, tavakkalchilik mezoni (risk weights) milliy valyutada kreditlar uchun 75 foizdan 50 foizga, xorijiy valyutadagi kreditlar uchun 200 foizdan 100 foizga tushirildi. 23 mart kuni hukumat favqulodda holat davomida chakana qarz oluvchilar uchun kreditlarni qaytarishni to‘xtatib turishga buyruq berdi.

Xalilulloh Hamidov

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazining

Yetakchi ilmiy xodimi

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar